Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Buxoro viloyati Olot tumanining bir guruh fuqarolari tomonidan koʻtarilgan masalalarni oʻrganish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Buxoro viloyatining Olot tumanidan kelib tushgan murojaatga koʻra, 1960 — 1980-yillar davomida tegishli idoralar tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida suv xoʻjaligi, suv xoʻjaligi qurilishi tashkilotlari, “Amu-Buxoro” kanali boshqarmalarining injener-texnik xodimlari istiqomat qilishi uchun 600 kvadrat metr maydonida joylashgan uy-joy kottejlari ajratilgan.
Aksariyat xonadon egalari 40 yildan koʻproq qayd etilgan davlat tashkilotlarida ishlab, nafaqaga chiqqan va ushbu uy-joylarda oʻz yaqin qarindoshlari bilan yashab kelmoqdalar.
1991-yildan keyin ushbu uylar xususiylashtirilib, ular uy egalariga berilgan. Bu uy-joylar fuqarolarga berilganda tegishlicha order va qarorlarga asosan egalik huquqi uy-joy egallab turgan maydonga qarab 91 kvadrat metr, 83,8 kvadrat metr, 46 kvadrat metr va hokazo etib belgilangan.
Natijada 2019-yilda soliq qonunchiligiga oʻzgartirishlar kiritilib, uy-joy satxidan ortiqcha yer maydoniga soliq stavkasining uch barobari miqdorida soliq undirilish boshlandi.
Shunga asosan, murojaat qilgan fuqarolar ularga tegishli boʻlgan oʻrtacha 600 kvadrat metrdan iborat boʻlgan yer uchastkalarining kadastr hujjatlarini toʻliq rasmiylashtirishni va shunga oid belgilangan tartibda yer soligʻini toʻlab borish imkoniyatini yaratish toʻgʻrisida murojaat qilishgan.
Ushbu masalani oʻrganish uchun kayd etilgan uy-joylarni ajratishga, ularga hukuqiy maqom berishga oid hujjatlarni, shu jumladan arxiv hujjatlarini, yer va soliq qonunchiligini tahlil qilish talab qilinishini inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Buxoro viloyati Olot tumanining bir guruh fuqarolari tomonidan koʻtarilgan masalalarni oʻrganish boʻyicha ilovaga muvofiq ishchi guruh tuzilsin.
2. Ishchi guruh (Sh. Choʻlliyev) bir oy muddatda:
murojaatda qayd etilgan uy-joylarni ajratishga, ularga huquqiy maqom berishga oid hujjatlarni, shu jumladan arxiv hujjatlarini joyiga chiqib tahlil qilsin;
mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda masalaga oid yer va soliq qonunchiligini oʻrganib chiqsin;
murojaatda koʻtarilgan masalalarning boshqa hududlarda ham dolzarbligi toʻgʻrisida maʼlumotni yigʻish hamda ularning yechimi toʻgʻrisida aniq takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga kiritsin.
3. Buxoro viloyati hokimi, senator B. Zaripov Ishchi guruhi faoliyatiga oid masalalar yuzasidan tegishli hujjatlar taqdim qilinishini va oʻrganishga oid joylardagi mutaxassislar ishtirokini taʼminlasin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senata Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 4-oktabr,
KQ-267-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 4-oktabrdagi KQ-267-IV-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
Buxoro viloyati Olot tumanining bir guruh fuqarolari tomonidan koʻtarilgan masalalarni oʻrganish boʻyicha ishchi guruh
tarkibi
| Choʻlliyev Shuxrat Askarovich | — | Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari |
| Siddiqov Risqul Ergashboyevich | — | Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Boqiyev Farxod Esanovich | — | Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| (lavozimiga kura) | — | adliya vazirining oʻrinbosari (kelishuv asosida) |
| Umarov Fazliddin Karimovich | — | Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori (kelishuv asosida) |
| Kalandarov Davron Narimovich | — | Vazirlar Mahkamasi apparatining Yuridik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi (kelishuv asosida) |
| (lavozimiga kura) | — | Buxoro viloyati Olot tumani Adliya boʻlimi boshligʻi (kelishuv asosida) |
| Turayev Toxir Murodovich | — | Buxoro viloyati Olot tumani, huquqshunos (kelishuv asosida) |