Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2020-yildagi faoliyati boʻyicha hisobotini eshitib, tashqi siyosiy aloqalarni yanada rivojlantirish sohasida muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Hisobot davrida Tashqi ishlar vazirligi 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasida, Oliy Majlis Senati qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashga eʼtibor qaratgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya va Rossiyaga tashrifi, xorijiy davlat rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan 80 ga yaqin muloqot va nufuzli tadbirlari tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan qabul qilingan “yoʻl xaritalari” hamda 32 ta ikki tomonlama hujjat turli darajadagi tadbirlarda va diplomatik kanallar orqali imzolangan.
Oʻzbekistonning BMT, Jahon savdo tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tuzilmalar va integratsion birlashmalar bilan hamkorligini rivojlantirish borasida faol ish olib borilgan. Xususan, Oʻzbekiston raisligida Oʻzbekistonning MDH davlatlari bilan hamkorlik faoliyati doirasida 60 dan ortiq tadbirlar oʻtkazilgan.
Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy va ijtimoiy taʼsirlarni kamaytirish maqsadida diplomatik vakolatxonalar koʻmagida qiymati 350 mln. AQSh dollaridan ortiq boʻlgan grantlar va moliyaviy-texnik mablagʻlar, shuningdek 12 mln. AQSh dollariga yaqin insonparvarlik yordami mablagʻlari jalb qilingan.
Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasining 600 mingdan ortiq fuqarolarini xorijiy davlatlardan mamlakatga qaytarib olib kelishga muvaffaq boʻlindi.
Shu bilan birga, sohada eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan ayrim masalalar mavjud. Jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik xizmat faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmagan;
diplomatik vakolatxonalar tomonidan taklif etilgan investitsiya loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ijrosini nazorat qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmagan. Natijada Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari tomonidan ilgari surilgan loyihalarning katta qismi amalga oshirish bosqichiga oʻtmasdan, faqatgina “qogʻozda” qolib ketgan;
Oʻzbekiston vakolatxonasi joylashgan mamlakatdagi mavjud salohiyatdan (“kuchli tomonlari”dan) kelib chiqib, hamkorlikning maqsadli vazifalari va loyihalarini, shuningdek Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish boʻyicha turli xil yondashuvlar ishlab chiqilmagan;
savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va respublikaning chegaraoldi hududlarida yuzaga keladigan muammolarni hal qilishning muhim elementi sifatida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha strategik qarash, konsepsiya ishlab chiqilmagan;
istiqbolli tashqi savdo bozorlarining tahliliy va marketing tadqiqotlarini tashkil etish, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar, tadbirkorlar birlashmalari va yetakchi eksportchi korxonalarga oʻrganish natijalarini tezkor taqdim etish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini hisobga olish va ijrosini monitoring qiladigan yagona elektron tizim toʻliq ishga tushirilmagan;
vazirlik tizimidagi boʻsh ish oʻrinlari, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va tanlov mexanizmlari boʻyicha fuqarolarni xabardor qilishning shaffof tizimi mavjud emas;
vazirlik faoliyati, xalqaro munosabatlar kun tartibidagi eng dolzarb masalalar boʻyicha Oʻzbekistonning nuqtai nazari toʻgʻrisida mahalliy va xorijiy jamoatchilikni muntazam ravishda (bir oyda kamida bir marta) keng xabardor qilib borish mexanizmi haligacha amaliyotga toʻliq tatbiq etilmagan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tashabbusi bilan ilgari surilgan investitsiya loyihalari ijrosining holati boʻyicha samarali nazorat tizimini joriy etsin va har chorakda ushbu masala boʻyicha axborot-tahliliy materiallar Oliy Majlis Senatiga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
“Diplomatik xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilishi, kelishilishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini jadallashtirsin;
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi yigʻilishida Oʻzbekistonning AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshituvini oʻtkazish muddati yuzasidan taklif kiritsin;
transchegaraviy savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqsin va ushbu jarayonda mahalliy hokimiyat vakillik organlari rolini oshirishni ham inobatga olsin. Strategiya loyihasini ikki oy muddatda Oliy Majlis Senatiga va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisini oʻrindoshlik asosida Oʻzbekiston Respublikasining Gruziyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlash masalasini tezlashtirsin;
diplomatik vakolatxonalar joylashgan mamlakatlardagi bozorlarni tahliliy, marketing tadqiq etish natijalarini doimiy va tezkor ravishda tegishli vazirlik hamda idoralarga, tadbirkorlar uyushmalariga va respublikaning yetakchi eksportchi korxonalariga taqdim etib borish mexanizmini joriy etsin;
Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi joylashgan xorijiy davlatlarning haqiqiy imkoniyatlari va salohiyatidan kelib chiqib, har bir diplomatik vakolatxona oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
jahon hamjamiyatini Oʻzbekistonda yuz berayotgan tub oʻzgarishlar, olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida keng xabardor qilish boʻyicha ishlarni kuchaytirsin;
vazirlik tizimidagi mavjud boʻsh ish oʻrinlari, zarur hujjatlarni taqdim etish mexanizmlari va nomzodlarni tanlash bosqichlari toʻgʻrisidagi hamda talabgorlar uchun aniq mezonlar koʻrsatilgan maʼlumotlar vazirlik veb-saytida muntazam yangilab va toʻliq eʼlon qilib borilishini taʼminlasin;
“Dunyo” axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Takliflarda Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlar, mavjud vaziyat toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplash va ularni mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan mahalliy hamda xorijiy jurnalistlar orasida tarqatish boʻyicha axborot maydonini shakllantirish masalalarini nazarda tutsin;
Oliy Majlis Senatining 2019-yil 24-avgustdagi SQ-476-III-sonli Qarori bilan belgilangan mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun bir oyda kamida bir marta brifinglar tashkil etish vazifasi ijrosini soʻzsiz taʼminlasin;
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
nazorat oʻtkazish punktlaridan oʻtish tartib-taomilini soddalashtirish masalasini ishlab chiqishni nazarda tutuvchi “bitta tur — bir nechta davlat” tamoyili asosida mintaqaning qoʻshni davlatlari bilan turizmni rivojlantirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasini shakllantirsin hamda oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
mintaqa davlatlarining aniq asoslangan takliflaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston shaharlari va xorijiy mamlakatlar oʻrtasida yangi birodarlik aloqalarini oʻrnatish masalasini ishlab chiqsin;
mazkur Qarorning ijrosi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborotni 2021-yil 1-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan taklif etilgan investitsiya loyihalari ijrosining holati, amalga oshirilmayotgan loyihalar va ularga taʼsir etuvchi salbiy omillarni tanqidiy koʻrib chiqsin hamda tahlil natijasi boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrsin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda investorlar ishonchliligini tekshirish va tartibga solishga yoʻnaltirilgan, shuningdek investitsiya loyihalarining borishini monitoring qilish hamda ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni zudlik bilan bartaraf etishda mahalliy hokimiyat organlari bilan muvofiqlashtirishni yanada chuqurlashtirishni nazarda tutuvchi alohida mexanizm ishlab chiqib, amaliyotga joriy etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xalqaro shartnomalarni, ularning amalga oshirilishini inventarizatsiya va monitoring qilishni yagona hisobga olish elektron maʼlumotlar bazasi toʻliq ishga tushirilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligiga transchegaraviy savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻrni va rolini oshirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Qarorning 2, 4, 5 va 6-bandlari ijrosi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborotni 2021-yil 15-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etsin.
8. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R. Alimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-246-IV-son