Bitim
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kotibiyatining moliyaviy qoidalari toʻgʻrisida
Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkiya Respublikasi Hukumatlari, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga amal qilgan holda,
2009-yil 3-oktabrdagi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimining 11-moddasi qoidalarini amalga oshirishga intilib,
2011-yil 27-dekabrda imzolangan Turkiya Respublikasi Hukumati bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Kotibiyati oʻrtasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Kotibiyati boʻyicha Mezbon mamlakat Bitimiga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Atamalar
Atamalar
“Turkiy kengash” Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini anglatadi;
“Kotibiyat” Turkiy kengash Kotibiyatini anglatadi;
“Budjet” Kotibiyat vazifalari va funksiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan mablagʻlarni shakllantirish va tasarruf etishni anglatadi;
“Moliyaviy yil” kalendar yilining 1-yanvaridan boshlab 31-dekabrigacha davom etadigan muddatni anglatadi;
“Badallar” joriy moliyaviy yilda Kotibiyat faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida Tomonlar uchun belgilangan miqdorni anglatadi;
“TIVK” Turkiy kengash Tashqi ishlar vazirlari kengashini anglatadi;
“OK” Turkiy kengash Oqsoqollar kengashini anglatadi;
“KMQ” Turkiy kengash Katta mansabdor shaxslar qoʻmitasini anglatadi;
“Mezbon mamlakat” Kotibiyatning shtab-kvartirasi joylashgan Turkiy Kengashga aʼzo davlatni anglatadi;
“Tashqi audit” — TIVK tomonidan tayinlangan mustaqil auditor/auditorlar tomonidan oʻtkaziladigan Kotibiyat moliyaviy va iqtisodiy faoliyatini tekshiruvdan oʻtkazishni anglatadi;
“Daromadlar” — Kotibiyat tomonidan budjetga belgilangan badallar shaklida kiritilgan mablagʻlarni anglatadi;
“Boshqa daromadlar” — belgilangan badallardan, naqd shaklidagi xayriyalar, shuningdek joriy moliyaviy yilda xarajatlarni toʻgʻridan toʻgʻri qoplash natijasida olingan summalardan tashqari, barcha tushumlarni anglatadi;
“Xarajatlar” — Kotibiyat tomonidan uning vazifalari va funksiyalarini moliyalashtirish uchun budjetdan ajratilgan mablagʻlarni anglatadi;
“Aylanma mablagʻlar zaxirasi” — majburiy badallar toʻliq toʻlanguniga qadar Kotibiyat xarajatlari uchun foydalaniladigan budjetning bir qismini anglatadi;
2-modda
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
Mazkur Bitim OK bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz ichiga olgan Kotibiyat budjetini moliyalashtirish manbalari, uni shakllantirish va amalga oshirish tartibini belgilaydi hamda ular faoliyatining asosiy moliyaviy jabhalarini tartibga soladi.
3-modda
Budjet
Budjet
1. Kotibiyat budjeti, shu jumladan, OK xarajatlari moliyaviy yilning pul va/yoki boshqa shakllardagi barcha daromad va xarajatlarini oʻz ichiga oladi.
2. Kotibiyat budjeti KMQ tomonidan maʼqullangandan soʻng, TIVK tomonidan tasdiqlanadi.
3. Daromadlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) Asosiy daromad sifatida aʼzo-davlatlarning majburiy badallari;
i) Badallar shkalasi quyidagicha belgilanadi:
Qirgʻiziston Respublikasi — 1/15
Qozogʻiston Respublikasi — 4/15
Ozarbayjon Respublikasi — 2/15
Turkiya Respublikasi — 8/15.
ii) Biroq, aʼzolarning iqtisodiy salohiyati oʻzgarishi va/yoki tashkilotning kengayish ehtiyoji yuzaga kelsa, TIVK KMQ orqali ushbu oʻlchovni oʻzgartirishga vakolatlidir. Ushbu oʻzgartirishlar kelgusi yil budjeti uchun amalda boʻladi va badallar tegishli ravishda amalga oshiriladi;
iii) Agar badallarning yangi shkalasi boʻyicha konsensus boʻlmasa, mazkur moddada koʻrsatilgan shkala amal qilishda davom etadi;
iv) Mazkur Bitim ratifikatsiya qilingunga qadar ixtiyoriy badallar ushbu shkala boʻyicha amalga oshiriladi;
b) Tomonlarning ixtiyoriy badallari hisobidan Kotibiyat budjetiga toʻlovlar miqdori chegaralanmagan;
c) Tomonlarning roziligi bilan Turkiy kengash kuzatuvchi davlatlari, boshqa davlatlar, Turkiya kengash kuzatuvchi tashkilotlari, boshqa xalqaro tashkilotlar va forumlar, yuridik va jismoniy shaxslardan ixtiyoriy badallar pul va/yoki boshqa shakllarda qabul qilinishi mumkin;
d) boshqa daromadlar, agar ular Kotibiyatning maqsadlari va vazifalariga zid kelmasa.
4. Xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) Bosh kotibning ish haqi, shu jumladan:
4.a.1. tibbiy sugʻurta, 4.a.2. qaramogʻidagi shaxslar uchun nafaqa, 4.a.3. bolalar uchun nafaqa, 4.a.4. taʼlim uchun grantlar, 4.a.5. turar-joy uchun moddiy taʼminot, 4.a.6. yoʻlkira xarajatlari, 4.a.7. uy taʼtili, 4.a.8. vakillik uchun ustama, 4.a.9. ijtimoiy taʼminot toʻlovlari.
b) Bosh kotib oʻrinbosarlarining ish haqi, shu jumladan:
4.b.1. tibbiy sugʻurta, 4.b.2. qaramogʻidagi shaxslar uchun nafaqa, 4.b.3. bolalar uchun nafaqa, 4.b.4. taʼlim uchun grantlar, 4.b.5. yoʻlkira xarajatlari, 4.b.6. uy taʼtili (yilda bir marta), 4.b.7. vakillik uchun ustama, 4.b.8. ijtimoiy taʼminot toʻlovlari.
s) Kotibiyat personalining ish haqi, shu jumladan:
4.c.1. tibbiy sugʻurta, 4.c.2. qaramogʻidagi shaxslar uchun nafaqa, 4.c.3. bolalar uchun nafaqa, 4.c.4. taʼlim uchun grantlar, 4.c.5. yoʻlkira xarajatlari, 4.c.6. uy taʼtili (yilda bir marta), 4.b.7. ijtimoiy taʼminot toʻlovlari, 4.c.8. til uchun ustama (Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Kotibiyati xodimlari toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq G kategoriyadagi personal uchun).
d) xizmat muddati tugashi munosabati bilan xodimlarga toʻlanadigan haq;
e) xodimlarning xizmat shartnomalari bekor qilingan taqdirda toʻlanadigan haq;
f) Bosh kotib, Bosh kotib oʻrinbosarlari, Kotibiyat xodimlari va OK aʼzolarining xizmat safarlari xarajatlari, shu jumladan sutkalik xarajatlar, transport xarajatlari va turar-joy xarajatlari;
g) Kotibiyat uchun tovar va xizmatlarni sotib olish;
h) Ofis mebeli va jihozlarini, avtotransport vositalarini va Kotibiyat faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa vositalarni sotib olish;
i) Boshqa xarajatlar, shu jumladan Kotibiyatning kundalik faoliyati bilan bogʻliq quyidagi xarajatlar:
binolar, ofis mebellari, jihozlar, avtomobillar va boshqa vositalardan foydalanish va taʼmirlash;
Kadrlar malakasini oshirish;
Nomzodlar xarajatlari;
Loyihalar xarajatlari;
Protokol xarajatlari;
Konsalting.
5. Moliyaviy yil uchun xodimlarning lavozimi va ish haqiga muvofiq xarajatlarni koʻrsatuvchi Kotibiyat Shtatlar jadvali Kotibiyat tomonidan tayyorlanadi KMQ tomonidan maʼqullangandan soʻng, TIVK tomonidan tasdiqlanadi.
4-modda
Budjetni ijro etish
Budjetni ijro etish
1. Budjet Kotibiyat tomonidan ijro etiladi.
2. Har bir Tomon majburiy badalining aniq miqdori budjetda koʻrsatiladi.
3. Budjetga yillik badallar AQSh dollarida hisoblanadi va toʻlanadi.
4. Kotibiyat TIVKga uning yigʻilishlari davomida hisoblangan badallar toʻliq budjetga oʻtkazilganligi haqida maʼlumot beradi.
5. Tegishli badallarni moliyaviy yilning birinchi uch oyi davomida toʻlash afzalroqdir. Biroq milliy qonunchilikka binoan buning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, toʻlovlar har uch oyning birinchi kunida amalga oshiriladigan toʻrtta intervalda toʻlanishi mumkin.
5-modda
Xarajatlar smetasi
Xarajatlar smetasi
1. Kotibiyat budjeti moliyaviy yil uchun sarf-xarajatlarni oʻz ichiga oluvchi hujjat — xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Kotibiyat budjet loyihasini shakllantiradi va uni yangi moliyaviy yildan oldingi yilning birinchi yarmida har bir band boʻyicha hisob-kitoblar va asoslar bilan Tomonlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
3. Milliy valyutadagi xarajatlar uchun budjet smetasi boʻyicha ayirboshlash kurslari Mezbon mamlakat Markaziy banki tomonidan avvalgi yilning oʻrtacha ayirboshlash kursiga asoslangan.
4. Tasdiqlangan budjet doirasida bir banddan ikkinchisiga har qanday pul oʻtkazish oylik maoshi boʻyicha bandni istisno qilgan holda, Tomonlarni avvaldan xabardor qilish orqali Kotibiyat tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
5. Kotibiyatning moliyaviy yil oxiriga kelib moʻljallangan maqsadlarda foydalanilmagan budjet mablagʻlari keyingi moliyaviy yili budjeti daromadlariga qoʻshilishi lozim. Har bir aʼzo davlatning badallari tegishli tarzda hisoblab chiqiladi va ularning sof badallari miqdori Tomonlarga etkaziladi.
6. Jihozlar va mustahkam buyumlarni sotib olish uchun toʻliq ishlatilmagani sababli 1-yanvar holatiga shakllangan qoldiq budjet kutilayotgan buyurtmalar boʻyicha toʻlovlar uchun sarflanadi.
6-modda
Mablagʻlarni saqlash
Mablagʻlarni saqlash
1. Bosh kotib Kotibiyat mablagʻlari saqlanadigan bank hisobvaragʻi/hisobvaraqlarini belgilaydi.
2. Kotibiyatning hisobvaraqlari AQSh dollarida va Mezbon mamlakat milliy valyutasida yuritiladi. Avvalgi muddatdagi xarajatlari uchun ayirboshlash kursini hisoblash Mezbon mamlakat Markaziy bankining uch oylik oʻrtacha ayirboshlash kursiga asoslanadi.
7-modda
Hisobdorlik
Hisobdorlik
1. Bosh kotib Kotibiyatning moliyaviy resurslarini boshqarishni nazorat qiladi va buning uchun KMQ orqali TIVKga hisobdordir.
2. Bosh kotib har bir moliyaviy yil uchun yillik hisob-kitoblarni/hisobotni oʻtgan moliyaviy yildan keyingi yilning 31-martidan kechiktirmay KMQ orqali TIVKga taqdim etadi.
3. Har bir moliyaviy yil soʻngidagi daromad yoki kamomad tushumning xarajatlardan oshib ketishi yoki xarajatlarning tushumlardan oshib ketishini hisoblash orqali aniqlanishi mumkin. Kotibiyat budjetining naqd pul tanqisligi yuzaga kelgan holatda, Bosh kotib KMQ orqali TIVKga xabar beradi va zarur moliyaviy choralar qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
8-modda
Auditorlik tekshiruvi
Auditorlik tekshiruvi
1. Kotibiyat moliyaviy faoliyatining tashqi auditi KMQ orqali maʼqullanib, TIVK tasdiqlagan mustaqil auditor/auditorlar tomonidan har yili kamida bir marta oʻtkaziladi.
2. Tashqi audit oʻtkazilgandan soʻng, auditorlik xulosasi Bosh kotib tomonidan barcha Tomonlarga yuboriladi.
9-modda
Aylanma mablagʻlar zaxirasi
Aylanma mablagʻlar zaxirasi
1. Aylanma mablagʻlar zaxirasi budjetning bir qismi hisoblanadi va yillik majburiy badallar toʻlangunga qadar faqat budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni moliyalashtirish maqsadida foydalaniladi.
2. Aylanma mablagʻlar zaxirasining miqdori yillik budjetning 3/12 qismidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Kechiktirilayotgan yillik majburiy badallar toʻlangandan soʻng avans summasi aylanma mablagʻlar zaxirasiga qaytariladi.
10-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini amalga oshirganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali depozitariyga soʻnggi yozma xabarnoma yuborganidan oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng Turkiy kengashning yangi aʼzosi qoʻshilishi uchun ochiq.
U qoʻshiluvchi davlat uchun depozitariy tomonidan qoʻshilish hujjati olinganidan oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Turkiya Respublikasi mazkur Bitim depozitariysi hisoblanadi. Depozitariy diplomatik kanallar orqali Bitimning kuchga kirish sanasi toʻgʻrisida, shuningdek tegishli Tomonlardan ratifikatsiya, tasdiqlash, qabul qilish yoki qoʻshilish hujjatlarini olganligi haqida Tomonlarni yozma ravishda xabardor qiladi.
3. Mazkur Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq nizolar, Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
4. Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Bitimga mazkur moddaning 1-bandida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlar mazkur Bitimning ajradmas qismi hisoblanadi.
5. Har bir Tomon har qanday vaqtda depozitariyga yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Bitimdan chiqishi mumkin. Bitimning bunday Tomonga nisbatan amal qilishi depozitariy tomonidan bunday xabarnoma olingan sanadan olti oydan soʻng tugatiladi.
Bishkek shahrida 2012-yil 23-avgustda yagona asl nusxada, qirgʻiz, qozoq, ozarbayjon, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)