Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xiva shahar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida
Xorazm viloyati Xiva shahrining madaniy va turistik infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, turistlar oqimini koʻpaytirishga va ularning hududda boʻlish muddatlarini uzaytirishga imkon beruvchi xizmatlar sifatini va turizm yoʻnalishlarini takomillashtirish, shuningdek, investitsiya jozibadorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati hokimligining Xiva shahar hokimligida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Xiva shahar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yilda Jamgʻarmaga boshlangʻich resurs sifatida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 5 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, Jamgʻarmaga ajratiladigan ushbu mablagʻdan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan yillik manzilli dasturga asosan amalga oshiriladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar hisoblansin:
mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan 5 mlrd soʻm miqdoridagi bir martalik moliyaviy yordam;
Xiva shahar budjetining qoʻshimcha manbalari;
boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hamda donor tashkilotlar mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan asosiy yoʻnalishlar etib belgilansin:
“Ichan-qalʼa” va “Dishan-qalʼa” hamda boshqa madaniy meros obyektlarining meʼmoriy qiyofasini restavratsiya qilish va taʼmirlash-tiklash;
obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlarini, shuningdek, hududning sugʻorish tizimlarini yaxshilash va yer osti suvlari sathini pasaytirish;
ichimlik suvi, oqova suv, aloqa, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllari va ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
doimiy faoliyat yurituvchi kompleks koʻngilochar dasturlarni yaratish, turistlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻshimcha infratuzilma obyektlarining holatini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
Xiva shahrining jamoat joylarida (maydonlar, xiyobonlar, bogʻlar va hokazo) kichik arxitektura shakllarini oʻrnatish;
zamonaviy talablarni hisobga olib, mavjud infratuzilmalarni takomillashtirish hamda yangi infratuzilma obyektlarini barpo etish.
5. Xiva shahar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilinishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduhakimov va Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-aprel,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-apreldagi 224-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xiva shahar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Xiva shahar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Xiva shahar hokimligida yuridik shaxs tashkil etmagan holda mablagʻlardan keyinchalik Xiva shahrida joylashgan madaniy va turistik obyektlarning infratuzilmasini yaxshilash va zamonaviy talablarni hisobga olib, tasdiqlangan dasturlarga muvofiq mavjud infratuzilmalarni takomillashtirish hamda yangi infratuzilma obyektlarini barpo etishda foydalanish uchun ularning jamlanishini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Jamgʻarmaning belgilangan tartibda ochiladigan milliy va chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
boshlangʻich resurs sifatida 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan 5 mlrd soʻm miqdoridagi bir martalik moliyaviy yordam;
Xiva shahar budjetining qoʻshimcha manbalari;
boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hamda donor tashkilotlar mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan asosiy yoʻnalishlar
5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan asosiy yoʻnalishlar hisoblanadi:
“Ichan-qalʼa” va “Dishan-qalʼa” hamda boshqa madaniy meros obyektlarining meʼmoriy qiyofasini restavratsiya qilish va taʼmirlash-tiklash;
obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlarini, shuningdek, hududning sugʻorish tizimlarini yaxshilash va yer osti suvlari sathini pasaytirish;
ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
aloqa tarmoqlarini, ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
doimiy faoliyat yurituvchi kompleks koʻngilochar dasturlarni yaratish, turistlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻshimcha infratuzilma obyektlarining holatini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlangan shahar infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalar;
Xiva shahrining jamoat joylarida (maydonlar, xiyobonlar, bogʻlar va hokazo) kichik arxitektura shakllarini oʻrnatish;
zamonaviy talablarni hisobga olib, tasdiqlangan dasturlarga muvofiq mavjud infratuzilmalarni takomillashtirish hamda yangi infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
6. Xiva shahar hokimligi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
7. Jamgʻarma mablagʻlaridan:
mukofotlar, qoʻshimcha haq va ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlashga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirishga;
qarz mablagʻlari jalb qilish, garov yoki majburiyatlar bajarilishini taʼminlashning boshqa usuli sifatida foydalanishga, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga moliyaviy kafolatlar va kafilliklar berishga, shuningdek, ssudalar va kreditlar berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Xiva shahar hokimligi tomonidan ushbu Nizomning 5-bandida belgilangan tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha yillik manzilli dastur (keyingi oʻrinlarda — Manzilli dastur) loyihasi ishlab chiqiladi.
Manzilli dastur loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlardan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Manzilli dasturga muvofiq foydalaniladi.
10. Xiva shahar hokimligi Manzilli dasturda belgilangan xarajatlardan kelib chiqib Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi (keyingi oʻrinlarda — Smeta) loyihasini ishlab chiqadi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlardan tashqari) Xiva shahar hokimligi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari bilan tasdiqlanadigan hamda Xiva shahar hokimligi tomonidan shakllantiriladigan va xalq deputatlari Xiva shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli dasturlar asosida ajratiladi.
12. Smetaga qatʼiy amal qilgan holda Manzilli dastur va boshqa tegishli dasturlar bajarilishini taʼminlash uchun zarur mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisida Xiva shahar hokimining farmoyishi qabul qilinadi.
Bunda Xiva shahar hokimining farmoyishi asosida Xiva shahar hokimligi buxgalteri tomonidan toʻlov topshiriqnomalari rasmiylashtiriladi va pul mablagʻlari sarflanishi uchun Xiva shahar moliya boshqarmasiga taqdim etiladi.
13. Smetaning daromadlar qismi moliya yili boshiga Jamgʻarma mablagʻlari qoldigʻi hamda kelgusi yilda tushishi kutilayotgan mablagʻlar prognozi koʻrsatkichlaridan tarkib topadi.
14. Jamgʻarmaning joriy yilda sarflanmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va keyingi yilga oʻtkaziladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlari sarflanishini nazorat qilish
15. Jamgʻarma mablagʻlari harakati va ulardan foydalanilishi hisobi Xiva shahar hokimligi tomonidan alohida yuritiladi va yillik hisobotlar tuziladi.
Xiva shahar hokimi va hokimlik buxgalteri buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish boʻyicha belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
16. Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanilishi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.04.2021-y., 09/21/224/0352-son)