O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVARLARNING AYRIM TURLARIGA IMPORT BOJ POShLINALARI STAVKALARINI O‘ZGARTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi PF — 1871-sonli “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iste’mol tovarlari importini tartibga solish hamda vatanimiz tovar ishlab chiqaruvchilari manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1997-yil 1-yanvardan boshlab ilovaga muvofiq iste’mol tovarlarining ayrim turlariga import boj poshlinalarining yangi stavkalari joriy etilsin.
2. Mazkur qarorga ilovaga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Tashqi iqtisodiy faoliyati tartibga solish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 20-martdagi 114-son qaroriga 2-ilovaga va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasiga tovar import qilishni oqilona tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 1-oktabrdagi 342-son qaroriga 1-ilovaga o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda aksiz solig‘i solinadigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish va aksiz solig‘i stavkalarini o‘zgartirish yuzasidan takliflarni ikki hafta muddatda ko‘rib chiqish uchun taqdim etsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 1997-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha importni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish va vatanimiz tovar ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish to‘g‘risida takliflar tayyorlasin va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 10-dekabr,
438-son
Import boj poshlinalari
STAVKALARI
| Tovar guruhi raqami | Tovarning qisqacha nomi | Tashqi iqtisodiy faoliyat TN kodi | Poshlina stavkalari (kontrakt qiymatiga nisbatan foizlarda) |
| 06 | Guldastalar yasash yoki bezash maqsadlari uchun yaroqli bo‘lgan yangi uzilgan, quritilgan, bo‘yalgan, oqartirilgan, shimdirilgan yoki boshqacha usullar bilan ishlov berilgan terilgan gullar va g‘unchalar, shuningdek, barglar, shoxlar va o‘simliklarning gulsiz va g‘unchalarsiz boshqa bo‘laklari | 0603-0604 | 30 |
| 07 | Yangi va sovitilgan tomatlar | 070200 | 30 |
| | Bodring | 0707 | 30 |
| 22 | Mineral suvlar | 2202 | 30 |
| 33 | Attorlik mollari | 3303 — 3307 | 20 |
| 37 | Foto va kinotovarlar | 3705 | 10 |
| 39 | Kiyim-boshlarni bezash uchun buyumlar va ularning plastmassadan tayyorlangan aksessuarlari | 392620 | 30 |
| 52 | Kalava-ip va ip-gazlama | 52 | 30 |
| 54 | Sintetik iplardan gazlama | 5407 — 5408 | 30 |