Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni oʻqitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2021-yil 1-iyundan boshlab yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish tartibi joriy etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-fevraldagi 95-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-fevraldagi 95-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-mart oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-fevraldagi 95-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-mart oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2021-yil 1-avgustga qadar:
a) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portaliga (keyingi oʻrinlarda — Portal) quyidagilarni joylashtirish choralarini koʻrsin:
xalqaro IT-sertifikatlarning ixtisoslashuvi va yoʻnalishlari hamda xalqaro IT-sertifikatlarni olish tartibi;
xalqaro IT-sertifikatlar uchun toʻlanishi zarur boʻlgan toʻlovlar miqdorlari va ularni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish tartibi;
xalqaro IT-sertifikatlar berishga ixtisoslashtirilgan xorijiy, mahalliy va respublika kompaniyalarining va taʼlim muassasalarining rasmiy veb-sayti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan va ushbu qaror ijrosi boʻyicha ragʻbatlantirilgan yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) Portal orqali xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan talabgor yoshlarning arizalarini qabul qilish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari hamda blankalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2021-yil 30-oktabrga qadar belgilangan tartibda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalarida xalqaro IT-sertifikat taqdim qiluvchi tegishli tashkilotlarning akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlash markazlari hamda oʻquv kurslarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
7. Vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinma lavozimlariga ishga qabul qilishda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarga (nomzodlarga) ustunlik berilishi tavsiya etilsin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-may,
310-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-fevraldagi 95-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 09/21/310/0475; 19.02.2024-y., 09/24/95/0134-son)