Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT SOLIQ BOSh BOShQARMASI TARKIBIDAGI MAXSUS NAZORAT BOShQARMASI TOʻGʻRISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 677-sonli “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-dekabr,
595-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi toʻgʻrisida
VAQTINChALIK NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda MNB) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasining davlat soliqlari va boshqa majburiyatlarning budjetga toʻliq tushishi boʻyicha faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Mazkur Nizom Boshqarma va uning joylardagi boʻlinmalarining vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini belgilaydi.
Maxsus nazorat boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibida tashkil etiladi.
Viloyatlarning va Toshkent shahrining davlat soliq boshqarmalari tarkibida maxsus nazorat boʻlimlari tashkil etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat soliq bosh boshqarmalari huzurida tashkil etilgan maxsus nazorat boʻlinmalari yagona tizimni tashkil etadi.
Ularning tarkibiga:
surishtiruv boʻlinmasi;
soliq idoralari xavfsizligini taʼminlash boʻlinmasi;
operativ-texnik boʻlinma;
tahlil qilish va oldini olish boʻlinmasi kiradi.
Maxsus nazorat boshqarmasi tizimiga kiruvchi boʻlinmalarning boshliqlari yuqori organning rahbarlari bilan kelishilgan holda huzurida ana shu boʻlinmalar tashkil etiladigan soliq boshqarmalari rahbarlari tomonidan tayinlanadi.
3. Boshqarma oʻz vakolati doirasida maxsus nazorat boʻlinmalari faoliyatini yoʻnaltiradi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasining boshligʻi Boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, tuzilmani va shtatlarni tasdiqlaydi.
Boshqarma faoliyatiga rahbarlik qilishni Davlat soliq bosh boshqarmasining boshligʻi tayinlaydigan MNB boshligʻi amalga oshiradi.
4. Maxsus nazorat boʻlinmalari huquqiy faoliyatining asosini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, OʻzSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston SSR davlat soliq idoralari toʻgʻrisidagi Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining meʼyoriy hujjatlarni, shuningdek, mazkur Nizom tashkil etadi.
5. MNB boʻlinmalari, odatda, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilaridan, shu jumladan, zaxiraga boʻshatilgan harbiy xizmatchilardan, IIV, MXX, prokuratura, adliya organlari xodimlaridan, shuningdek, xalq xoʻjaligi mutaxassislaridan butlanadi.
6. Boshqarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan oʻzaro xamkorlikda amalga oshiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-oktabrdagi 483-son qaroriga muvofiq MNB boʻlinmalari xodimlariga, shu jumladan, ishga IIB, MXS organlaridan va boshqa organlardan oʻtgan va ularda ilgari ishlagan xodimlarga egallab turgan lavozimlariga muvofiq maxsus shaxsiy unvonlar beriladi. Ularga mutaxassislik boʻyicha huquqni muhofaza qilish va boshqa organlarda ishlaganliklari hisobga olingan holda maʼlum xizmat muddati uchun ish haqiga oylik qoʻshimcha toʻlov belgilanadi. Soliq idoralari xodimlari tomonidan xizmat vazifalari bajarilishi munosabati bilan ularning hayoti yoki sogʻliklariga xavf soluvchi hujumlardan himoya qilish maqsadida MNB xodimlariga tabelda nazarda tutilganligiga muvofiq oʻq otar qurolni saqlash, olib yurish va qoʻllash huquqi beriladi.
8. Boshqarma va uning boʻlinmalarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
soliqlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash;
soliq qonunchiligi buzilishining oldini olish va unga barham berish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
soliq toʻlovchilar tomonidan daromadlar (foydalarning va budjetga boshqa toʻlovlarning qasddan yashirilishi yoki kamaytirilishi hollarini aniqlash;
soliq xizmatlari faoliyatining xavfsizligini taʼminlash.
9. Soliq idoralari oldida turgan vazifalar samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida MNB xodimlariga OʻzSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan OʻzSSR davlat soliq idoralari toʻgʻrisidagi Nizomda nazarda tutilgan huquqlar beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi soliq idoralari Maxsus nazorat boshqarmasiga amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq (OʻzSSR JPK 97-moddasi, 7-bandi) foyda (daromad)ni yoki soliq solinadigan boshqa obyektni qasddan yashirish belgilarini topish, foyda (daromad)ni qasddan yashirgan shaxslarni aniqlash, soliq qonunchiligi sohasidagi huquqbuzarlikning yoʻlini toʻsish maqsadida surishtiruv olib borish huquqi berilgan.
Aybdorlarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani hal etish davlat soliq idoralari vakolati doirasidan tashqariga chiqqan taqdirda MNB xodimlari amaldagi qonunchilikni buzish hollari toʻgʻrisidagi materiallarni tergov va sud organlariga topshirishlari kerak.
Jinoyatlarni ochish, shuningdek, jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish uchun surishtiruvchi surishtiruvni amalga oshirishda ilmiy-texnika vositalari va jinoyatni ochish usullari samarali qoʻllanilishini taʼminlashi kerak.
Soliq idoralari surishtiruv xizmatlari xatti-harakatlarining qonuniyligi ustidan nazorat qilishni Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari amalga oshiradilar.
10. Soliq idoralari Maxsus nazorat boshqarmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq chiqarilgan soliq idoralari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa meʼyoriy aktlar va hujjatlarga qatʼiy rioya qilish;
b) Oʻzbekiston Respublikasining soliqlar toʻgʻrisidagi qonunchiligiga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish;
v) soliq solinishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat belgilarini va ularni sodir etgan shaxslarni topish va aniqlash, jinoiy koʻrinishlarning yoʻlini toʻsish va ularning oldini olish maqsadida jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
g) soliq inspeksiyalari va nazorat-taftish boshqarmalarining nazorat faoliyati holatini tahlil qilish. Tahlil qilish va oʻrganish orqali soliq qonunchiligi buzilishi uchun sharoitlar yaratiladigan yoki aniq jinoyatlar belgilari mavjud boʻlgan joylar, mintaqalar, korxonalar va tashkilotlarni aniqlash. Bu ishni bajarish davomida soliq qonunchiligi buzilishiga olib keluvchi shart-sharoitlarning tugatilishi choralarini koʻrish;
d) soliq qonunchiligini ijro etish chogʻidagi suiisteʼmollar mavjudligi toʻgʻrisida axborot olingandan keyin soliq toʻlovchilar oʻrtasida zarur tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlash;
e) huquqni muhofaza qilish organlari (prokuratura, Oʻzbekiston Respublikasi MXX va IIV) bilan oʻzaro hamkorlik va axborot ayirboshlashni ishonchli taʼminlash hamda soliq qonunchiligi buzilishi (jinoyatlar) toʻgʻrisida ularda mavjud boʻlgan va paydo boʻluvchi maxfiy maʼlumotlardan toʻliq foydalanish. Bu maʼlumotlarni soliq inspektorlari va NTB taftishchilari yordamida va ishtirokida roʻyobga chiqarish choralarini koʻrish;
j) operativ harakatlarni qonunchilikka rioya qilingan holda amalga oshirish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik;
z) soliq solinishi bilan bogʻliq huquqni buzishlarning oldini olish maqsadida ogohlantiruvchi — oldini oluvchi ishlarni amalga oshirish, ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
i) maʼmuriy amaliyot boʻyicha ishlarning holatini tahlil qilish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan tergovdagi materiallarning bundan keyin hal etilishi boʻyicha nazoratni amalga oshirish;
k) mansabdor shaxslar va fuqarolarning soliq idoralari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan bergan shikoyat va arizalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
l) soliq siyosatini, jinoyat-protsessual normalarni takomillashtirish boʻyicha yangi qonunchilik aktlari qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasida soliq solinishini tartibga soluvchi eskirgan meʼyoriy hujjatlarni bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni keyinchalik respublika Hukumatiga kiritish uchun Bosh boshqarma rahbarlari uchun ishlab chiqish va tayyorlash;
m) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlarning xavfsizligini taʼminlash;
n) davlat soliq xizmati idoralari xodimlariga nisbatan jinoiy intilishlarni aniqlash yoʻli bilan ularning xavfsizligini taʼminlash hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan oʻzaro hamkorlikda jinoiy intilishlarning taʼsirini yoʻqotish choralarini koʻrish;
o) soliq xizmati xodimlari oʻrtasida xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish hollarini aniqlash, shuningdek, soliq idoralari xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda halok boʻlgan yoki ularga tan jarohati yetkazilgan hollarda xizmat yuzasidan tergov oʻtkazish;
p) daromadlar (foyda)ni qasddan yashirishni isbotlash ishida va soliq qonunchiligi boshqacha tarzda buzilgan hollarda zamonaviy operativ ilmiy-texnikaviy vositalar va usullar qoʻllanilishini taʼminlash;
r) soliq qonunchiligi buzilishi ishlari boʻyicha kriminalistik tadqiqotlar oʻtkazish.
11. Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi boʻlinmalar xodimlariga OʻzSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan davlat soliq idoralari toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq huquqiy va ijtimoiy himoya kafotlanadi.
Maxsus nazorat boʻlinmalari xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chogʻida davlat hokimiyatining vakillari hisoblanadilar va uning himoyasi ostida boʻladilar.
Davlat soliq idoralari Maxsus nazorat boʻlinmalari xodimlari uy-joy, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalaridagi oʻrinlar, kvartira telefonlari bilan birinchi navbatda taʼminlanadilar. Ular respublika budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy sugʻurta qilinishlari kerak.
Davlat soliq idoralari MNB xodimlari xizmat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda halok boʻlgan taqdirda halok boʻlganning oilasiga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ellik oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Nafaqa miqdori oxirgi ishlangan yildagi oʻrtacha oylik ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi.
MNB xodimlariga kasb faoliyati bilan shugʻullanishni istisno qiluvchi ogʻir tan jarohati yetkazilgan taqdirda ularga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan yigirma besh oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi, shuningdek, har oyda ularning lavozim maoshlari bilan pensiyalari oʻrtasidagi farq miqdorida pul mablagʻi toʻlanadi.
MNB xodimlariga unchalik ogʻir boʻlmagan tan jarohati yetkazilganda ularga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan besh oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
MNB xodimlariga (yoki ularning yaqin qarindoshlariga) tegishli boʻlgan mol-mulkka ularning xizmat faoliyatini amalga oshirishlari bilan bogʻliq holda yetkazilgan zarar respublika budjeti mablagʻlaridan toʻliq hajmda qoplanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Boshqarma va uning tizimi tarkibiga kiruvchi idoralar xodimlari ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish chogʻida faqat oʻzlarining bevosita boshliqlariga boʻysunadilar. Hech kim Boshqarma va uning tizimi tarkibiga kiruvchi idoralar xodimlarini ularga mazkur Nizom bilan yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majbur qila olmaydi.
MNB xodimlari oʻz vazifalarini bajarmaganliklari uchun yuridik javobgarlikka tortiladilar.