Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi (bundan buyon matnda — Qoʻmita deb yuritiladi) tomonidan 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarmida (bundan buyon matnda — hisobot davrida deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi, Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalari hamda 2020-yil 20-yanvardagi Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi maʼruzasida koʻrsatilgan vazifalar yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xalqaro munosabatlar yoʻnalishida hisobot davrida Qoʻmita tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida va ekspertlarni jalb qilgan holda jami 5 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqilgan.
Nazorat-tahlil doirasida 10 ta tadbir oʻtkazilgan. Xususan, Tashqi ishlar vazirining axborotlari 3-marta, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktori va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axborotlari 1-martadan, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari 4-marta (jami 23 nafar elchining hisobotlari) eshitilgan. Mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida 1 ta parlament soʻrovi yuborilgan.
Yetakchi ekspertlar bilan birgalikda Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi oʻrganib chiqilib, yakuni boʻyicha Senat tomonidan Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki qoʻllab-quvvatlandi.
Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targʻib qilish chora-tadbirlari rejasi, Oliy Majlisning YEXHT PA, PI, MDH PA, TurkPA bilan hamkorligini rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan va Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarorlari bilan qabul qilingan.
Koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, oʻtgan bir yarim yilda Senatning parlamentlararo faoliyatida oʻsish kuzatildi. Xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik boʻyicha guruhlar soni deyarli ikki marotaba ortib, bugungi kunda 49 taga yetdi. Oʻzaro hamkorlik sohalari sezilarli darajada kengaydi. Hozirgi kunda oʻzaro manfaatlar doirasiga gender tenglik, mintaqalararo hamkorlik, muqaddas Islom gʻoyalarini targʻib qilish, haj va yoshlar turizmi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham kiritildi.
Shu bilan birga, xalqaro va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarida hozirda koʻplab foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjud. Xususan:
oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish uchun xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilish guruhlarining salohiyatidan yetarlicha samarali foydalanilmaydi. Ispaniya, Polsha, Ruminiya, Chexiya va Pokiston bilan hamkorlik guruhlari ishini faollashtirish lozim;
xorijiy mamlakatlardagi mehnat muhojirlari uchun qoʻshimcha kafolatlar va imkoniyatlar yaratish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan yanada samarali foydalanish zarur;
Oʻzbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash boʻyicha xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ishlarni tizimlashtirish talab etiladi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar yoʻnalishida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida hamda ekspertlarni jalb qilgan holda 2 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat majlisi muhokamasiga olib chiqilgan. 8 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilgan, xususan, 3-marta investitsiyalar va tashqi savdo vazirining axboroti, jumladan, Turkiya, Yaponiya, Fransiya va Germaniyaga amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha imzolangan yoʻl xaritalari ijrosining holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitilgan.
Bundan tashqari amaldagi 4 ta qonunning ijrosi hamda ular boʻyicha qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi holati yuzasidan monitoring oʻtkazilgan. Mamlakatimizdagi maxsus iqtisodiy zonalarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan 1 ta parlament soʻrovi tayyorlangan.
Mazkur parlament soʻrovi natijasida maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mazkur tavsiyalar keyinchalik sohani rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-martdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 133-sonli qarorida oʻz aksini topdi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar sohasida quyidagi masalalar dolzarbligicha qolmoqda:
investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik hujjatlarining tez-tez oʻzgarib turishi;
mahalliy hokimiyat organlarining xorijiy investorlar, eksport qiluvchilar bilan ishlash, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalarni samarali qoʻllash borasidagi xabardorligi hamda malakasini oshirish;
investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish, mahalliy turistik mahsulotlarni faol ilgari surish hamda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash masalalarida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining salohiyatini oshirish, shuningdek, ushbu sohalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hokim oʻrinbosarlarining muntazam ravishda hisobotlarini eshitib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.
Turizm sohasida 3 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilgan, xususan, turizm va sport vazirining axboroti eshitilgan va Vazirlar Mahkamasiga “Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati toʻgʻrisida”gi parlament soʻrovi tayyorlangan.
Shu bilan birga, pandemiyadan keyin turizm sohasini tiklash va rivojlantirish, sohada qulay shart-sharoitlarni yaratish, qabul qilingan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash masalalarida parlament nazoratini kuchaytirish, shuningdek, milliy turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish boʻyicha ishlarni tizimlashtirish talab etiladi.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sohasida keng koʻlamli ishlar olib borildi. Xususan hisobot davrida fuqarolardan Senatga kelib tushgan 500 dan ziyod murojaatlar Qoʻmita tomonidan bevosita koʻrib chiqilgan. Joylardagi senatorlar tomonidan 35 mingga yaqin murojaat koʻrib chiqilib, ularning 20 mingdan koʻprogʻi ijobiy hal etilgan.
Bundan tashqari, Qoʻmitaning barcha aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 18 223 ta yozma murojaat koʻrib chiqilgan va 16 951 ta sayyor, 5 819 ta shaxsiy qabullar tashkil etilgan. Qoʻmita aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilgan murojaatlardan 20 mingga yaqini ijobiy hal qilindi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ularning yechimi yuzasidan zarur choralarni koʻrish maqsadida 855 marotaba oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Senat tomonidan maʼqulangan qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 4100 ga yaqin materiallar eʼlon qilingan.
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining raisi R. Alimovning Qoʻmitaning 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga har yilgi Murojaatnomalarida, shuningdek, Tashqi siyosat konsepsiyasi va Parlament diplomatiyasi konsepsiyasida bayon etilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda Qoʻmita faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etilsin.
3. Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi (R. Alimov):
milliy manfaatlarning hududlar ehtiyoji bilan mustahkam bogʻliqligini taʼminlagan holda qonunlarni koʻrib chiqish jarayonini sifat jihatdan yaxshilanishini taʼminlasin;
xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, chet el parlament aʼzolari bilan dolzarb mintaqaviy va global masalalar boʻyicha muloqotni yanada faollashtirsin;
ikki tomonlama asosdagi yangi parlamentlararo aloqalarni oʻrnatish, amaldagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik guruhlari va komissiyalari doirasida olib borilayotgan ishlar natijadorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;
Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib oʻtadigan Prezident saylovlari davomida xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan xalqaro parlament tashkilotlari va xorijiy parlamentlar aʼzolari bilan ishlash boʻyicha tasdiqlangan rejalarning (tegishli qismini) tizimli va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuqori darajadagi tadbirlarda ilgari surilgan tashabbuslarini targʻib qilishda parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanishni taʼminlasin;
parlament nazorati sohasida rivojlangan demokratik davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratsin;
vazirliklar va idoralar axborotlarini eshitish doirasida Qoʻmita qarorlarida idoralararo muvofiqlashtirish sifatini oshirishga qaratilgan qoidalarni kiritsin;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish holati ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotni joriy yil 1-dekabrga qadar Senat rahbariyatiga kiritsin.
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
xalqaro parlament tashkilotlar (YEXHT PA, PI, MDH PA va TurkPA) doirasida kelgusida olib boriladigan hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish boʻyicha istiqbolli takliflarni tizimli ravishda ishlab chiqsin va tasdiqlangan rejalar ijrosini taʼminlasin;
Oʻzbekistonda roʻy berayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, parlamentning jamiyat hayotidagi roli ortib borayotgani haqida xorijiy hamkorlarni xabardor qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirsin;
mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va faollashtirish masalasini oʻrganib chiqsin;
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport va turizmni rivojlantirishni ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tegishli hokim oʻrinbosarlari axboroti eshituvini tashkil etish mexanizmini ishlab chiqsin va maslahat-uslubiy yordam koʻrsatsin;
xorijiy investorlar bilan ishlash usullari, investorlar va eksport qiluvchilar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar hamda preferensiyalarni samarali qoʻllash boʻyicha mahalliy davlat organlari xodimlari malakasini va xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar muntazam ravishda amalga oshirilishini taʼminlasin;
Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda:
turizm sohasini tezroq tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni oʻrnatsin;
milliy turistik mahsulotlarni, jumladan startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali diversifikatsiya qilish masalasini koʻrib chiqsin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik boʻyicha guruhlarning uchrashuvlari doirasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazsin.
4. Qoʻmita aʼzolari A. Tuychiyev, Sh. Ayupov, A. Dobrix va B. Zaripovga parlament nazorati mexanizmlaridan foydalanish, shu jumladan, senator soʻrovlarini hamda murojaatlarini yuborish, qonunchilik hujjatlari ijrosi holati va aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan Qoʻmita majlislari, parlament eshituvlari oʻtkazishni yanada kuchaytirish;
Qoʻmita aʼzolari D. Orziyeva, U. Sharipov va I. Sultonovga joylarda Senat aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida aholining xabardorligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 31-iyul,
SQ-362-IV