Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
qarori
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yil I choragida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) 2021-yil I choragida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga, aholi salomatligini mustahkamlashga, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga, tadbirkorlik subyektlarini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga va makroiqtisodiy barqarorlikka erishilgan. Jumladan, yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 103 foizni tashkil qilgan.
Hisobot davrida savdo aylanmasi hajmi 46,7 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 102,8 foizga oʻsgan. Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Davlat budjetidan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 18,2 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.
Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishi doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning taʼsirchan tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish taʼminlanib, bu boradagi byurokratik toʻsiqlar qisqartirilgan. Jumladan, joriy yilning 1-iyunidan boshlab davlat organlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan 17 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilingan.
Mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatining sifatini oshirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etilgan.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida tuman (shahar)lar boʻyicha yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga qaratilgan “Yoshlar dasturlari” tasdiqlanib, har bir tuman (shahar)da yoshlar balansi “mahallabay” shakllantirilgan. Shunga asosan oʻtgan davrda jami 271,5 ming nafarga yaqin yoshlarning bandligi taʼminlangan.
Yoshlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga oʻrgatish va bandligini taʼminlash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida tuman (shahar)larda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilgan.
Davlat dasturi doirasida aholi salomatligini mustahkamlash va koronavirusga qarshi profilaktik emlash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida 3 mingdan ziyod emlash punkti va 900 ga yaqin harakatdagi brigadalar tashkil etilgan.
Aholiga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini yanada oshirish, bemorlarga qulayliklar yaratish maqsadida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida, ularning 204 ta hududiy filialida teletibbiyot aloqasi oʻrnatilgan.
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.
Joriy yil I choragida Davlat dasturining 41 ta bandi ijrosini taʼminlash nazarda tutilgan boʻlib, shundan 32 tasi (78 foizi) toʻliq bajarilgan, 8 tasi (19,5 foizi) bajarilmoqda, 1 ta (2,4 foizi) bandning bajarilishi kechikmoqda. Shuningdek ayrim bandlarning ijro etilishi yuzasidan boshlangan ishlar yakuniga toʻliq yetkazilmagan.
Jumladan, Davlat dasturining 145-bandiga muvofiq, aholining minimal isteʼmol xarajatlarini eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyishga doir normativ-huquqiy hujjat hanuzgacha qabul qilinmagan.
Davlat dasturining 184-bandiga koʻra aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar yetarli darajada amalga oshirilmagan.
Shuningdek Davlat dasturida nazarda tutilgan baʼzi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari pishiq-puxta tayyorlanmaganligi, lozim darajada huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaganligi oqibatida 8 ta bandning ijrosi bugungi kunga qadar taʼminlanmasdan qolmoqda. Xususan, 60-bandda koʻzda tutilgan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi hanuzgacha parlament muhokamasiga kiritilmagan.
Davlat dasturining joriy yil I chorakdagi ijrosiga oid taqdim etilgan hisobotni koʻrib chiqib, siyosiy partiyalar fraksiyalari Hukumat aʼzolari qator masalalarga alohida eʼtibor qaratishlari lozimligini taʼkidladilar.
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va iqtisodiyotni jadal rivojlantirish borasidagi ishlarni izchil amalga oshirish, asosiy qismi toʻqimachilik, oziq-ovqat, mebelsozlik, metall buyumlar, qurilish materiallari sohasiga mansub boʻlgan, daromadi tiklanmagan 11 mingta sanoat korxonasining har biri bilan manzilli ishlarni tashkil etgan holda mavjud masalalarni tezkorlikda hal etish zarurligini taʼkidladilar.
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi vakillari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xorijiy mamlakatlardagi fuqarolarimizga xizmat koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratdilar. Tashqi mehnat migratsiyasi rivojlanishiga har tomonlama yordam berish zarurligiga urgʻu berilib, ishsiz vatandoshlarimiz uchun hamon bitta davlat mehnat bozori asosiy joy boʻlib qolayotgani va bu toʻgʻri holat emasligi aytib oʻtildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi migrantlarni qoʻllab-quvvatlash borasida boshqa qator davlatlarning mehnat bozorlarini oʻrganish boʻyicha alohida choralar koʻrishi lozimligi haqidagi taklifni ilgari surdilar.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari Davlat dasturidagi ayrim ijrosi taʼminlanmagan bandlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Baʼzi bir isteʼmol tovarlari boʻyicha narx-navoning oshib ketayotganligi fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi uchun ushbu vazifaning ijrosiga butun yil davomida jiddiy eʼtibor qaratilishi lozimligi aytildi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari aholining minimal isteʼmol xarajatlarini eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish, kambagʻallikka qarshi samarali kurashish va bu borada ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish uchun, avvalambor, kambagʻallikning aniq mezonlarini belgilash zarurligini qayd etdilar.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini kengroq qoʻllash, toza ichimlik suv taʼminotini yaxshilash va hududlarda kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Shuningdek saylov okruglaridagi uchrashuvlar hamda hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar yakunlaridan kelib chiqib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni ish bilan taʼminlash, fuqarolarning malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yanada oshirish bilan bogʻliq masalalar deputatlar diqqat markazida boʻlishi aytib oʻtildi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 322-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021-yil I choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevralda qabul qilingan PF-6155-sonli Farmonida hamda Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash yuzasidan Hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining masʼuliyatini yanada oshirish;
Davlat dasturidagi bajarilmagan, muddati oʻtgan 9 ta bandning ijrosini yakuniga yetkazish yuzasidan tezkor choralarni belgilash;
Davlat dasturining I choragida ijro etilishi nazarda tutilgan tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini tizimli monitoring qilish;
aholini koronavirusga qarshi profilaktik emlash uchun ajratilayotgan davlat budjeti mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilib borish imkonini beradigan shaffof tizimni yaratish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarda yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlarini tizimli ravishda tashkil etish;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni ish bilan taʼminlash hamda shu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida va shaffof yetkazilishini taʼminlash;
oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xorijiy mamlakatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish choralarini kuchaytirish;
aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha Sirdaryo viloyati tajribasini respublikaning boshqa hududlariga ham izchillik bilan tatbiq etish ishlarini jadallashtirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga yuborilayotgan deputat soʻrovlariga oʻz vaqtida va asoslantirilgan javob berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalariga:
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
Davlat dasturida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarning samarali ijro etilishi ustidan oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat dasturidagi ijrosi toʻliq taʼminlanmagan 9 ta bandning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha joriy yilning 10-may kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-aprel,
902-IV-son