Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankini Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020 — 2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida” 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son Farmoni ijrosini taʼminlash, “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining raqobatbardoshligi va investitsion jozibardorligini yuqori darajaga koʻtarish hamda kelgusida xususiylashtirish uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki faoliyatini jahon tajribasi asosida transformatsiya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2019-yil 5-iyulda “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining (keyingi oʻrinlarda — Bank) faoliyatini institutsional oʻzgartirish va zamonaviy biznes modelini joriy etish boʻyicha Bank va Xalqaro moliya korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — XMK) oʻrtasida loyihaga xizmat koʻrsatish kelishuvi imzolanganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
XMK tomonidan ajratiladigan kreditni toʻliq yoki uning bir qismini Bankning qoʻshimcha chiqariladigan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan 75,0 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochilishi toʻgʻrisida bitim imzolanishi rejalashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Bank faoliyatining mustaqilligini taʼminlash maqsadida xususiylashtirishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida 2021-yilning dekabr oyi oxirigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar (kelgusi davrlarda ularga toʻliq rioya etilishi taʼminlanadi) amalga oshiriladi:
Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-apreldagi 356-son qarorining 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan tartibni Bank kuzatuv kengashi aʼzoligiga va boshqaruviga nomzodlarni koʻrsatish va tayinlashga nisbatan tatbiq etmaslik;
Bank kuzatuv kengashining yangi tarkibini bank strategiyasi yoʻnalishidan kelib chiqqan holda xalqaro bank tajribasiga ega mustaqil aʼzolarni jalb qilish va ularning sonini besh nafarga yetkazish (Bank kuzatuv kengashi aʼzolari soni toʻqqiz nafar ekanligi inobatga olinib) orqali shakllantirish;
Bank kuzatuv kengashi huzuridagi qoʻmitalarni shakllantirishda xalqaro amaliyot talablarini inobatga olgan holda qoʻmitalar tarkibi asosan mustaqil aʼzolardan iborat boʻlishini va/yoki ularning qoʻmitalar raisligiga tayinlanishini taʼminlash;
Bank kuzatuv kengashi aʼzolarini ragʻbatlantirish va mukofotlash tizimida xalqaro tajriba standartlarini qoʻllash;
Bank kuzatuv kengashi tomonidan Bank ijro etuvchi organini, shuningdek ijro etuvchi organ aʼzolarining (boshqaruv raisi va aʼzolari) mehnatiga haq toʻlash miqdorini bozor amaliyoti standartlari va Bankdagi mehnat samaradorligini baholash tizimidan (KPI) kelib chiqqan holda shakllantirish va belgilash;
Bankka aloqador shaxslar, shu jumladan davlat ulushi mavjud xoʻjalik jamiyatlari bilan xar qanday operatsiyalarni tartibga soluvchi siyosatni joriy qilish va unga rioya qilish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishda operatsion mustaqillik, bozor tamoyillari va xatarlarni boshqarish tizimidan kelib chiqqan holda Bankning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan mustaqil ravishda, Bank siyosati asosida qaror qabul qilish;
bank faoliyatiga xos boʻlmagan yoʻnalishda tijorat tashkilotlarining ustav fondi (kapitali)ga Bank mablagʻlarini investitsiya tariqasida jalb qilishni man etish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. XMKning Bank aksiyadorlari tarkibiga kirish toʻgʻrisidagi tegishli xabarnomasi olingandan soʻng (bunday xabarnoma olingandan keyin 90 kundan kechiktirilmagan muddatda) quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilsin:
Bankni Vazirlar Mahkamasining kotibiyatlariga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, shuningdek,mahalliy ijroiya hokimiyati organlari roʻyxatidan chiqarish;
mustaqil direktorlar orasidan Bank kuzatuv kengashi raisini saylash.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Moliya vazirligi Bank bilan birgalikda XMK hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Bankni xususiylashtirish jarayonining asosiy bosqichlarini hamda korporativ boshqaruv tuzilmasiga oʻzgarishlar kiritishga va axborotni oshkor qilish amaliyotini joriy qilishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni, shuningdek, tomonlarning Bankni xususiylashtirish jarayonini amalga oshirishga doir majburiyatlari 2023-yil yakuniga qadar bajarilishini nazarda tutadigan “yoʻl xaritasi”ni (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) ikki oy muddatda ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga:
bosh ofis va filiallar tarmogʻi xodimlarini ragʻbatlantirish mexanizmiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shu jumladan mijozlarning sadoqati va qoniqish darajasidan kelib chiqqan holda mehnat samaradorligini baholash tizimini (KPI) joriy etish jarayonini jadallashtirish;
Bankning investitsiya faoliyati natijasida xarid qilingan va bank faoliyatiga xos boʻlmagan aktivlarni sotish. Aktivlarni ular savdoga qoʻyilgan muddatdan boshlab 3 oy davomida baholash (bozor) qiymatida sotish (ulushni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotish) imkoni boʻlmaganda, ularning bozor narxini nominal qiymatgacha kamaytirish va ushbu masalani Bank kuzatuv kengashi yigʻilishida koʻrib chiqish;
Bank aksiyadorlarining manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan, bank aktivlari va kredit portfeli tuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar ulushini kamaytirish boʻyicha samarali choralar koʻrish;
bank xizmatlarining jozibadorligini oshirish, zamonaviy va masofaviy moliyaviy xizmat turlarini, IT-texnologiyalarni qoʻllashni kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini (ayniqsa, tavakkalchiliklarni boshqarish, IT sohasida) muntazam ravishda takomillashtirish tavsiya etilsin.
6. Moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
“yoʻl xaritasi”ga muvofiq 2023-yil oxiriga qadar Bankni xususiylashtirish va bank ustav fondi (kapitali)dagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Bank va XMK oʻrtasidagi kredit bitimida nazarda tutilgan shartlar asosida Bankning kredit boʻyicha XMK oldidagi qarzdorligining jami summasi yoki bir qismini bank tomonidan qoʻshimcha chiqariladigan oddiy aksiyalarga konvertatsiya qilish imkoniyatini berish;
Keyingi tahrirga qarang.
Bank “yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan muddatgacha xususiylashtirilmagan yoki ushbu qarorning 7-bandida qayd etilgan bitimlar shartlari bajarilmagan taqdirda, Bankning XMKga tegishli oddiy aksiyalarini qayta sotib olish boʻyicha davlat majburiyatini qabul qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan muzokaralar olib borish vakolati berilsin va Oʻzbekiston Respublikasi nomidan harakat qiladigan Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — TTJ) hamda XMK oʻrtasida belgilangan tartibda quyidagi bitimlar tuzilishi maʼqullansin:
ushbu loyihani amalga oshirish uchun tomonlar majburiyatlari, shu jumladan, Bankdagi davlat nazorat paketini kamaytirish tartibi, muddati va usullari, shuningdek, Bank faoliyatini tijoratlashtirishga erishish va uning operatsion mustaqilligini oshirishga doir chora-tadbirlar koʻrsatilgan implementatsiya toʻgʻrisidagi bitim;
XMK bilan kredit bitimining amal qilish muddati davomida Bank ustav fondi (kapitali)dagi davlat ulushini kamida 50 foiz va bir dona aksiya miqdorida saqlashni nazarda tutadigan (davlat tomonidan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq oʻz majburiyatlarini bajarish hollari bundan mustasno) ustav fondi (kapitali)dagi miqdorni saqlash toʻgʻrisidagi bitim;
Bankning taqdim etilgan kredit boʻyicha XMK oldidagi qarzdorligining jami summasi yoki bir qismini Bankning qoʻshimcha chiqarilgan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish opsionini XMK tomonidan amalga oshirishda tuziladigan va Moliya vazirligi, TTJ hamda XMKning Bankni boshqarish boʻyicha vakolatlari aniq koʻrsatilgan aksionerlik bitimi;
davlat va/yoki Bank tomonidan “yoʻl xaritasi” va bitimlar shartlari bajarilmagan taqdirda, Bankning XMKga tegishli boʻlgan aksiyalarini Bankning taqdim etilgan kredit boʻyicha XMK oldidagi qarzdorligining jami summasi yoki bir qismini Bankning qoʻshimcha chiqarilgan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish opsionini XMK tomonidan amalga oshirishda tuziladigan shartnomada belgilangan tartibda TTJ tomonidan qayta sotib olish boʻyicha davlat majburiyatlarini oʻz ichiga oladigan aksiyalarni qayta sotib olish toʻgʻrisidagi bitim;
ushbu loyiha va “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa bitimlar.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) “yoʻl xaritasi” va bitimlar shartlari davlat tomonidan bajarilmagan taqdirda, TTJ:
aksiyalarni qayta sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq aksiyalar qiymati toʻlanishini taʼminlaydi;
Bankning XMKga tegishli boʻlgan aksiyalarini birja yoki birjadan tashqari savdolarga qoʻymasdan, toʻgʻridan toʻgʻri bitimlar tuzish orqali sotib olish huquqidan foydalanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) TTJning Bank ustav fondi (kapitali)dagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 13-noyabrdagi PQ-4015-son qaroriga muvofiq kiritilgan 50 mln AQSh dollar ekvivalentidagi ulushi Bankni xususiylashtirish jarayonida investorlarga sotiladi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-mart,
161-son