Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YEVROPA ITTIFOQI KOMISSIYASINING TEXNIKAVIY YORDAMNI MUVOFIQLAShTIRISh BYuROSI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yevropa Ittifoqi Komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga koʻrsatayotgan texnikaviy yordamidan samaraliroq foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosi (“OʻZYIKBYuRO”) toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 24-yanvardagi 29-son qarori 4-bandining “OʻZYIKBYuRO” toʻgʻrisidagi nizomining tasdiqlashga oid qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 29-avgust,
347-son
Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosi (keyingi oʻrinlarda “OʻZYIKBYuRO” deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 34-yanvardagi 29-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
“OʻZYIKBYuRO”ning toʻliq nomi:
oʻzbek tilida — Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosi;
ingliz tilida — TASIS Soogdination Unit Sommission of the European Unit Republik of Uzbekistan;
rus tilida — Byuro koordinatsii texnicheskogo sodeystviya Komissii Yevropeyskogo Soyuza v Uzbekistane.
2. “OʻZYIKBYuRO” YIKning Oʻzbekiston Respublikasiga texnikaviy yordami loyihasini amalga oshiruvchi respublika ekspertlari va xorijiy ekspertlarning ishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi.
3. “OʻZYIKBYuRO” YIK ekspertlari bilan birgalikda Oʻzbekistonga texnikaviy yordam loyihasini belgilash, tayyorlash, nazorat qilish va roʻyobga chiqarishda yordam beradi.
II. “OʻZYIKBYuRO”ning tuzilmasi va maqomi
4. “OʻZYIKBYuRO” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamentining (keyingi oʻrinlarda “Departament” deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va oʻz faoliyati haqida unga hisob beradi.
5. “OʻZYIKBYuRO”ning joriy faoliyatiga rahbarlikni Milliy koordinatorning taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor amalga oshiradi.
6. “OʻZYIKBYuRO” xodimlari Departament bilan kelishilgan holda “OʻZYIKBYuRO” direktorining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
7. Direktor:
Milliy koordinatorning qarorlari, buyruqlari, farmoyishlari bajarilishini taʼminlaydi;
“OʻZYIKBYuRO”ning barcha xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar, yoʻriqnomalar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi hamda ularning bajarilishini tekshiradi;
banklarda schyotlar, shu jumladan valyuta schyotlari ochadi, oʻz vakolati doirasida kontraktlar va bitimlar tuzadi hamda ularning bajarilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolati doirasida “OʻZYIKBYuRO” mol-mulkini boshqaradi;
mazkur Nizomdan kelib chiquvchi boshqa funksiyalarni bajaradi.
8. “OʻZYIKBYuRO” yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlarga (shu jumladan valyuta schyotiga), oʻz nomi oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan muhrga va shtampga ega boʻladi.
III. “OʻZYIKBYuRO”ning asosiy vazifalari
9. Quyidagilar “OʻZYIKBYuRO” ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) texnikaviy koʻmaklashish Indikativ dasturlarini ishlab chiqish:
Departament bilan kelishilgan va Milliy koordinator tomonidan tasdiqlangan Indikativ dasturlar tuzish uchun texnikaviy koʻmaklashishning ustuvor yoʻnalishlari haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan taqdim etish;
YIK ekspertlari bilan birgalikda texnikaviy koʻmaklashishning dasturoldi va dasturiy hujjatlarini tayyorlash va ularni YIKka taqdim etish;
YIK ekspertlari tomonidan tayyorlangan Indikativ dasturning dastlabki variantini respublikaning tegishli vazirliklari va idoralari bilan kelishish;
Departament bilan kelishilgan va Milliy koordinator tomonidan imzolangan Indikativ dasturni YIKka taqdim etish;
b) har yilgi texnikaviy koʻmaklashish Harakat dasturini ishlab chiqish:
texnikaviy koʻmaklashishning ustuvor sektorlarini belgilovchi Dasturiy hujjatni koʻrib chiqish hamda zarurat boʻlsa unga oʻzgartirishlar va aniqliklar kiritish;
texnikaviy yordamni pirovard oluvchilarni belgilash;
loyihalar toʻgʻrisidagi takliflarni va mablagʻ bilan taʼminlashga buyurtmanomalarni baholash;
vazirliklar va idoralarning vakillari bilan birgalikda texnikaviy koʻmaklashish loyihalarining uzil-kesil variantlarini tayyorlash;
v) texnikaviy koʻmaklashish loyihalari amalga oshirilishini kuzatib borish va nazorat qilish.
IV. “OʻZYIKBYuRO”ning huquq va majburiyatlari
10. “OʻZYIKBYuRO” quyidagi huquqlarga egadir:
respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralaridan teknikaviy koʻmaklashish loyihalari qanday amalga oshirilayotganligi haqidagi materiallarni soʻrab olish;
respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining texnikaviy koʻmaklashish loyihalari bilan ishlash boʻyicha masʼul shaxslari va ishchi guruhlari rahbarlarining hisobotini eshitish;
YIK yoʻli bilan oʻtkaziladigan xalqaro simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar ishida qatnashish;
YIK yoʻli bilan Oʻzbekistonda uchrashuvlar, seminarlar va boshqa tadbirlar tashkil etish va ularning oʻtkazilishiga koʻmaklashish;
YIKning Oʻzbekistonga texnikaviy yordami loyihalari ekspertlari va rahbarlariga ularning loyihalariga tegishli masalalar boʻyicha topshiriqlar berish.
11. “OʻZYIKBYuRO”:
YIKning Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalari doirasida ishlovchi Yevropa ekspertlari va milliy ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirishga;
texnikaviy yordam loyihalari boʻyicha har chorakda Departamentga hisobot taqdim etishga;
Departamentning topshirigʻi boʻyicha oʻz faoliyati haqida tezkor axborot taqdim etishga;
texnikaviy koʻmaklashish loyihalari amalga oshirilishi davomida va ular tugallangandan keyin ularga baho berishga majburdir.
V. Mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari
12. “OʻZYIKBYuRO” balansida boʻlgan binolar, imoratlar, asbob-uskunalar va boshqa mol-mulk, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq sotib olingan mol-mulk “OʻZYIKBYuRO”ning mol-mulkini tashkil etadi.
13. “OʻZYIKBYuRO” mablagʻlari budjet mablagʻlari hisobidan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan shakllanadi.
VI. Tugatish va qayta tashkil etish
14 “OʻZYIKBYuRO”ni tugatish va uni qayta tashkil etish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.