Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar yuzasidan parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2021-yilning 15-sentabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi (O. Iminov) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2021-yil 1-oktabrgacha Oliy Majlis Senatining Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyun,
SQ-328-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 25-iyundagi SQ-328-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar yuzasidan)
Mamlakatimizda aholi orasida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Unda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi vakolatlari belgilab berilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4592-sonli qarori qabul qilingan.
Bundan tashqari, Hukumat tomonidan bir qator dastur, chora-tadbirlar hamda “yoʻl xaritalari” tasdiqlangan.
Sogʻliqni saqlash tizimidagi qon quyish xizmati Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy ishlab-chiqarish korxonasi, 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish stansiyasi va 12 ta viloyatlar qon quyish stansiyasi muassasalari hamda 196 ta qon quyish boʻlimidan (qon bankidan) iborat.
2020-yilda respublika boʻyicha qon xizmati muassasalarining donor qoni tayyorlash faoliyati doirasida 199 735-marta qon (plazma) topshirish roʻyxatga olinib, 95 560,52 litr sof qon tayyorlangan.
Gematologik kasalliklarning keng qamrovli va shaffof onlayn reyestri joriy qilingan.
Qilingan amaliy saʼy-harakatlar natijasida oxirgi 10 yilda respublikada donorlar va donatsiyalar soni ortib, birgina 2020-yilda donorlik aksiyalarida 9 088 fuqaro begʻaraz qon topshirgan.
Olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda sohada qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan qator vazifalar bajarilmay qolmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga koʻra mamlakatni qon va uning komponentlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash uchun aholining 1 foizi yoki har 1000 nafar aholining oʻrtacha 10 nafari donor boʻlib qon topshirishi kerak. Ushbu koʻrsatkich rivojlangan mamlakatlarda har 1000 nafar aholiga 39 nafarni, oʻrta rivojlangan mamlakatlarda 12,6 nafarni tashkil qilayotgan bir paytda, Oʻzbekistonda 2020-yilda har 1000 nafar aholiga 5,8 nafarni (2016-yilda 1000 nafarga 4 nafar, 0,40 foiz boʻlgan) tashkil etib, bu aholi soniga nisbatan bor-yoʻgʻi 0,58 foizni tashkil etadi, xolos.
Bugungi kunda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan pandemiya sharoitida mamlakatimizda qon ishlab chiqish, qon zaxirasini shakllantirish amaliyoti talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagani, shu bilan birga, sogʻliqni saqlash tizimi mazkur yoʻnalishda jarayonlarga tayyor emasligini koʻrsatdi.
Eng past koʻrsatkichlar Toshkent viloyatida har 1000 aholiga 1,9 nafarni (respublika koʻrsatkichiga nisbatan 32 foizni), Namangan viloyatida 2,9 nafarni (respublika koʻrsatkichiga nisbatan 50 foizni), Qashqadaryo viloyatida 3,4 nafarni (respublika koʻrsatkichiga nisbatan 58 foizni), Jizzax viloyatida 3,5 nafarni (respublika koʻrsatkichiga nisbatan 60 foizni), Andijon viloyatida 3,7 nafarni (respublika koʻrsatkichiga nisbatan 63 foizni) tashkil etadi.
Qon quyish muassasalari mutaxassislar bilan toʻliq taʼminlanmagan. Respublika boʻyicha shifokorlar shtat birliklari bandligi 89,8 foiz boʻlib, ushbu koʻrsatkich Toshkent viloyatida 28,6 foizni, Namangan viloyatida 77 foizni, Jizzax viloyatida 80 foizni va Fargʻona viloyatida 83,3 foizni tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi PQ-4592-sonli qarorida 2020-yil 1-sentabrga qadar respublika qon quyish markazi uchun yangi bino qurish va mavjud binolarni rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish belgilangan boʻlsa-da, hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan.
Respublika qon quyish muassasalari Koʻchma donorlik komplekslari bilan taʼminlanmagan va bu oʻz oʻrnida donor qonini uyushgan jamoalarga borib olish imkoniyatini cheklamoqda. Mobil brigadalar faoliyat koʻrsatishi uchun maxsus avtomobillar (avtobus) yetishmaydi, mavjud avtomobillar maʼnan eskirgan.
Hududlardagi qon quyish muassasalari (Toshkent shahri va Andijon viloyatlaridan tashqari) zamonaviy PSR-qon tahlilini oʻtkazish uskunasi bilan taʼminlanmagan. Mazkur qon tahlili uskunasi orqali OIV, gepatit V, S infeksiyasini aniqlash koʻrsatkichi oshishi natijasida qon quyish orqali ushbu kasalliklar yuqishining oldi olinishi inobatga olinsa, qator viloyatlarda ushbu sohada kamchiliklar mavjud.
Respublika hududlarida mobil brigadalar tomonidan tayyorlanayotgan qonning 50 foizdan ortigʻi bemorning qarindoshlari va ular yollagan insonlardan olinmoqda. Bu esa tayyorlanayotgan qonning asosiy qismi bemorlarga quyish uchun tayyorlanayotgani, zaxira qilish imkoni yoʻqligini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekistonda tayyorlanayotgan qonning faqatgina 30 — 35 foizi mobil guruhlar yordamida olinib, donor — koʻproq qon markaziga borishga majbur.
Maʼlumot uchun: xorijiy mamlakatlarda tayyorlanayotgan qonning 60 — 85 foizi, ayrim davlatlarda esa tayyorlanayotgan qonning 90 foizi mobil guruhlar yordamida amalga oshiriladi.
Respublika miqyosida 2020-yilda qonni mobil guruhlar yordamida olish jami qonning 35,6 foizini tashkil etgan boʻlsa, Andijon (17,8%), Fargʻona (16,1%), Sirdaryo (6,2%) va Xorazm (0,2%) viloyatlarida mobil guruhlar yordamida qon olish koʻrsatkichlari past darajada.
Qon quyish stansiyalarida donor qonini toʻplash va qayta ishlash uchun gemokonteynerlar yetishmasligi sababli qon zaxirasini koʻpaytirish imkoni yoʻq.
Mutaxassislarning fikricha, gemokonteynerlarning tanqisligi boʻlmasa qon tayyorlash hajmini 10 — 20 foizga oshirish mumkin, yaʼni, gemokonteynerlarning xaridi choʻzilishi, taʼminotdagi uzilishlar, taqchillik qon muassasalaridagi zaxira qon mahsulotlarini “iqtisod qilib, ehtiyotlab” ishlatishiga, juda zarur boʻlganda yollanma donorlardan qon olib tayyorlanishiga majbur boʻlinmoqda.
Respublikadagi qon quyish muassasalarida donorlar va qon komponentlari zaxirasi haqidagi maʼlumotlarni jamlovchi “Qon xizmatining avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron dasturi ishlamayapti. Natijada hududlardagi qon zaxirasi va ularning ehtiyoji, donorlar haqidagi maʼlumotlarning toʻgʻri kiritilishi haqida axborotlarni tezkor olish imkoni yoʻq.
Qon quyish muassasalaridagi 2009-2010-yillarda qoʻshma loyihalar asosida jihozlangan tibbiy buyumlar maʼnan eskirganligi sababli qon zaxirasini yaratishda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
Qon quyish markazlarida qon komponentlarini tayyorlovchi asbob-uskunalarni muntazam ravishda koʻrikdan oʻtkazib, ularni taʼmirlash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmagan. Aksariyat hollarda bunday mutaxassislar uzoq qidiruvlar orqali xorijdan chaqirilmoqda. Natijada juda qimmat turadigan maxsus apparat va uskunalar oddiy ehtiyot qismlarini almashtirish yoki kichik texnik koʻrikdan oʻtkazish zarurati tufayli yillar davomida ishlatilmayapti.
Qon quyish stansiyalarining shtat jadvali 1997-yilda tasdiqlangan shtat meʼyorlariga asosan ularda tayyorlangan qon miqdoriga qarab belgilanadi (I, II, III, IV toifa). Ayrim qon quyish stansiyalarida IV toifada koʻrsatilgan qon hajmidan ortiq miqdorda qon tayyorlanayotgan boʻlsa-da, III yoki II toifaga oʻtkazilmagan. Ushbu muassasalarga qoʻshimcha shtat birliklari ajratilmagan.
Xususan, Xorazm viloyati qon quyish stansiyasida 2017 — 2019-yillarda III toifaga, 2020-yilda II toifaga mos ravishda qon xizmati koʻrsatilgan boʻlsa-da, mazkur stansiya IV toifada faoliyat yuritmoqda. Natijada qon xizmati xodimlari uch yildan buyon ortiqcha yuklama bilan ishlashiga toʻgʻri kelmoqda.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish chogʻida donor bepul ovqat bilan taʼminlanish huquqiga ega boʻlib, 2019-yil 1-avgustda tasdiqlangan donorlarni ovqatlantirishga sarflanadigan mablagʻ miqdori oʻrtacha 10 000 soʻm qilib belgilangan. Xar bir donorni ovqatlantirish uchun ajratilayotgan mablagʻ esa bor-yoʻgʻi oʻrtacha 5 300 soʻmni tashkil etmoqda.
Begʻaraz va faxriy donorlikni targʻib qilish maqsadida donorlarga ijtimoiy imtiyozlar berish yoʻlga qoʻyilmagan.
Maʼlumot uchun: xorijiy davlatlarda begʻaraz va faxriy donorlarga qator ijtimoiy imtiyozlar mavjud, jumladan, Belarus Respublikasida donorlar uchun navbatsiz tibbiy xizmat koʻrsatish, nafaqasiga qoʻshimcha ustama berish, uy-joy kommunal xizmatlari uchun toʻlovda imtiyozlar berish, Ozarbayjon va Qirgʻiziston Respublikalarida jamoat transportidan bepul foydalanish, Rossiya Federatsiyasi va Qirgʻiziston Respublikasida bir yilda bir martalik nafaqa berish kabi imtiyozlar belgilangan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi muassasalarida, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari muassasalari hamda oʻquv yurtlarida, Oʻzbekiston yoshlar agentligida begʻaraz donorlikni targʻib qilish boʻyicha faollar (volontyorlar) harakati sust tashkil qilingan.
Maʼlumot uchun: butun dunyoda donorlik targʻibotining asosiy qismi volontyorlarga toʻgʻri keladi. Biroq mamlakatimizda, xususan, viloyatlarda donorlikni targʻib qilishda, donorlik aksiyalarini oʻtkazishda koʻngilli guruhlar — volontyor harakatlarini oʻtkazishga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.
OAVda qon donorligining ahamiyati boʻyicha koʻrsatuvlar tashkil etish, donorlik aksiyalarini keng targʻib etishga eʼtibor qaratilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasi hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish;
2. Mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasida davlat siyosatini takomillashtirish maqsadida qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqish;
3. Qon quyish muassasalari uchun “Gematologiya va transfuziologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistratura va klinik ordinaturada (rezidentura) davlat grantlari asosida kadrlar tayyorlash;
4. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligidan xavfsiz va samarali foydalanish maqsadida zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, bunda donor qonini gemotransmissiv infeksiyalarga (OIV, gepatit V, S) qarshi zamonaviy usullarda (PSR apparati orqali) tekshirishni yoʻlga qoʻyish;
5. Qon xizmati muassasalarini zamonaviy jihozlar (gemotsitoferez, plazmaferez, immunogematologik analizator, IFA-analizator v.b.) bilan qayta jihozlash uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratish;
6. Qon quyish muassasalarida gemokonlar (bir martalik tizimlar va konteynerlar yoki qon yigʻish paketlari), qon saqlash va transportirovka anjomlari bilan taʼminlash, ularning miqdori, sifat koʻrsatkichlarini nazorat qilish;
7. Qon quyish muassasalari moddiy-texnik holatini yaxshilash, sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish, donorlar va qon zaxirasi haqidagi maʼlumotlar almashinuvi uchun raqamlashtirishni yoʻlga qoʻyish;
8. Respublika hududlarida mobil brigadalar tomonidan qon zaxirasini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratish, qon quyish muassasalarini koʻchma donorlik komplekslari bilan taʼminlash;
9. Qon quyish markazlarida qon komponentlarini tayyorlovchi asbob-uskunalarni muntazam ravishda koʻrikdan oʻtkazib, ularni taʼmirlovchi mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
10. Koʻngilli va begʻaraz donorlikni targʻib qilish boʻyicha faollar (volontyorlar) harakatini rivojlantirish;
11. Aholi orasida donorlikni rivojlantirish, donorlik aksiyalarini tashkil etishni kuchaytirish;
12. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish maqsadida donorlar va qon xizmati xodimlari uchun ijtimoiy imtiyozlar belgilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinib, yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi maʼlum qilinadi.