Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini bevosita Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida oʻtashini tizimli ravishda tashkil etish mexanizmini yaratish, shuningdek, xalqaro munosabatlar sohasida yuqori malakali va raqobatdosh kadrlarni tayyorlash, ularning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, ushbu qaror maqsadlari uchun:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari deganda — Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari;
xalqaro munosabatlar deganda — “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro munosabatlar”, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha)”, “Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat)”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar boʻyicha)” hamda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari tushuniladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini (keyingi oʻrinlarda — amaliyot) tashkil etishning bosqichlari;
amaliyotga yuborilayotgan nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularni saralash tartibi;
amaliyot oʻtash jarayoni, talabalarni qabul qiluvchi tashkilotlarning vazifalari;
amaliyot oʻtashni moliyalashtirish, talabalarning xarajatlarini qoplash masalalari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning amaliyoti Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida shartnoma asosida tizimli ravishda oʻtkazilishi hamda amaliyotning tegishli dasturlarga muvofiq tashkil qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari rahbarlari talabalarning amaliyot davridagi faoliyatiga shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin. Bunda ular:
amaliyot dasturiga muvofiq talabalarga zarur shart-sharoitlar yaratadi;
amaliyot natijasiga koʻra, Tashqi ishlar vazirligiga xulosa taqdim etilishini taʼminlaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi milliy reyslarda xorijiy davlatlarga amaliyot oʻtashga yuborilayotgan talabalar uchun Tashqi ishlar vazirligining buyurtmasi asosida borish va qaytish aviachiptalariga yiliga bir marotaba 20 foizli chegirma berilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 31-avgust,
551-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi 551-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashkil etish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichlarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan, umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan talabalarning Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarida (keyingi oʻrinlarda — xorijdagi muassasalar) ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
amaliyot rahbari — talabalarni amaliyot davomida texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirish, amaliy koʻnikma va malakani shakllantirishga koʻmaklashish, amaliyot davrida talaba egallagan koʻnikmalarni baholashga masʼul etib belgilangan qabul qiluvchi tashkilot xodimi;
ishlab chiqarish amaliyoti (keyingi oʻrinlarda — amaliyot) — talabalarda amaliy koʻnikma va malaka hosil qilishni nazarda tutuvchi, nazariy bilimlarni mustahkamlash hamda bevosita ishlab chiqarish sharoitida amalda qoʻllashga qaratilgan taʼlim jarayoni;
qabul qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari;
xalqaro munosabatlar — “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro munosabatlar”, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha)”, “Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat)”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar boʻyicha)” hamda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari.
2-bob. Amaliyotni tashkil etish
3. Amaliyot tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oʻquv rejasiga muvofiq oliy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishiladigan dastur asosida tashkil etiladi.
Amaliyot bir oʻquv yilida bir marta 10 kundan kam boʻlmagan va 30 kundan koʻp boʻlmagan muddatlarda oʻtkaziladi. Qabul qiluvchi tashkilot imkoniyatlaridan kelib chiqib, talaba tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan tuzilgan uch tomonlama shartnomada amaliyotning aniq muddati belgilanadi.
4. Talabaning amaliyotga shaffof va xolisona tanlov asosida saralab olinishi hamda amaliyot dasturining shakllantirilishi talaba tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasining rektori zimmasiga yuklanadi.
5. Amaliyotni tashkil etish uchun taʼlim muassasasining amaliyot rahbari tayinlanadi.
6. Amaliyot ikki bosqichda amalga oshiriladi.
7. Birinchi bosqichda oliy taʼlim muassasasi tomonidan xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan iqtidorli 3-kurs talabalarining roʻyxati tuziladi hamda ularga berilgan tavsiyanomalar bilan birga har yili 1-iyuldan kechikmagan holda, Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.
Saralab olishda talabalardan:
CEFR tizimining kamida S1 darajasiga mos keladigan chet tilini bilish toʻgʻrisidagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi;
umumiy reyting (oʻzlashtirish) koʻrsatkichlari 80 ball va undan yuqori boʻlishi, fanlardan qarzdorligi mavjud boʻlmasligi talab etiladi.
8. Ikkinchi bosqichda oliy taʼlim muassasasi tomonidan taqdim qilingan nomzodlar Tashqi ishlar vazirligida qabul qiluvchi tashkilotning talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.
Taqsimotdan soʻng nomzodlar Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakillaridan tuzilgan komissiya tomonidan 20-iyulgacha suhbatdan oʻtkaziladi. Komissiya tarkibi tashqi ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat jarayonida komissiya aʼzolari tomonidan talabaning hujjatlari (tegishli darajada chet tilini bilish toʻgʻrisidagi sertifikat, oliy taʼlim muassasasining tavsiyanomasi) oʻrganib chiqiladi, shuningdek, talabaning oʻz taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bilimlariga aniqlik kiritiladi.
9. Suhbat natijalari yuzasidan komissiya bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
10. Bayonnomada talabalarning suhbat natijasiga koʻra shakllantirilgan roʻyxati tasdiqlanadi va saralash koʻrsatkichlari boʻyicha eng yuqori oʻrinlarni egallagan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amaliyot oʻtaladigan davlatga borib kelishda aviachiptalarga 20 foizli chegirma berish masalasini koʻrib chiqish uchun “Uzbekistan Airways” AJga yuboriladi.
11. Qabul qiluvchi tashkilotda amaliyotni oʻtashga tavsiya etilgan talabalar dastlab, Tashqi ishlar vazirligining mintaqaviy va funksional boshqarmalarida qisqa muddatli (uch kundan besh kunga qadar) amaliyot oʻtaydilar.
Mazkur amaliyot jarayonida vazirlikning tegishli boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan talabaga u taqsimlangan xorijiy davlatning tashqi siyosati va qonunchiligiga oid umumiy maʼlumotlar beriladi.
3-bob. Ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash jarayoni
12. Qabul qiluvchi tashkilotdagi amaliyot rahbari talabaning amaliyot dasturi ijrosini taʼminlaydi va tashkilotning ichki tartib qoidalari, ishlash rejimining xususiyatlari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib boradi.
13. Amaliyotning samarali tashkil etilishiga qabul qiluvchi tashkilot rahbari shaxsan masʼul hisoblanadi.
Qabul qiluvchi tashkilot rahbariga quyidagi vazifalar yuklanadi:
amaliyot dasturiga muvofiq talabalarga zarur shart-sharoitlarni (amaliyot oʻtash uchun joy ajratish, barcha xavfsizlik qoidalari talablariga javob beradigan turar joy yoki mehmonxonaga joylashtirilishiga koʻmak berish) yaratish;
talabalarga maxsus adabiyotlar va hujjatlardan foydalanish imkoniyatini berish;
vakolatxonaning ichki mehnat intizomini buzgan talaba haqida Tashqi ishlar vazirligi orqali oliy taʼlim muassasasi rektoriga xabar qilish;
amaliyot yakuni yuzasidan Tashqi ishlar vazirligiga xulosa taqdim qilish.
4-bob. Ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilishni moliyalashtirish
14. Talabaning amaliyotni oʻtash uchun yoʻl xarajatlari, turar joy, kundalik va boshqa xarajatlari quyidagi tartibga binoan qoplanadi:
talabaning oʻz hisobidan yoki homiylar xayriyalari hisobidan;
Oldingi tahrirga qarang.
amaliyot oʻtashga yuboriladigan talabalar roʻyxatida eng yuqori oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ega, shu jumladan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga talabalarning ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan xarajatlari tegishli oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan.
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
15. Amaliyotni oʻtash davrida talabaning belgilangan tartibda stipendiya olish huquqi saqlab qolinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
17. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2021-y., 09/21/551/0841-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)