Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Transchegaraviy hamkorlikda mahalliy vakillik organlarining rolini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 266-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Quyidagilar transchegaraviy hamkorlikning eng dolzarb masalalarini hal qilishda mahalliy hokimiyat vakillik organlari xalqaro faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi transchegaraviy hamkorlikni turli ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy sohalarida rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mahalliy dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;
preventiv diplomatiyasini amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi va qoʻshni mamlakatlarning transchegaraviy hududlarida yashovchi aholi oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik hamda doʻstlik aloqalarini rivojlantirish;
manfaatdor davlat organlari, ishbilarmon doiralar va aholi guruhlari, shu jumladan, davlat chegaralari bilan ajratilgan etnik jamoalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirish, qoʻshni mamlakatlarda yashayotgan yoki mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasi, uning transchegaraviy hududlarida joylashgan organlari, tashkilotlari, muassasalari hamda qoʻshni mamlakatlarning tegishli subyektlari oʻrtasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, maʼmuriy aloqalarni mustahkamlash, transport, energetika, suv, kommunal, ekologik, transchegaraviy favqulodda vaziyatlar, ijtimoiy-demografiya, gumanitar va boshqa dolzarb muammolarni birgalikda hal etish;
transchegaraviy hududlarda terrorizm, qurol-yarogʻ va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi, boshqa uyushgan jinoyatchilikning koʻrinishlari, shuningdek, millatchilik, shovinizm, etnik hamda diniy ekstremizm, separatizm, millatlararo keskinlik oʻchoqlarining birgalikda oldini olish va bartaraf etishga koʻmaklashish;
hududdagi fuqarolarning transchegaraviy shikoyatlari va oʻzaro masalalarini mahalliy miqyosda tezkor bilan hal etilishini taʼminlash.
Xorijiy mamlakatlar qoʻshni hududlarining vakillik organlari bilan hamkorlik quyidagi shakllar va usullarda amalga oshirilishi tavsiya etilsin:
chegara sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha uchrashuvlar, maslahatlashuvlar hamda boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar bilan transchegaraviy hamkorlik boʻyicha memorandumlar imzolash;
qoʻshni davlatlar yoki ularning tashkilotlari bilan birga transchegaraviy hamkorlik dasturlari doirasida, shu jumladan, chegara hududlarida sanitariya-epidemiologik vaziyatni oʻrganish, kasalliklar statistikasini olib borish, chegara bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishiga oid loyihalarni amalga oshirish;
ijtimoiy-madaniy sohalarda, shu jumladan, sport musobaqalarini tashkil etish, madaniy tadbirlar (koʻrgazma, yarmarka va festivallar)ni birga oʻtkazish, turizmning turli yoʻnalishlarini (madaniy turizm, ekoturizm) rivojlantirishga qaratilgan amaliy tadbirlar oʻtkazish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzakov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Markaziy bank (M. Nurmuratov), Turizm va sport vazirligi (A. Abduxakimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birga ikki oy muddatda respublikaning chegaradosh hududlari transchegaraviy hamkorlik imkoniyatlarini kompleks ravishda oʻrganib, Oʻzbekiston Respublikasining transchegaraviy hamkorlik konsepsiyasi va mazkur konsepsiyani amalga oshirishga oid chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) loyihalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar, viloyat Kengashlariga transchegaraviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
transchegaraviy masalalarga bagʻishlangan uchrashuvlar hamda maslahatlashuvlar tashkil etish va oʻtkazish, transchegaraviy hamkorlik boʻyicha shartnomalar imzolash masalalariga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga;
chegaradosh mamlakatlarning qoʻshni hududidagi vakillik organlari bilan transchegaraviy hamkorlik aloqalarini oʻrnatish tashabbuslarini Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha tuzilgan hukumatlararo komissiyalarga;
transchegaraviy hamkorlikda mahalliy vakillik organlarining vakolatlarini kengaytirish, mazkur vakolatlarni amalga oshirish mexanizmini milliy qonunchilikda mustahkamlashni nazarda tutuvchi tashabbuslarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasiga;
Oʻzbekiston Respublikasi vakillik organlari bilan transchegaraviy hamkorlikni amalga oshirishning huquqiy bazasini, tashkiliy-institutsional shart-sharoitlarini yaqinlashtirish va unifikatsiyalash boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining chegaradosh hududlaridagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qoʻshni davlatlar hududidagi vakillik organlari bilan transchegaraviy hamkorlikni oʻrnatishda amaliy yordam koʻrsatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi va qoʻshni mamlakatlarning chegaraviy hududlari boʻylab eksport, import va tranzit tovarlarni oʻtkazish, shu jumladan, davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarini jihozlash, transport infratuzilmasi, bojxona omborxonalari, terminallarni shakllantirish, Oʻzbekiston va qoʻshni mamlakatlarning ishlab chiqarish hamda ijtimoiy bazasidan samarali foydalanish uchun huquqiy sharoitlar yaratish;
transchegaraviy hududlarda aholining erkin harakatlanish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga, chegara postlaridan oʻtish qoidalarini soddalashtirishga, chegaradosh hududlarda mehnat bozorini shakllantirishga va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi transchegaraviy hududlarda sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oʻz vaqtida bartaraf etish va transchegaraviy xaraktyerga ega boʻlgan falokatlarga samarali taʼsir oʻtkazish maqsadida transchegaraviy mamlakatlar bilan tezkor hamkorlik oʻrnatish uchun huquqiy asoslarni ishlab chiqish va tasdiqlash choralarini koʻrsin.
7. Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi:
Oʻzbekiston bilan chegaradosh boʻlgan mamlakatlarning qoʻshni hududlardagi mahalliy vakillik organlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga yoʻnaltirilgan huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin;
mahalliy vakillik organlarining transchegaraviy hamkorlik sohasidagi vakolatlarini qonun doirasida aniq belgilashga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqsin;
transchegaraviy hamkorlikka doir xalqaro qonunchilikni qayta koʻrib chiqib, bu borada manfaatli xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish borasida vakolat doirasida choralar koʻrib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha tuzilgan hukumatlararo komissiyalar tarkibiga Oʻzbekistonning chegara hududidagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlarini kiritish tavsiya etilsin.
Ushbu Qaror ijrosi boʻyicha maʼlumotni joriy yilning 1-avgustiga qadar Senatga taqdim etsin.
9. Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumlashtirilgan axborotni joriy yil 25-avgustga qadar Senat Kengashiga kiritsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
11. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 28-aprel,
KQ-221-IV-son