Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ishbilarmon doiralar vakillari va turistik guruhlar uchun viza jarayonlarini soddalashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga intilib,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga muvofiq,
savdo, iqtisodiyot, investitsiya va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻzarolik shartlarida hamda oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, Tomonlar davlatlarining ishbilarmon doiralari vakillari va turistik guruhlari uchun vizalar berishning soddalashtirilgan jarayonini joriy etadilar.
2-modda
Mazkur Bitim maqsadlarida quyidagi atamalardan foydalaniladi:
“Ishbilarmon doiralar vakillari” — bir Tomon davlati hududida investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolari;
“Turistik guruh” — 5 (besh) yoki undan ortiq kishi boʻlib sayohat qiluvchi va bir vaqtning oʻzida bir Tomon davlati hududiga turizm maqsadda kiruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolari.
“Vakolatli organlar” — mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Tomonlarning davlat organlari.
3-modda
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari, Tomonlar davlatlari qonunlarida talab qilingan tegishli hujjatlarni qabul qilinganidan soʻng, ularni 3 (uch) ish kunida (hujjat qabul qilingan kundan tashqari) koʻrib chiqadilar va maʼqullagan taqdirda, viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradilar.
Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari viza berish tasdiqnomasiga asosan quyidagilarni rasmiylashtiradilar:
bir Tomon davlatiga tadbirkorlik maqsadida tashrif buyuruvchi boshqa Tomon davlatining tadbirkor doiralari vakillari uchun 6 (olti) oygacha amal qiladigan koʻp martalik viza;
bir Tomon davlatiga turistlar guruhlari tarkibida, turist sifatida tashrif buyuruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolariga 30 (oʻttiz) kungacha turistik viza;
Istisno hollarda, qoʻshimcha koʻrib chiqish talab etilsa, vizani rasmiylashtirish 10 (oʻn) kundan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
4-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;
Pokiston Islom Respublikasi nomidan — Pokiston Islom Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.
Basharti mazkur vakolatli organlarning rasmiy nomi va funksiyalari oʻzgartirilsa, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birini oʻz vaqtida xabardor qiladilar.
5-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning bir Tomon davlati hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan boshqa Tomon davlati fuqarolarining kirishini taqiqlash yoki oʻz hududida boʻlishini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
6-modda
Mazkur Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan Tomonlar davlatlari fuqarolari boshqa Tomon davlatining milliy qonunchiligi va qoidalarini, shu jumladan chet el fuqarolarining kirish, chiqish va boʻlish jarayonlarini hurmat qilishlari va ularga rioya qilishlari shart.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitimni milliy xavfsizlik, jamoat tartibi va aholi salomatligi sabablariga koʻra vaqtincha, qisman yoki toʻliq toʻxtatib qoʻyish huquqini saqlab qoladilar.
Bunday choralarni koʻruvchi Tomon imkon qadar tezroq, ammo kamida 24 (yigirma toʻrt) soat oldin, diplomatik kanallar orqali ushbu choralarning koʻrilishi hamda tegishlicha uning bekor qilinishi toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va mazkur Bitimning 11-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni ikki tomonlama muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
11-modda
Mazkur Bitim u imzolangan sanadan 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi va bir Tomon mazkur Bitimni bekor qilish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning rasmiy xabarnomasini olgan kundan boshlab 90 (toʻqson) kunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2021-yil 15-iyulda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ingliz tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)