Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA IXTIROCHILIK VA RATSIONALIZATORLIK FAOLIYATINI RIVOJLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
Respublika oldida turgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda novatorlikning muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda ixtirochilar va ratsionalizatorlarning ijodiy imkoniyatlaridan toʻlaroq foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida ratsionalizatorlik faoliyati toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, tashkilotlar va korxonalar ratsionalizatorlik sohasidagi meʼyoriy hujjatlarni ratsionalizatorlik faoliyati toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ixtirochilar va ratsionalizatorlarning meʼyoriy-uslubiy va tashkiliy taʼminlanishini nazorat qilish va ularning manfaatlarini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyatiga yuklatiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining barcha korxonalari, birlashmalari, tashkilotlari va muassasalari, mulkchilik shakli va xoʻjalik yuritish shaklidan qatʼi nazar, 1993-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi mulki boʻlgan ratsionalizatorlik takliflari va ixtirolarni foydalanishdan hosil boʻlgan tejashning 1 foizi miqdorida Oʻzbekiston Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati foydasiga mablagʻ ajratsinlar.
5. SSSR Ministrlar Sovetining 1973-yil 21-avgustdagi 584-son qarori bilan tasdiqlangan Kashfiyotlar, ixtirolar va ratsionalizatorlik takliflari toʻgʻrisidagi Nizomning ixtirolar va ratsionalizatorlik takliflari haqidagi qismi Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilmasin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-dekabr,
596-son
RATSIONALIZATORLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. Taklif berilgan korxona uchun yangi va foydali boʻlgan buyum konstruksiyasini, ishlab chiqarish texnologiyasini, material (modda) tarkibini yaratish yoki oʻzgartirishni nazarda tutadigan texnik yechim, shuningdek, korxona uchun yangi boʻlgan va mehnat, xom ashyo, yoqilgʻi-energetika va boshqa moddiy yoki moliyaviy manbalarni tejaydigan tashkiliy yechimlar ratsionalizatorlik takliflari deb tan olinadi.
Algoritm korxonalari, EHM dasturlari uchun yangilik boʻlgan takliflar ham, agar undan foydalanish aniq vazifalarni hal qilishda mashina vaqtini tejashga, shuningdek, EHM majmuida ishlovchi asbob-uskunaning unumdorligi oshishiga olib kelsa, ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinadi.
Belgilangan shaklda talabnoma berilgunga qadar ushbu yoki shunga oʻxshash yechim korxonaga unda mavjud manbalardan uning amaliyotda qoʻllanilishi uchun yetarli boʻlgan darajada maʼlum boʻlmasa, yechim korxona uchun yagona deb tan olinadi.
Yechim, agarda korxonaga iqtisodiy yoki boshqa ijobiy samara olish imkonini bersa foydali hisoblanadi.
2. Quyidagilar ratsionalizatorlik takliflari deb olinmaydi:
shartli belgilar, qoidalar, meʼyoriy-uslubiy hujjatlar;
mahsulotning oldindan aniqlangan mustahkamligini, uzoq ishlash vaqtini va boshqa sifatlarini kamaytiradigan yoki mehnat sharoitini yomonlashtiradigan yechimlar;
faqat buyumning tashqi koʻrinishiga tegishli boʻlgan yechimlar;
ilmiy-tadqiqot, loyiha, konstruktorlik, texnologik tashkilotlar hamda korxonalarning ana shunday boʻlinmalari muhandis-texnik, ilmiy xodimlari tomonidan xizmat vazifalari yoki shartnoma ishlarini bajarish jarayonida yaratilgan yechimlar.
3. Oshkor qilinishi davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlardan iborat ratsionalizatorlik takliflari maxfiy saqlanishi kerak.
4. Ratsionalizatorlik taklifiga mualliflik huquqi oʻz mehnati bilan ratsionalizatorlik taklifini yaratgan fuqaroga tegishli boʻladi.
Agar ratsionalizatorlik taklifini yaratishda bir necha fuqaro qatnashgan boʻlsa, ularning hammasi bunday ratsionalizatorlik taklifining hammuallifi hisoblanadi.
Ratsionalizatorlik taklifi muallifiga faqat texnik, tashkiliy yoki moddiy yordam koʻrsatgan yoxud ratsionalizatorlik taklifini rasmiylashtirishga va ishlab chiqarishda undan foydalanishga koʻmaklashgan fuqarolar hammuallif deb tan olinmaydi.
Ratsionalizatorlik taklifi hammualliflariga tegishli boʻlgan huquqlardan foydalanish tartibi ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan aniqlanadi.
5. Ratsionalizatorlik taklifi muallifiga guvohnoma beriladi, ushbu guvohnoma talabnomada koʻrsatilgan yechim ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinganligini, ratsionalizatorlik taklifiga mualliflikni, ratsionalizatorlik taklifining ustunligini tasdiqlaydi.
Muallifga ratsionalizatorlik guvohnomasi uning birinchi taklifi ratsionalizatorlik deb tan olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida beriladi. Ushbu muallifning keyingi ratsionalizatorlik takliflari haqidagi maʼlumotlar shu guvohnomaga taklif ratsionalizatorlik deb tan olingan kundan boshlab bir oy ichida kiritiladi.
Ratsionalizator guvohnomasiga asoslangan mualliflik huquqi yechimni ratsionalizatorlik taklifi deb tan olgan korxona miqyosida amal qiladi.
6. Yechim ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinishi uchun muallif yozma ravishda ariza beradi.
Ratsionalizatorlik taklifi haqidagi ariza taklif faoliyatiga tegishli boʻlgan korxonaga beriladi.
Agar korxona shu taklifdan foydalanish asosida iqtisodiy yoki boshqa ijobiy foyda olishi mumkin boʻlsa, korxona faoliyatiga tegishli taklif hisoblanadi.
Ratsionalizatorlik taklifi haqidagi ariza bitta yechimga berilishi kerak.
Ratsionalizatorlik taklifi haqidagi arizada yechim mohiyatining bayoni, shu jumladan, uni amaliyotda qoʻllash uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlar boʻlishi kerak.
7. Ratsionalizatorlik taklifi boʻyicha ustunlik ratsionalizatorlik taklifi haqidagi ariza korxonaga kelib tushgan sana boʻyicha belgilanadi.
Belgilangan tartibda ana shu taklifga birinchi boʻlib ariza bergan ustunlikka ega deb tan olinadi.
8. Ratsionalizatorlik taklifi uchun berilgan ariza- korxona tomonidan koʻrib chiqiladi. Ariza kelib tushgan sanadan boshlab bir oy ichida taklif ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinishi yoki rad etilishi haqidagi qaror qabul qilinishi kerak.
Ratsionalizatorlik taklifiga berilgan arizani koʻrib chiqish, shuningdek, ariza boʻyicha qaror qabul qilish tartibi korxona rahbari tomonidan belgilanadi.
Qabul qilingan qaror 5 kun ichida muallifga maʼlum qilinishi kerak.
Taklif boʻyicha tajriba tekshirishi oʻtkazish yoki tasdiqlangan meʼyoriy yoki texnik hujjatlarni oʻzgartirishga ruxsatnoma olish kerak boʻlgan hollarda ushbu bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan arizani koʻrib chiqish muddati tajriba tekshirishi yoki ruxsatnoma olish uchun zarur boʻlgan muddatga toʻxtatiladi.
9. Ratsionalizatorlik taklifi tan olinganligi haqidagi qaror taklif ratsionalizatorlik deb tan olinishi uchun mazkur Nizomda belgilangan talablar buzilganligi tufayli bu taklif uchun mukofot toʻlangunga qadar-korxona boshligʻi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Taklif ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinishi rad etilganligi toʻgʻrisidagi qarordan yoki uning tan olinishi bekor qilinganligidan norozi boʻlgan mualliflar qaror olingan kundan boshlab 2 oy muddat ichida shikoyat qilishga haqlidir.
10. Taklif ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinmaganligiga yoki uning bekor qilinganligiga norozilik bildirilgan shikoyatni koʻrib chiqish uchun korxonada ratsionalizatorlik nizomlarini koʻrib chiqish uchun maʼmuriyat, mutaxassislar za Oʻzbekiston Respublikasi Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati boshlangʻich tashkiloti kengashi vakillaridan iborat maxsus komissiya tuziladi.
Muallif oʻz shikoyati koʻrib chiqilayotganda qatnashish huquqiga ega. Shikoyat olingan kundan boshlab bir oy ichida koʻrib chiqilishi kerak.
Komissiya qabul qilgan qaror uzil-kesil hisoblanadi.
11. Texnologiya (usulga)ga tegishli boʻlgan ratsionalizatorlik taklifi ishlab chiqarish jarayonida qoʻllangan kundan boshlab foydalanilgan hisoblanadi. Buyum (asbob) konstruksiyasiga yoki material (modda)ga tegishli ratsionalizatorlik taklifi tayyorlanayotgan yoki foydalanilayotgan mahsulotda qoʻllanilgan kundan boshlab foydalanilgan hisoblanadi. Tashkiliy yechim, shuningdek, algoritm, EHM uchun dasturdan iborat ratsionalizatorlik taklifi qoʻllangan kundan boshlab foydalanilgan hisoblanadi.
12. Korxonaning ratsionalizatorlik faoliyatiga tegishli xarajatlari mahsulot (xizmat, ish) tannarxi hisobiga kiritiladi.
Budjet hisobidagi tashkilotlar ratsionalizatorlik faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashni shu tashkilot uchun ajratilgan mablagʻlarni tejash hisobiga, shuningdek, boshqa ruxsat etilgan faoliyatlardan olingan mablagʻlar hisobiga bajaradilar.
13. Quyidagi hollarda ratsionalizatorlik taklifi uchun mukofot toʻlanadi:
taklif uni ratsionalizatorlik taklifi deb tan olgan korxona tomonidan foydalanilsa;
xoʻjalik shartnomasi asosida boshqa korxonalarga berilgan texnik hujjatlarga kiritilgan boʻlsa.
14. Ratsionalizatorlik taklifi uchun mukofot taklifi ratsionalizatorlik deb tan olgan tashkilot bilan muallif oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan miqdorda korxona tomonidan hisoblab chiqiladi va toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Mukofotning eng kam miqdori korxonadagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 8,8 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Xoʻjalik shartnomasi asosida boshqa korxonaga berilgan texnik hujjatlarga kiritilgan ratsionalizatorlik taklifi uchun mukofot miqdori ekspertlar tomonidan aniqlanadi.
16. Agar bir muallifning bitta ratsionalizatorlik taklifi bir necha korxonada ratsionalizatorlik taklifi sifatida tan olingan boʻlsa, bu korxonalardan har biri boshqa korxonalardan qatʼi nazar, muallifga mukofot toʻlaydi.
17. Korxona ratsionalizatorlik taklifidan foydalanishga koʻmaklashgan shaxslarga, boshqa xildagi toʻlovlardan qatʼi nazar, mukofot toʻlanadi.
Ushbu mukofot, agar muallif texnik hujjatlarni ishlab chiqish, taklifni tayyorlash va undan foydalanishda qatnashgan boʻlsa, ratsionalizatorlik taklifi muallifiga ham toʻlanishi mumkin.
Ratsionalizatorlik taklifidan foydalanishga koʻmaklashgan shaxslarga beriladigan mukofot miqdori korxona tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
18. Agar muallif oʻz ratsionalizatorlik taklifidan foydalanishni tayyorlash jarayoniga jalb qilinsa, bu ishlarni bajarish uchun u bilan shartnoma tuzilishi kerak (xizmat vazifasi asosida bajariladigan ishlardan tashqari).
19. Ratsionalizatorlik taklifidan foydalanish tufayli korxonada ancha past narxlar joriy etilgan hollarda, shu taklifni ishlab chiqarishga joriy qilgan xodimlar va muallif mehnatiga 6 oy ichida oldingi baholar boʻyicha haq toʻlanadi.
20. Korxona xodimlari soni yoki shtati qisqartirilgan hollarda ratsionalizatorlar ishda qoldirilishda ustunlik huquqiga ega boʻladilar.
21. Ratsionalizatorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan nizolar (taklifning ratsionalizatorlik taklifi deb tan olinishi bilan bogʻliq nizolardan tashqari) sudda koʻrib chiqiladi.
22. Korxona ratsionalizatorlik faoliyatiga koʻmaklashgan ratsionalizatorlar va shaxslarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlarini belgilashi mumkin.
23. Ratsionalizatorlik takliflari mualliflarining huquqlariga rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazorati va ularning manfaatlarini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 1992-yil, 12-son, 39-modda)