Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining (bundan buyon Dastur deb yuritiladi) 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini oʻrganib chiqib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan sanoatda 100,7 foizni, xizmatlar koʻrsatish sohasida 102,3 foizni, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi tarmoqlarida 103,0 foizni tashkil qilgan.
Jami xizmatlar hajmi 218,9 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 102,3 foizga oshgan. Xizmatlar koʻrsatish oʻsishi moliya sohasida 25,6 foizni, aloqa va axborotlashtirish sohasida 115,3 foizni, taʼlim sohasida 7,4 foizni tashkil etgan.
Koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishga 3,962 trln. soʻm, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashga 3,423 trln. soʻm, korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga 2,485 trln. soʻm, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga 1,340 trln. soʻm, sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish va zarur infratuzilmani yaratishga 1,22 trln. soʻm, mahalliy budjetlar va pensiya jamgʻarmasi yoʻqotishlarini qoplashga 595 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar sarflangan.
Xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 9,8 mlrd. AQSH dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilgan. 197 ta yirik loyihani ishga tushirish orqali 38 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Dasturdagi 284 ta banddan 206 tasi toʻliq bajarilgan, 20 ta bandning muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan, 58 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan hamda Oliy Majlis palatalariga kiritilgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramay, hududlardagi ayrim ijtimoiy obyektlardagi qurilish-taʼmirlash ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan.
Xususan, Fargʻona viloyatida 3 ta, Jizzax va Navoiy viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida 1 tadan davolash va tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish-taʼmirlash ishlari hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan.
Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida 3 tadan, Qashqadaryo viloyatida 2 ta umumtaʼlim maktabi belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Dasturdagi muddati uzaytirilgan 20 ta bandning belgilangan muddatlarda toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
Dasturdagi bajarilmagan 58 ta bandning ijrosi boʻyicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishini tezlashtirish choralarini koʻrsin va ularning ijro etilishini taʼminlasin;
qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan ijtimoiy soha obyektlarini foydalanishga topshirish ishlari bajarilishini taʼminlasin;
investitsiya dasturi doirasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlarda ishlar loyiha-smeta hujjatlari asosida bino va inshootlarni qurish talablariga toʻliq rioya qilgan holda amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olsin;
kelgusida Dastur ijrosi boʻyicha hisobotlarda belgilangan vazifalar yuzasidan hududlar kesimida amalga oshirilgan ishlar, xususan ijtimoiy obyektlarda bajarilgan qurilish-taʼmirlash ishlari haqida toʻliq maʼlumot kiritib borilishini taʼminlasin;
“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 2021-yil I chorak yakunlari boʻyicha hisoboti doirasida ushbu Qarorning bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Dasturdagi qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanmagan obyektlarni joriy yil 15-martga qadar foydalanishga topshirish choralarini koʻrsin;
Dasturda mahalliy hokimliklar masʼul boʻlgan bandlar yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar rejalarining bajarilishini doimiy nazoratga olsin va mutasaddilarning masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari Dasturda ijrosi taʼminlanmagan hamda muddati uzaytirilgan bandlar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-martdagi KQ-704-IV-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 5-fevral,
SQ-226-IV-son