Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy taʼminotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish, Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga faol qatnashayotgan qariyalarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan faxriylarning moddiy taʼminotini yanada kuchaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2022-yil 1-maydan boshlab 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 3 080 000 soʻm etib belgilansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PF-128-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son)
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlarga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-may,
PF-6224-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2021-y., 06/21/6224/0449-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2021-y., 09/21/6279/0802-son; 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son)