Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI AMALDAGI QONUN hUJJATLARI MONITORINGI INSTITUTINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevraldagi PF-4952-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Parlament tizimi isloh etilganligi va ikki palatali parlament tuzilganligi, qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tartibi va texnologiyasi oʻzgartirilgani munosabati bilan, qonun ijodkorligi ishi sifatini oshirish va uning barcha bosqichlarida ekspert baholari rolini kuchaytirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti maqomini aniqlash zarurligidan kelib chiqqan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti maqomi oʻzgartirilsin, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut deb yuritiladi) etib qayta tashkil qilinsin.
2. Belgilansinki, Institut:
yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisob beradi;
Institut direktori, Institut direktorining oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadilar va ozod qilinadilar;
Institut faoliyatiga umumiy rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 21-iyundagi PF-4324-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 255-modda)
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 4-maydagi PF-4305-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 19-son, 188-modda)
3. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
qonun loyihalarini har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, qonun hujjatlarining loyihalarini koʻrib chiqish va qabul qilish barcha bosqichlarida chuqur asoslangan ekspert baholari va xulosalarini tayyorlash;
mamlakatni isloh qilish va yangilashning huquqiy bazasi takomillashtirilishini tizimli tahlil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan mustahkam hamkorlikda qonun hujjatlarining loyihalarini koʻrib chiqish va uning oʻtishi borasida qonunda belgilangan tartib hamda taomillarga rioya etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
qonunlarda, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining norma va qoidalari toʻliq roʻyobga chiqarilishi hamda ularning qoʻllanishi, shuningdek qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida huquqiy normalarning oʻzaro bogʻlanishi, kompleksliligi va uygʻunligi monitoringi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining xalqaro meʼyor va standartlarga muvofiqligini oʻrganish; qonunlarning loyihalarida umum eʼtirof etilgan xalqaro huquq, inson huquqlari va erkinliklari tamoyillari hamda normalari ustuvorligiga rioya etilishini tahlil qilish;
xorijiy parlamentlar, aynan shunday qonun hujjatlari monitoringi institutlarining ish tajribasini oʻrganish hamda qonun ijodkorligi faoliyatida ana shu tajribadan foydalanish boʻyicha tavsiyanomalar berish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (S. Rahimov):
2005-yildan boshlab har yili ilm-fanga koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan Institutni saqlash, texnika bilan jihozlash va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mablagʻ ajratsin;
Institutga 2005-yilda tashkiliy texnika, kompyuterlar sotib olish, axborot matbaa nashrlariga obuna tashkil qilish uchun Institutning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻ ajratsin.
5. Davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari Institut xodimlariga joriy etilsin hamda 3-ilovaga* muvofiq Yagona tarif setkasi boʻyicha xodimlar mehnatiga haq toʻlash razryadlari tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Institut direktori maqomi, mehnat haqi, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining oʻrinbosariga, direktor oʻrinbosari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining bosh konsultantiga tenglashtirilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xodimlari uchun belgilangan tibbiy taʼminot sharoitlari Institut xodimlariga joriy etilsin.
6. Institut quyidagi manzil boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosiga joylashtirilsin: Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 6.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi belgilangan tartibda Institutning joylashuvini, uning ofis mebeli, kompyuter texnikasi hamda Institut ishini tashkil qilish uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini, belgilangan limitlarga muvofiq transport vositalari ajratib berilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bir oy muddatda Institutni belgilangan tartibda aloqa, jumladan hukumat aloqasining zarur turlari va vositalari bilan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chet ellardagi aynan shunday institutlar va tashkilotlar bilan xalqaro muloqotlarni amalga oshirishda Institutga yordam koʻrsatsin.
9. Vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari Institut tomonidan ustavdagi vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, axborot-tahlil hisobot materiallarini Institut soʻrovnomasi boʻyicha taqdim etsinlar.
10. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Institutni huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va tarixiy mavzulardagi nashrlar bilan uning kutubxonasini taʼminlash uchun 1 nusxadan matbaa va kitob mahsulotining nazorat nusxalarini bepul oluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin.
11. Institut Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari; Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining meʼyoriy-huquqiy hujjatlari bir nusxadan yuborilishi shart boʻlgan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
12. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi R. Mirzayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-aprel,
PF-3590-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 100-modda; 2011-y., 19-son, 188-modda, 25-son, 254-modda, 255-modda)