Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING NOGIRONLARNI REABILITATSIYA QILISh BOʻYIChA 1996—2000-YILLARGA MOʻLJALLANGAN DAVLAT DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1994-yilda iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi va ularni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 1995-yil 14-fevraldagi 54-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni reabilitatsiya qilishning 1996—2000-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi maʼqullansin (ilova* qilinmoqda).
* Ilova berilmaydi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari:
Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni reabilitatsiya qilishning 1996—2000-yillarga moʻljallangan Davlat dasturining bajarilishini taʼminlasinlar;
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan mablagʻlarning korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida toʻlanishi, ushbu mablagʻlardan nogironlar orasidan kadrlar tayyorlashda va ular uchun ishchi oʻrinlari tashkil etishda foydalanish ustidan nazoratni taʼminlasinlar;
har yili 1-yanvar va 1-iyulda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorning qanday bajarilayotgani toʻgʻrisida axborotlar taqdim etsinlar.
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi xalq xoʻjaligini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning har yilgi prognozlarida reabilitatsiya majmuilari qurilishiga kapital mablagʻlar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan obyektlar qurilishini belgilangan tartibda mablagʻ bilan taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda korxona va tashkilotlardan nogironlar uchun moʻljallangan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha imtiyozli soliq olish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 11-noyabr,
433-son