Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlarni davom ettirish hamda moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash xarajatlarini budjet mablagʻlari hisobidan qoplash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6260-son Farmonida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2021-yilning avgust oyida aholining quyidagi qatlamlariga 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam (keyingi oʻrinlarda — bir martalik moddiy yordam) koʻrsatilsin:
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga toʻlmagan farzandlariga;
nogironligi boʻlgan 18 yoshga toʻlmagan bolalarga.
2. Mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlariga bir martalik moddiy yordam pullarini toʻlash xarajatlari — respublika budjeti mablagʻlari;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va boshqa organlardan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga toʻlmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi boʻlgan 18 yoshga toʻlmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarini toʻlash xarajatlari — budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda vazirlik va idoralarga ajratilgan budjet mablagʻlari.
3. Quyidagilar bir martalik moddiy yordamning ushbu qarorga muvofiq maqsadli va manzilli yetkazilishini taʼminlash yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari rahbarlari — “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari sonidan kelib chiqib, toʻlov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari orqali ularga moddiy yordam pullarining joriy yil 25-avgustga qadar manzilli yetkazilishini taʼminlash va nazorat qilish boʻyicha;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, sud hokimiyatining oliy organlaridan — tegishliligi boʻyicha boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi oluvchi oilalarning 18 yoshga toʻlmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi boʻlgan 18 yoshga toʻlmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) toʻlash uchun belgilangan muddatlarda va manzilli yetkazilishini tashkil etish boʻyicha;
Moliya vazirligi — zarur mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan oʻz vaqtida ajratilishi boʻyicha.
4. Moliya vazirligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-oktabrga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-iyul,
PQ-5204-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2021-y., 07/21/5204/0732-son)