Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda respublikada turizm va sport sohalarini yanada rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan turizm, sport va madaniy meros sohalarini rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan xususiy sektorning ushbu yoʻnalishlardagi rolini oshirish boʻyicha oʻz yechimini topmagan masalalar mavjud.
Turizm, sport va madaniy meros sohalarida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ilgʻor xorijiy tajribaga tayanib ushbu yoʻnalishlarda infratuzilmani jadal rivojlantirish, obyektlardan samarali foydalanish, aholiga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi negizida Turizm va sport vazirligi;
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalari negizida Turizm va sport vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Turizm va sport vazirligi turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Turizm va sport vazirligi oʻz vakolatlari doirasida umummajburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;
davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Turizm va sport vazirligining murojaatiga koʻra tegishli maʼlumotlarni oʻrnatilgan tartibda taqdim etadi;
turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Turizm va sport vazirligi bilan kelishiladi.
3. Turizm va sport vazirligining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
a) turizm sohasida:
turizm obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirishga, turizm sohasida yagona davlat siyosati yuritilishiga yoʻnaltirilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targʻib qilishga, mamlakatimizning turizm qiyofasini saqlab qolish va rivojlantirishga, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yoʻnaltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;
ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan turizm infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish;
turizm turlarini diversifikatsiyalash, eng avvalo, ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
turizm sohasida xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirish hamda turizm xizmatlarining belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi boʻyicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
turizm xizmatlarini tashkil etishda turistlarning xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlashga yoʻnaltirilgan turizm xizmatlarini koʻrsatish sifati va xavfsizligi standartlarini ishlab chiqish;
turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama koʻmaklashish, ushbu sohaga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;
turizm obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, ularga investorlarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
turizm faoliyati sohasida turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar hamda turizm sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish;
turizm sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori darajada tashkil etish, tarmoq turizm fanlarini rivojlantirishga koʻmaklashish;
b) jismoniy tarbiya va sport sohasida:
sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
aholining keng qatlamlarini sport bilan shugʻullanishga va sogʻlom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sogʻlom oʻsib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini taʼminlashga qaratilgan yagona siyosatni amalga oshirish;
vazirliklar va idoralarning jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining, sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalari) faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim hamda oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, instruktor va trenerlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, taʼlim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlariga keng jalb qilish borasida keng koʻlamli ishlarni tashkillashtirish;
bolalarni sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishga jalb etish, bolalar sport taʼlimi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda sport obyektlari tarmogʻini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;
Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish), tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;
respublikadagi barcha vazirlik va idoralar (jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar) uchun sport normativlarini ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha yagona siyosatni olib borish;
mamlakatimizda ommaviy va professional sportni, shu jumladan, sport oʻyinlari, ekstremal va qishki sport turlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari boʻyicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosogʻlom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar koʻrishni taʼminlash;
ommaviy va professional sport yoʻnalishlari boʻyicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanishni taʼminlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish boʻyicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, taʼlim va sport-taʼlim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan taʼminlash;
xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etish;
v) moddiy madaniy meros sohasida:
madaniy meros obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
davlat nazoratini amalga oshirish hamda moddiy madaniy meros obyektlarining, shu jumladan muzey ashyolari va kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish, ularni muhofaza qilish, ilmiy tadqiq etish va ommalashtirish, shuningdek, ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, xususan, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya talablari hamda YUNESKO va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini samarali bajarish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, olimlar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik qilish;
alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolish;
chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning toʻliq maʼlumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borishni tashkil qilish.
4. Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) etib qayta tashkil qilinsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Kengash turizm, sport va madaniy meros obyektlarining davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarilishini hamda mazkur sohalarga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishini muvofiqlashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasi:
a) uch oy muddatda:
madaniy meros obyektlarining oʻziga xos xususiyatini inobatga olib, ularga har qanday salbiy taʼsirlarni oldini olish, uzluksiz ravishda davlat va ilmiy-texnik nazorat olib borishni nazarda tutgan holda sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish tartibini;
turizm, sport va madaniy meros obyektlari, shu jumladan ularning yer uchastkalari, binolari yoki qismlari va xonalarini davlat-xususiy sheriklik asosida berish yuzasidan xatlovdan oʻtkazilishini hamda uning natijalaridan kelib chiqib, ushbu obyektlarning roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) roʻyxatga kiritilgan har bir obyekt boʻyicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi va uning konsepsiyasi, bitimlari hamda tender hujjatlarini tayyorlasin.
Kengashga roʻyxatga kiritilgan umumiy qiymati bir million AQSh dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida tender oʻtkazmasdan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim tuzish yuzasidan ruxsat berish huquqi berilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida:
Bosh vazir oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi lavozimi tugatilsin;
Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri lavozimi kiritilsin;
Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati etib qayta nomlansin va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafar etib belgilansin. Bunda, qoʻshimcha ajratilayotgan 3 ta shtat birligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining qisqartirilayotgan xodimlari soni hisobiga shakllantiriladi;
Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati Taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati etib qayta nomlansin va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 18 nafar etib belgilansin;
Davlat tilini rivojlantirish departamenti Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti etib qayta nomlansin va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 7 nafar etib belgilansin;
10 ta shtat birligidan iborat Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi shtat birliklari Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi negizida Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilsin.
Madaniyat vazirligining hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalaridagi moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish boʻlimlari tugatilsin va ularning shtat birliklari tegishliligicha Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalariga oʻtkazilsin.
8. Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qoʻriqxonalar va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va “Moziydan sado” jurnali mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan toʻliq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniy meros agentligiga oʻtkazilsin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Madaniy meros agentligi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
2021-yilda va kelgusi yillarda Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlar Turizm va sport vazirligiga ajratiladi;
Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish boʻyicha Madaniy meros agentligi buyurtmachi hisoblanadi.
10. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati, Taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati, Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamda Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasining tuzilmalari, yangilangan shtat jadvallari hamda kotibiyat va inspeksiya toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri hamda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarining funksional vazifalarini tasdiqlasin;
Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyatini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, qoʻyilgan vazifalar samarali bajarilishini yuksak professional darajada taʼminlashga qodir boʻlgan malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq Hukumat qarorini qabul qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Turizm va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Kadastr agentligi, Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar:
Keyingi tahrirga qarang.
Turizm va sport vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, Madaniy meros jamgʻarmasi, madaniy meros sohasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan maxsus elektron portalni yaratsin, ushbu portalga barcha sport va madaniy meros obyektlari haqidagi maʼlumotlarning (shu jumladan pasporti, davlat kadastri) joylashtirilishini va uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin;
barcha moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazsin hamda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari davlat reyestri, elektron katalogini, pasporti va davlat kadastrini toʻliq shakllantirsin.
12. Transport vazirligining belgilangan shtat birliklari doirasida vazirning turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilsin.
13. Belgilansinki, transport vazirining turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi:
Kengashning taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
oʻz faoliyati davrida amalga oshirgan ishlari yuzasidan har oyda Kengashga hisobot berib boradi.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
moddiy madaniy meros obyektining oʻzgartirilishi mumkin boʻlmagan oʻziga xos xususiyatlarini va uning tarixiy muhitini saqlab qolish maqsadida unga tutash hududdagi muhofaza tegralarida kapital qurilish ishlarini hamda ularga zarar yetkazish bilan bogʻliq faoliyatni;
ruxsatnoma olmasdan turib moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
15. Turizm va sport vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) ikki oy muddatda moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatgan holda madaniy meros obyektlarini ularning muhofaza tegralari boʻylab oʻrab olish (toʻsib qoʻyish) va himoya qilish hamda qoʻriqlashning yangi tizimini joriy etish boʻyicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) uch oy muddatda Bosh prokuratura bilan birgalikda madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarida noqonuniy qurilgan qurilmalar va bino-inshootlarni bartaraf etish, ularning yer maydonlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar belgilasin;
v) 2022-yil 1-yanvarga qadar:
tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini har birining joyiga borgan holda aniqlash, yangi obyekt boʻyicha tarixiy-madaniy ekspertiza oʻtkazish va ularni davlat muhofazasiga olishni taʼminlasin;
moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarini, shu jumladan muhofaza tegralari, imoratlar qurish va xoʻjalik faoliyatini tartibga solish tegralari, qoʻriqlanadigan tabiiy landshaft tegralarini belgilasin;
xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda madaniy meros, shu jumladan arxeologiya merosi obyektlari, madaniy boyliklarni olib kirish va olib chiqish, nomoddiy meros sohasiga oid qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar normalarini umumlashtirib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi yagona qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Bosh prokuratura tashkiliy-shtat tuzilmasida 3 ta shtat birligidan iborat boʻlgan madaniy meros sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan, shu jumladan, madaniy merosni muhofaza qilish, asrashga doir ishlar va ulardan foydalanishning oqilona tashkil etilishini nazorat qilish boʻyicha tegishli boʻlim tashkil etilsin.
Bunda, 3 ta shtat birligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari xodimlari sonini qisqartirish hisobiga ajratiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Turizm va sport vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jismoniy tarbiya va sport universitetiga qabul qilish talablarini qayta koʻrib chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
18. Vazirliklar va idoralar hududlarda ishbilarmonlik turizmini (MICE-turizm) yanada rivojlantirish maqsadida 2021–2022-yillarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan sport, madaniyat, ilm-maʼrifat, iqtisodiyot, investitsiya hamda boshqa yoʻnalishlardagi yirik xalqaro tadbirlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etish choralarini koʻrsin.
19. Turizm va sport vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-aprel,
PF-6199-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
|
1. |
A.N. Aripov |
— |
Bosh vazir, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi |
|
2. |
Lavozimi boʻyicha |
— |
Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi oʻrinbosari |
|
3. |
O.A. Nazarbekov |
— |
madaniyat vaziri |
|
4. |
Sh.M. Sadikov |
— |
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri |
|
5. |
T.A. Ishmetov |
— |
moliya vaziri |
|
6. |
B.I. Zakirov |
— |
qurilish vaziri |
|
7. |
I.R. Maxkamov |
— |
transport vaziri |
|
8. |
F.F. Abduxalikov |
— |
“Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori |
|
9. |
X.N. Xosilov |
— |
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisi v.b. |
|
10. |
U.T. Abdullayev |
— |
“Hunarmand” uyushmasi raisi |
|
11. |
Lavozimi boʻyicha |
— |
Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati mudiri, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi |
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 06/21/6199/0301-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son; 27.07.2023-y., 06/23/114/0527-son)