Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QURILISh MATERIALLARI SANOATIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI ChUQURLAShTIRISh VA TARMOQNI JADAL RIVOJLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish, yangi zamonaviy qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda uning turlarini kengaytirish, kadrlar tayyorlash, maktab taʼlimi va uy-joy qurilishini rivojlantirish umummilliy dasturlarini amalga oshirishni hisobga olgan holda ichki bozorning qurilish materiallariga boʻlgan talab-ehtiyoji qondirilishini taʼminlash, shuningdek eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar 2010-yilgacha boʻlgan davrda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchi navbatda ustuvor umummilliy ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish uchun iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining qurilish materiallariga boʻlgan talab-ehtiyojlari toʻliq qondirilishini nazarda tutgan holda ularni ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish;
qurilish materiallari ishlab chiqarishning yangi zamonaviy texnologiyalarini jumladan, respublikamizda amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni rivojlantirish asosida joriy etish va oʻzlashtirish;
tarmoq korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini nihoyasiga yetkazish, xususiy korxonalar barpo etishni ragʻbatlantirish hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoʻli bilan qurilish materiallari bozorini monopoliyadan chiqarish hamda raqobat muhitini vujudga keltirish;
hududlarning ehtiyojlari va istiqbolda mahalliy qurilish xomashyo resurslarining yangi konlarini oʻzlashtirishni hisobga olgan holda qurilish materiallari korxonalarining oqilona hududiy joylashtirilishini taʼminlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi, umumtaʼlim maktablari, bolalar sporti, uy-joy va sanoat-fuqaro qurilishini rivojlantirish dasturlarining parametrlariga asosan ishlab chiqilgan 2005—2010-yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli koʻrsatkichlari 1 va 1a-ilovalarga* muvofiq;
respublika mintaqalarida 2005—2010-yillarda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish va qurilish materiallarining yangi turlarini yaratish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy rivojlanish dasturlari va sanoat-fuqaro qurilishining parametrlaridan kelib chiqqan holda 2005—2010-yillarda respublika mintaqalarida qurilish materiallari ishlab chiqarishni qoʻshimcha ravishda koʻpaytirish boʻyicha maqsadli vazifalari 3-ilovaga* muvofiq;
2005—2010-yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun oʻzlashtirilayotgan yangi noruda xom-ashyo konlari roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq;
2005—2010-yillarda qurilish materiallari eksportining maqsadli koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi takliflari 5-ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
* 1, 1a, 2, 3, 4, 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish borasidagi istiqbolli investitsiya takliflari roʻyxati 6-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-dekabrdagi PF-4866-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 50-son, 565-modda)
5. 7-ilovaga* muvofiq “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmasi korxonalari tomonidan olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va mazkur Farmonda koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan uskunalar va yordamchi materiallar 2006-yilning 1-yanvaridan boshlab ikki yil muddatga bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) ozod qilinsin.
* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, boʻshaydigan mablagʻlar qurilish materiallari sanoati korxonalarini yangilash va texnika bilan qayta qurollantirishga maqsadli foydalanish uchun yoʻnaltiriladi.
6. 8-ilovaga* muvofiq 2005—2009-yillarda qurilish materiallari sanoati korxonalariga noanʼanaviy xom-ashyo turlarini yetkazib berish qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlamasdan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
* 8-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda:
qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish borasidagi istiqbolli investitsiya loyihalari toʻgʻrisidagi axborotni mahalliy va xorijiy investorlar, manfaatdor korxona va tashkilotlarning keng doirasiga yetkazsinlar;
yangi ishlab chiqarishlarni tashkil qilish hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishning yuqori unumli va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda tadbirkorlik subyektlariga yordam koʻrsatsinlar.
8. Qurilish sohasida islohotlarning amalga oshirilishi monitoringi va faoliyatni litsenziyalash boʻyicha Respublika komissiyasi (A.H. Toʻxtayev) ishlarning muvofiqlashtirilishini hamda 2010-yilgacha boʻlgan davrda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish jarayonlari, shuningdek ushbu Farmon bilan beriladigan imtiyoz va preferensiyalardan toʻgʻri, maqsadli va samarali foydalanilishi monitoringi tegishli darajada olib borilishini taʼminlasin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.H. Toʻxtayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-mart,
PF-3586-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 12-13-con, 88-modda; 2009-y., 10-11-son, 105-modda; 2016-y., 50-son, 565-modda)