Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
Talaba yoshlarni oʻz ustida muntazam ishlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanishga undash, ularning isteʼdodlarini namoyon etish va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bilimli va iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi:
tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun ikki barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib;
bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir oliy taʼlim muassasasiga 1 tadan etib belgilansin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qaipbergenov hamda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etilsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari davlat oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻtkaziladi va tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladigan talabgorlar tegishli oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirokida aniqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan oʻtkaziladi;
Keyingi tahrirga qarang.
qoʻshma taʼlim dasturi asosida davlat oliy taʼlim muassasasini, respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotining filialini yoki nodavlat oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalar ham davlat oliy taʼlim muassasasi magistraturasiga bakalavriatning taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Keyingi tahrirga qarang.
bir oy muddatda Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxati hamda Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq taʼlim sohalarini inobatga olgan holda tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda bakalavriat bosqichi talabalari uchun nomli davlat stipendiyalarining tanlov yoʻnalishlari roʻyxatini tasdiqlasin;
har yili bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari kvotalari boʻyicha takliflarni oliy taʼlim muassasalari kesimida Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritib borsin;
tizimida oliy taʼlim muassasasi mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy taʼlim muassasalari tomonidan shaffof, adolatli va yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M.M. Karimov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-sentabr,
PF-6309
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-sentabrdagi PF-6309-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PF-555-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Tadqiqotchilik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan va butun oʻqish davrida aʼlo baholarga oʻqigan oxirgi oʻquv yili talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi taʼsis etilsin. Uning soni magistratura mutaxassisliklari boʻyicha jami 22 ta, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha har bir oliy taʼlim muassasasi uchun bittadan etib belgilansin”.
2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo” (koʻpi bilan 25 foizi “yaxshi”) boʻlgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotgan oxirgi ikki kurs (keyingi oʻrinlarda — yuqori kurs) talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari taʼsis etilsin: texnika yoʻnalishlarida — Beruniy, tibbiyot yoʻnalishlarida — Ibn Sino, gumanitar yoʻnalishlarda — Navoiy, tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlarida — Kamoliddin Behzod, tabiiy yoʻnalishlarda — Ulugʻbek, kinematografiya yoʻnalishida — Xudoybergan Devonov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida — Imom al-Buxoriy, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarida — Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov, shuningdek, barcha yoʻnalishlarda — Islom Karimov nomli.
Belgilansinki:
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulugʻbek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinematografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy taʼlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6309/0858-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)