Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIDA, CHEGARA VA ICHKI QOʻSHINLARIDA SHAXSIY TARKIB BILAN ISHLASH BOʻYICHA ORGANLAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, chegara va ichki qoʻshinlarida shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 30-dekabr,
599-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, chegara va ichki qoʻshinlarida shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlarning tuzilmasi va vazifalarini belgilab beradi.
2. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, chegara va ichki qoʻshinlarida harbiy intizomni mustahkamlash va tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi 445-son qaroriga va qoʻshinlarning tashkiliy-shtat tuzilmasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, chegara va ichki qoʻshinlarida tashkil etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, chegara va ichki qoʻshinlarida —shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha boshqarma (boʻlim);
korpuslar, diviziyalar, brigadalar, harbiy-oʻquv yurtlarida, mudofaa ishlari boshqarmalarida — shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha boʻlimlar;
polklar va ularga tenglashtirilgan qismlarda — shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha boʻlim (apparat).
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlarning tashkiliy-shtat tuzilmasi, ularning soni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, Ichki ishlar vaziri va Davlat xavfsizlik xizmati Raisi tomonidan ular hal etadigan vazifalarning xarakteri va xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar harbiy boshqaruv organlarining tarkibiy qismi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Prezident farmonlariga, Oliy Kengash va Hukumat qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ aktlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, Ichki ishlar vaziri va Davlat xavfsizlik xizmati Raisining buyruqlari va koʻrsatmalariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
4. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar tegishli komandirlarga (boshliqlarga) boʻysunadilar va harbiy intizomning ahvoli, tarbiyaviy ishlarning tashkil etilishi, shaxsiy tarkibning maʼnaviy-ruhiy holati, shuningdek, harbiy xizmatchilarni, ularning oila aʼzolarini, ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy huquqiy himoya qilish uchun javob beradilar.
5. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar faoliyatiga rahbarlik qilish shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha komandirlar (boshliqlar)ning oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.
II. SHAXSIY TARKIB BILAN ISHLASH BOʻYICHA ORGANLARNING VAZIFALARI
1. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha organlar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
shaxsiy tarkibda Oʻzbekiston Respublikasiga, oʻz xalqiga, Vatanga qasamyodga va harbiy burchga sadoqatni, yuksak jangovar va maʼnaviy-ruhiy fazilatlarni, shuningdek, oʻz Vatani tarixi va anʼanalariga chuqur hurmatni shakllantirish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
harbiy xizmatchilarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va Hukumati qarorlarini, komandirlar va boshliqlarning buyruqlarini soʻzsiz bajarish ruhida tarbiyalash;
harbiy intizomni yuqori darajada saqlash, uni mustahkamlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish, shaxsiy tarkib oʻrtasida huquqbuzarlikning oldini olish, harbiy xizmatning xatarsiz boʻlishi uchun zarur sharoit yaratish, halok boʻlish va jarohatlanish hollarining oldini olish;
boshqa harbiy boshqaruv organlari bilan birgalikda mudofaa va harbiy qurilish sohasida davlat siyosatini oʻtkazish, qoʻshinlar tomonidan jangovar va safarbarlik tayyorgarligi, jangovar navbatchilik (jangovar xizmat) tayyorgarligi, tezkor va jangovar tayyorgarlik vazifalari bajarilishini taʼminlash;
shaxsiy tarkibni vatanparvarlik va internatsionalizm xalqlar doʻstligi, Oʻzbekiston xalqlari urf-odatlarini hurmat qilish, yuksak hushyorlik, oʻzining tezkor va jangovar xizmat burchlarini halol va vijdonan bajarish ruhida tarbiyalash;
tarbiyaviy ishning asosiy yoʻnalishlari, shakl va usullari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, shaxsiy tarkibning ijtimoiy siyosiy tayyorgarligini dasturiy-uslubiy jihatdan taʼminlash;
qoʻshinlardagi ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish, tahlil etish va prognozlashtirish, harbiy-sotsiologik, ruhiy tadqiqotlar oʻtkazish va shu asosda harbiy boshqaruv organlari uchun tavsiyalar ishlab chiqish;
harbiy xizmatchilarning, ularning oila aʼzolarining, ishchi va xizmatchilarning talab va ehtiyojlarini oʻrganish, ularni ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya qilish, shaxsiy tarkibning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, tegishli komandirlarga (boshliqlarga) boʻysunuvchilarning huquqlarini taʼminlash yuzasidan takliflar kiritish;
jangovar texnika va qurollarni, ularni ishlatish usullarini oʻzlashtirish, harbiy va xalq mulkini avaylab asrash uchun masʼuliyat hissini oshirish borasida tarbiyaviy ishlarni tashkil etish;
harbiy jamoalarda va garnizonlarda faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik kengashlari va komissiyalarga uslubiy yordam koʻrsatish;
zobitlar yigʻilishi, vijdon sudlari, kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlarning, xotin-qizlar kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, ular bilan ish olib borishni tashkil etish yuzasidan qoʻmondonlikka takliflar tayyorlash;
aholini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, chegara va ichki qoʻshinlarida xizmatga tayyorlash yuzasidan davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishni amalga oshirish;
shaxsiy tarkibni ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish va ularni maʼnaviy kamol toptirish masalalari boʻyicha hokimliklar, amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyat koʻrsatuvchi jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar bilan aloqa qilish turish;
harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan madaniy-dam olish ishlarini olib borish, bu ishlarni tarbiyaning texnikaviy vositalari bilan har tomonlama taʼminlash;
harbiy ommaviy axborot vositalariga rahbarlik qilish hamda ularning faoliyatini Davlat teleradioeshittirish kompaniyasi, respublika, viloyat, shahar gazetalari va jurnallari tahririyatlari bilan muvofiqlashtirish;
qoʻshinlar uchun kinovideofilmlar va teleradio dasturlar tayyorlashda qatnashish;
shaxsiy tarkibning ijtimoiy-siyosiy tayyorgarligi, ularni oʻqitish va tarbiyalash muammolari yuzasidan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-huquqiy, oʻquv va badiiy adabiyotlar, oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etishni tashkil etish;
qoʻshinlarda kadrlar siyosati boʻyicha tadbirlar ishlab chiqishda, zobitlar, praporshchiklar, michmanlar va serjantlar tarkibini tanlash, joy-joyiga qoʻyish va attestatsiyadan oʻtkazishda qatnashish;
qoʻshinlarda huquqiy asosda yakkaboshchilikni mustahkamlash chora-tadbirlarni amalga oshirish, harbiy kadrlarga odamlar bilan tarbiyaviy ish olib borish tajribasini oʻrgatish.
2. Shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha mansabdor shaxslarning burchlari va huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jamoatchilik ustavlari bilan belgilanadi.