Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining
buyrugʻi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 5-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2807-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi PF-5834-son “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining 2016-yil 20-iyundagi 45-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2807, 2016-yil 7-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 27-son, 334-modda) Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor U. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 21-may,
186-son
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktorining 2021-yil 21-maydagi 186-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi markaziy davlat arxivi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi va viloyat davlat arxivlari tomonidan tegishli hudud boʻyicha umumlashtirilgan (jamlangan) elektron bazalar 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Milliy arxiviga taqdim etiladi”.
2. 8-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Milliy arxivi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Elektron bazalar tegishlicha hudud boʻyicha jamlangan holda 20-fevraldan kechiktirmay Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari, viloyatlar davlat arxivlarining, respublika boʻyicha umumlashtirilgan holda esa, 5-martdan kechiktirmay Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining hamda Oʻzbekiston Milliy arxivining rasmiy veb-saytlarida alohida sahifada joylashtirilishi lozim”.
4. 10-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Milliy arxivi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 12-banddan “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2021-y., 10/21/2807-1/0530-son)