Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Qozogʻiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlgan mehnatkash-migrantlar va Oʻzbekiston Respublikasidagi Qozogʻiston Respublikasining fuqarolari boʻlgan mehnatkash-migrantlarning mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
mehnat migratsiyasi jarayonini huquqiy tartibga solish va ikki davlat oʻrtasida ishchi kuchlarining harakatlanishi uchun qulay sharoitlar yaratib berish zaruriyatidan kelib chiqib,
mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari himoyasini taʼminlashni istab,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga amal qilib,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida 1994-yil 15-aprelda imzolangan Mehnat migratsiyasi va mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy himoyasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitimda belgilangan prinsiplarga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan mehnatkash-migrantlarning mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish masalalarini tartibga soladi.
2-modda
1. Mazkur Bitim barcha mehnatkash-migrantlarga, jinsi, irqi, tili, dini yoki eʼtiqodi, siyosiy va boshqa qarashlari, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, iqtisodiy, mulkiy, oilaviy ahvoli yoki xodimning ishchanlik qobiliyati bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday boshqa belgilaridan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Mazkur Bitimdagi hech bir holat mehnatkash-migrantlarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligi va mazkur Bitim qoidalariga rioya qilish, qabul qiluvchi davlat xalqlarining madaniyati va anʼanalarini hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
3-modda
Mazkur Bitimda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“mehnatkash-migrant” — bir Tomon davlatining fuqarosi boʻlgan, 18 yoshga yetgan, qonuniy asosda boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan va qonuniy asosda unda haq toʻlanadigan mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs;
“mehnat faoliyati” — mehnatkash-migrantning tuzilgan mehnat shartnomasi asosida qabul qiluvchi davlat qonunchiligi bilan belgilanadigan tartib va shartlarda amalga oshiriladigan ishi;
“ish beruvchi” — qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomalari asosida mehnatkash-migrantlar mehnatidan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
“qabul qiluvchi davlat” — mehnatkash-migrant mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida hududiga kelgan Tomon davlati.
4-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat hududida mehnat faoliyatini uning amaldagi qonunchiligiga muvofiq quyidagilarga asosan amalga oshiradilar:
a) qabul qiluvchi davlatning ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga;
b) ishga joylashtirish uchun qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan ruxsat beruvchi hujjatlarga.
2. Tomonlar qabul qiluvchi davlatning ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgar emaslar.
5-modda
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlarning quyidagi organlari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) masʼuldirlar:
Qozogʻiston Respublikasidan — Qozogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi.
2. Vakolatli organlar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bunday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3. Vakolatli organlar Tomonlar davlatlarining qonunchiligida mehnatkash-migrantlarni jalb qilish va ishlatish sohasida roʻy bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini oldindan xabardor qiladilar.
6-modda
Mazkur Bitim quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
a) xalqaro tashkilotlarning shtab-kvartiralari va vakolatxonalariga, shuningdek, bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududidagi rasmiy vakolatxonalariga ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan Tomonlar davlatlari fuqarolariga;
b) bir Tomon davlati tarafidan yoki uning nomidan uning hududidan tashqarida qabul qiluvchi davlat bilan tuzilgan alohida xalqaro shartnoma bilan maqomi tartibga solinadigan rivojlanish dasturlari yoki boshqa hamkorlik dasturlarida ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan va mazkur Bitimga muvofiq mehnatkash-migrantlar hisoblanmaydigan Tomonlar davlati fuqarolariga;
v) qochoqlar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, basharti qabul qiluvchi davlatning qonunchiligida yoki Tomonlar davlatlari ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarda bunday qoʻllanish nazarda tutilmagan boʻlsa;
g) taʼlim olayotganlarga.
7-modda
Mehnatkash-migrantlarning qabul qiluvchi davlat hududiga kirishi, shuningdek, qabul qiluvchi davlat hududidan chiqishi va u yerda boʻlib turishi qabul qiluvchi davlatning qonunchiligi va Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar migratsion oqimlarni tartibga solish va oʻz davlatlari hududida noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish boʻyicha oʻz davlatlari qonunchiligida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
9-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish huquqiga ega.
2. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligi bilan belgilanadigan roʻyxatga muvofiq, basharti Tomonlarning davlatlari ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarda boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, atrofdagilarga xavf soluvchi oʻtkir kasalliklar boʻyicha kafolatlangan hajmda bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Kafolatlangan hajmdagi bepul tibbiy yordam roʻyxatiga kirmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda yoki ixtiyoriy tibbiy sugʻurta doirasida koʻrsatiladi.
3. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat vakolatli organlaridan qabul qiluvchi davlat hududida boʻlish va unda mehnat faoliyatini amalga oshirish shartlari va tartibi, shuningdek qabul qiluvchi davlat qonunchiligidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taalluqli axborot olish huquqiga ega.
10-modda
1. Mehnatkash-migrantlarning mehnatiga haq toʻlash va boshqa mehnat shartlari qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq, mehnatkash-migrantlarning qabul qiluvchi davlat ish beruvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan tartibga solinadi.
2. Mehnatkash-migrantlarning mehnatiga haq toʻlash qabul qiluvchi davlatning xuddi shu lavozimga, mutaxassislikka va ixtisoslikka ega boʻlgan va xuddi shunday ishlarni bajaruvchi fuqarolari uchun belgilangan ish haqidan past boʻlmasligi va mehnat sharoitlari ularnikidan kam boʻlmasligi kerak.
11-modda
Mehnatkash-migrantning qabul qiluvchi davlat hududidan butunlay chiqib ketishi paytida ish beruvchi unga qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan tartibda mehnat faoliyati tavsifi va davomiyligi, shuningdek, qabul qiluvchi davlat hududida boʻlganida malakasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks etgan hujjatni topshiradi.
12-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlatning qonunchiligiga va Tomonlar davlatlari ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq, ish haqlarini oʻzlarining fuqaroligi boʻlgan davlatlari hududiga joʻnatishlari mumkin.
2. Mehnatkash-migrantlar daromadiga soliq solish qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Mehnatkash-migrantlarning pensiya va ijtimoiy taʼminoti qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
13-modda
1. Mehnat shartnomasi tugatilgan taqdirda, mehnatkash-migrant qabul qiluvchi Tomon davlati hududidan mazkur davlat qonunchiligida belgilangan boʻlib turishning muddati tugamasdan avval chiqib ketishi shart.
2. Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnatkash-migrant bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha muddatidan ilgari bekor qilingan boʻlsa, ish beruvchi mehnatkash-migrantga mehnat shartnomasida va qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan kompensatsiyalarni toʻlaydi.
14-modda
1. Mehnatkash-migrant oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda vafot etgan yoxud jarohat olgan taqdirda, ish beruvchi qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan toʻlov va kompensatsiyalarni toʻlaydi.
2. Agar mehnatkash-migrant ish beruvchining aybi bilan vafot etgan taqdirda, ish beruvchi marhumning jasadini (murdasini) joʻnatishni tashkil qiladi va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlarni hamda uning mol-mulkini tashish va yetkazib berish, shuningdek ishlab topgan mablagʻlarini joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlaydi.
3. Mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan jarohat, kasb kasalligi yoxud boshqa shikastlanish oqibatida mehnatkash-migrant salomatligiga yetkazilgan zararni toʻlash tartibi, basharti Tomonlar davlatlari ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarda boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi.
15-modda
Mehnatkash-migrantlar tomonidan qabul qiluvchi davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida taʼlim toʻgʻrisida hujjatlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan taʼlim toʻgʻrisida hujjatlarni tan olish protseduralarini oʻtkazmasdan tan olinadi.
Bunda pedagogik, tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega, pedagogik, tibbiy yoki farmatsevtika sohasida taʼlim olgan mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan taʼlim toʻgʻrisida hujjatlarni tan olish protsedurasidan oʻtadilar va ular qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan tartibga muvofiq tegishli pedagogik, tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullanishga ruxsat etiladilar.
Mehnatkash-migrantlarning fuqaroligi boʻyicha davlati vakolatli organlari tomonidan berilgan ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar toʻgʻrisida hujjatlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq tan olinadi.
16-modda
Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizoli masalalar, muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
17-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha uning ajralmas qismi hisoblangan va mazkur Bitimning 18-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
18-modda
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilgani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali Tomonlarning soʻnggi yozma xabarnomasi olingan sanadan boshlab oʻttizinchi (30) kundan kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi. Har bir Tomon mazkur Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnomani diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yuborish yoʻli bilan uning amal qilishini tugatish huquqiga ega. Bu holda mazkur Bitim. bunday xabarnoma olingan sanadan boshlab bir yuz sakson (180) kun oʻtgach, tugatiladi.
Toshkent shahrida 2019-yil 15-aprelda oʻzbek, qozoq va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Matnlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)