Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini, shuningdek xorijiy hamda mahalliy investorlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash maqsadida:
1. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 2021-yil 1-oktabrdan boshlab investorning qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan, uning oʻz mablagʻlari ulushi 25 foizdan kam boʻlmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalari) zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash ishlari boʻyicha:
Keyingi tahrirga qarang.
a) moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:
kirish avtomobil yoʻllari, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarining 90 foizi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablagʻlari, 10 foizi boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari;
elektr energiyasi va gaz tarmogʻini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — respublika budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminotchi korxonalarga 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan budjet ssudasi mablagʻlari;
aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — taʼminotchi korxonalar va tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari;
b) quyidagilar:
ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;
kirish avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzuridagi “Mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi, Toshkent shahrida Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi;
elektr energiyasi bilan taʼminlash ishlari boʻyicha — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari;
tabiiy gaz yetkazib berish ishlari boʻyicha — “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJning hududiy filiallari;
aloqa tarmoqlarini yetkazib berish ishlari boʻyicha — “Oʻzbektelekom” AK va uning hududiy tashkilotlari buyurtmachi etib belgilanadi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida:
Keyingi tahrirga qarang.
budjet ssudasi mablagʻlari elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJlarga, tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJlarga ajratiladi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yoʻllarini rivojlantirish jamgʻarmalari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, mazkur qaror texnik-iqtisodiy asoslariga koʻra investorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish oʻzini oqlamaydigan investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) Energetika vazirligi (A.S. Sultanov), Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Sh.S. Hidoyatov) va Transport vazirligi (I.R. Maxkamov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun zarur boʻlgan qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalarining dastlabki manzilli roʻyxatini hamda tegishli hisob-kitoblarni shakllantirib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun budjet mablagʻlarini oʻz vaqtida ajratish boʻyicha moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda ajratilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻzlashtirish va zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun energetika vaziri A.S. Sultanov, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Hidoyatov va transport vaziri I.R. Maxkamov shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi xorijiy va mahalliy investorlarning qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin:
investitsiya loyihasini amalga oshirayotgan talabgorlar tomonidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun murojaat qilish tartibi;
investitsiya loyihalarining qiymati va infratuzilma bilan taʼminlash uchun zarur xarajatlarning mutanosibligini ekspertiza qilish tartibi;
investitsiya loyihasi joylashtiriladigan maydonning markazlashgan tarmoqlarga ulanishi uchun optimal hududda joylashganligi hamda tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlanishi iqtisodiy-moliyaviy samaradorligini baholash mezonlari;
investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarning xulosa berish tartibi va muddatlari;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlab berilganidan soʻng investitsiya loyihasining amalga oshirilishini monitoring qilish tartibi.
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yildan boshlab, har yili Davlat budjetining asosiy parametrlarini shakllantirishda qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash ishlari uchun Davlat budjeti mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilishini koʻzda tutsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Hisob palatasi (B. Turabov) xorijiy va mahalliy investorlarning qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan investitsiya loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.Oʻ. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-avgust,
PQ-5233-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2021-y., 07/21/5233/0822-son; 10.06.2022-y., 06/22/152/0507-son; 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)