Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinib, ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda xodimlarga moddiy madad berish tartibi haqidagi tushuntirishga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 1-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 720-1]
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan 1999-yil 15-aprelda 684/04-1-son bilan tasdiqlangan Mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinib, ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda xodimlarga moddiy madad berish tartibi haqidagi tushuntirishning (roʻyxat raqami 720, 1999-yil 10-may) yettinchi va sakkizinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Misol. Mehnat shartnomasi 1-martdan bekor qilinishi haqidagi bildiruv xati bilan xodim 1-yanvarda yozma tarzda ogohlantirildi. Lekin, xodim bilan ish beruvchining kelishuvi asosida ushbu ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va xodim bilan mehnat shartnomasi 1-yanvardan bekor qilindi. Xodimga ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda (yanvar, fevral oylari uchun) pullik kompensatsiya va bir oylik (yanvar uchun) ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlandi. Agarda xodim, ishga joylashmaganligini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasining koʻchirma nusxasi bilan tasdiqlasa (elektron mehnat daftarchasining koʻchirma nusxasida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirish my.mehnat.uz elektron manzili boʻyicha elektron mehnat daftarchasining noyob raqamini kiritish yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qilish orqali amalga oshiriladi), Mehnat kodeksining 67-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan ikkinchi oy (fevral) uchun oʻrtacha oylik ish haqini mart oyida olish huquqiga ega boʻladi.
Ushbu xodim, mehnat shartnomasi bekor qilingandan soʻng oʻttiz kalendar kun ichida, yaʼni 2-yanvardan 31-yanvargacha boʻlgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa va aprel oyida bu toʻgʻrisida mehnat organining maʼlumotnomasini taqdim qilsa, unga uchinchi oy (mart) uchun ham ilgarigi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanadi.”.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. XUSANOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-mart,
11-2021-B-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2021-y., 10/21/720-1/0267-son)