Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 13-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishning strategik maqsad va vazifalarini, prinsiplarini va mexanizmlarni belgilaydigan qoidalar tizimidan iboratdir.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
boshqa davlatlar parlamentlari bilan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish;
xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faol ishtirok etishi;
xorijiy mamlakatlarning qonun ijodkorligi jarayonini oʻrganish boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish;
boshqa davlatlar parlamentlarining ilmiy-ekspert va axborot-tahlil xizmatlari bilan hamkorlik tizimini takomillashtirish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish;
xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining tashabbuslarini ilgari surish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash;
xorijda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish.
4. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-sentabr,
481-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 25-sentabr,
KQ-132-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-sentabrdagi № 481-IV/KQ-132-IV-sonli Qoʻshma qaroriga
ILOVA
ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING PARLAMENT DIPLOMATIYASI KONSEPSIYASI
I. Umumiy qoidalar
1.1. Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi (bundan buyon matnda Konsepsiya deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining (bundan buyon matnda Oliy Majlis deb yuritiladi) parlamentlararo aloqalar va xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyatini amalga oshirishning strategik maqsad va vazifalarini, prinsiplarini, mexanizmlarini belgilaydigan qoidalar tizimidir.
1.2. Parlament diplomatiyasi Oliy Majlisning xalqaro faoliyatini amalga oshirish vositasi boʻlib, undan Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini jahon maydonida ilgari surish, uning xalqaro nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, boshqa davlatlarning parlamentlari, xalqaro parlament tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan tajriba almashish maqsadida foydalaniladi.
1.3. Konsepsiyaning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlari, “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalariga va boshqa milliy qonunchilik hujjatlariga, shuningdek xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga asoslanadi.
II. Oʻzbekiston Respublikasida parlament diplomatiyasini shakllantirishga taʼsir etuvchi asosiy omillar
2.1. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirishga taʼsir etuvchi asosiy omillar quyidagilardan iborat:
xalqaro hamkorlikning qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan muhim resursi sifatida parlament diplomatiyasining rolini oshirish;
mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish hamda davlatlar oʻrtasidagi ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda xalq diplomatiyasining rolini oshirish.
2.2. Parlament diplomatiyasi Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy vazifalarini amalga oshirishda muhim rol oʻynaydi. U nafaqat boshqa davlatlar parlamentlari, xalqaro parlament tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, balki umuman, ikki tomonlama va koʻp tomonlama oʻzaro manfaatli munosabatlarni faollashtirish, BMT, PAI, YI, EXHT, ShHT, MDH va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatini beradi.
2.3. Parlament diplomatiyasi dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi ishonchni va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi, muammolarga murosali yechim topish, nizolarning oldini olishga xizmat qiladi, shuningdek xalqaro hamkorlikning huquqiy bazasini shakllantiradi va takomillashtiradi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining maqsadlari, vazifalari va prinsiplari
3.1. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining, xalqaro hamkorlikning asosiy sohalaridagi oʻzaro munosabatlarning huquqiy bazasini takomillashtirish;
xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilishda parlamentlararo hamkorlik usullaridan foydalanish, mamlakatimizning xalqaro munosabatlarning toʻlaqonli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini yanada mustahkamlash;
Oʻzbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi ijobiy imiji va nufuzini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi atrofida xavfsizlik, yaxshi qoʻshnichilik va barqarorlik kamarini yaratish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhitini mustahkamlash maqsadida parlament diplomatiyasi resurslaridan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mintaqada xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy tashabbuslarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, huquqni muhofaza qilish hamda davlat va jamiyat rivojining boshqa sohalarida xalqaro hamkorlikka koʻmaklashish.
3.2. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining strategik maqsadlariga erishishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shahslarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning taʼsirchan huquqiy mexanizmini yaratish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan demkoratik islohotlarni samarali amalga oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning jadal jarayonlari uchun imkon qadar qulay tashqi siyosiy shart-sharoitlar yaratish;
boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish;
Parlamentlararo Ittifoq, EXHTning Parlament Assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi ishtirokchilari boʻlgan davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasida va boshqa xalqaro parlament tashkilotlari faoliyatida Oliy Majlisning ishtirokini faollashtirish;
boshqa davlatlar parlamentlarining faoliyati tajribasini oʻrganish sohasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish;
xalqaro hamda xorijiy ilmiy-ekspert va axborot-tahliliy tuzilmalar bilan hamkorlik qilish;
boshqa davlatlarning parlamentlarini va xalqaro hamjamiyatni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy rivojlanish, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy tashabbuslari haqida xabardor qilish.
3.3. Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarining ustuvorligi;
davlatlarning suveren tengligini hurmat qilish, davlatlarning ichki vakolatlariga kiruvchi ishlarga aralashmaslik;
parlament diplomatiyasi maqsad va vazifalarining davlatlarning milliy manfaatlariga muvofiqligi;
xalqaro nizolarni tinchlik yoʻllari bilan hal etish.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishlari
4.1. Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
4.1.1. Boshqa davlatlarning parlamentlari bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish:
parlamentlararo hamkorlikning qonunchilik asoslarini shakllantirish va takomillashtirish;
boshqa davlatlarning parlamentlari bilan muloqot oʻrnatish, shu jumladan boshqa davlatlar parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qoʻmitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalar tashkil etish orqali muloqot oʻrnatishga doir chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish;
parlamentlararo muloqot jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish orqali xalq diplomatiyasi tizimini shakllantirishga koʻmaklashish.
4.1.2. Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasidagi jadal jarayonlarning samarasini taʼminlash uchun imkon qadar qulay boʻlgan, quyidagilar nazarda tutilgan tashqi siyosiy shart-sharoitlarni shakllantirish:
mahalliy mahsulotning eksport hajmini oshirishga qoʻmaklashish va uning geografiyasini kengaytirish;
milliy iqtisodiyotimizning ustuvor tarmoqlariga chet-el investitsiyalarini va ilgʻor texnologiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
chet ellik turistlarni jalb etishga va Oʻzbekiston Respublikasining turistik industriyasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistik infratuzilmalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishni qoʻllab-quvvatlash.
4.1.3. Oliy Majlisning xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida quyidagilarni nazarda tutgan holda faol ishtirok etishi:
parlamentlararo va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga jalb etilgan davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni;
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini milliy qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqishni;
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va bu borada davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va erkinliklar kafolatlarini, shuningdek xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash yuzasidan hamkorlik qilish hamda tajriba almashishni.
4.1.4. Xorijiy mamlakatlarning qonun ijodkorligi jarayonini oʻrganish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan sherik mamlakatlar oʻrtasida qonun ijodkorligi faoliyati sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishni;
xorijiy mamlakatlar qonunchiligining qiyosiy tahlilini tizimli ravishda amalga oshirishni;
xorijiy mamlakatlarning norma ijodkorligi sohasidagi ilgʻor tajribasini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni;
qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash yuzasidan xorijiy mamlakatlar tajribasidan samarali foydalanish asosida qonun hujjatlarini tayyorlash sifatini oshirishni.
4.1.5. Boshqa davlatlar parlamentlarining ilmiy-ekspert va axborot-tahlil xizmatlari bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi hamkorlik tizimini takomillashtirish:
boshqa davlatlar parlamentlarining tahliliy xizmatlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatishni;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti salohiyatini oshirishni;
Oliy Majlisning qonun ijodkorligi faoliyatini ilmiy-ekspertlik va axborot-tahlil jihatdan taʼminlash sohasidagi tajriba almashinuvini faollashtirishni.
4.1.6. Xalqaro hamjamiyatni amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qilib borish, bunda Oʻzbekiston Respublikasi bilan sherik mamlakatlarni hamda xalqaro hamjamiyatni mamlakatning ichki va tashqi siyosati, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishlari haqida xabardor qilishning samarali tizimi yaratilishini nazarda tutish.
4.1.7. Oʻzbekiston Respublikasining yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy kursga oid strategik ustuvorliklar, maqsad va vazifalar borasidagi tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish.
4.1.8. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy bazasini modernizatsiya qilishni va uning mexanizmini ishlab chiqishni nazarda tutish.
4.1.9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish:
davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hamda ularning mansabdor shahslarining Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyati ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga dahldor tashqi siyosiy jarayonlariga nisbatan Oliy Majlisning yondashuvi haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida Oliy Majlisning tegishli qarorlarini qabul qilish amaliyotini joriy etish;
Markaziy Osiyo mintaqasida mavjud boʻlgan yoki yuzaga kelayotgan davlatlararo muammolarni xalqaro huquqiy mexanizmlardan, shu jumladan preventiv diplomatiya choralaridan foydalanish orqali oʻz vaqtida hal etish;
parlament diplomatiyasi resursidan foydalangan holda Markaziy Osiyo mintaqasini xavfsizlik va barqaror rivojlanish hududiga aylantirishga koʻmaklashish.
V. Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasini amalga oshirish mexanizmlari
5. Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi Oliy Majlis tomonidan quyidagi choralar va mexanizmlar asosida, tizimli yondashuv orqali amalga oshiriladi:
5.1. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini qonunchilik jihatidan taʼminlash.
5.2. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, ularga qoʻshilish va ularni denonsatsiya qilish.
5.3. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchiligi amalga oshirilishi, xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga doir dasturlar va rejalar ijrosi ustidan parlament nazoratni amalga oshirish, shu jumladan chet davlatlarning diplomatik va boshqa vakillarini eshitish orqali amalga oshirish.
5.4. Xalqaro majburiyatlar monitoringini amalga oshirish, shu jumladan inson huquqlari sohasidagi milliy harakat rejalarini (“yoʻl xaritalari”ni) tasdiqlash.
5.5. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga koʻra tayinlash va ozod etish.
5.6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va boshqa vakolatxonalari bilan hamkorlik qilish.
5.7. Chet davlatlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha yillik dasturlarni qabul qilish va ularning ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish.
5.8. Boshqa davlatlarning parlamentlari va halqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qoʻmitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalarni tashkil etish hamda ular faoliyatining samardorligini oshirish.
5.9. Xalq diplomatiyasining vositalaridan foydalanish, shu jumladan parlamentlararo muloqot jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish.
5.10. Boshqa davlatlarning parlamentlari xalqaro parlament guruhlari va xalqaro parlament tashkilotlari, shu jumladan Parlamentlararo Ittifoq, EXHTning Parlament Assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlarning Parlament Assambleyasi, Yevropa parlamenti bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish.
5.11. BMTning ustav va shartnomaviy organlari, xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan aloqalarni kengaytirish.
5.12. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga, sud-huquq tizimini takomillashtirishga, chet el investitsiyalarini jalb qilishga va boshqa masalalarga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar, uchrashuvlar hamda forumlar oʻtkazish rejalarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda har yili ishlab chiqish va amalga oshirish.
5.13. Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni taʼminlash uchun preventiv diplomatiya usullarini qoʻllash.
5.14. Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini taʼminlashga hamda Oʻzbekiston Respublikasi atrofida xavfsizlik, yaxshi qoʻshnichilik va barqarorlik kamarini yaratish uchun koʻmaklashishga qaratilgan tashqi siyosiy tashabbuslarni ilgari surish.
5.15. Parlamentlararo diplomatiyada axborot texnologiyalaridan va “elektron parlament” tizimidan faol foydalanish.
5.16. Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish maqsadida parlament delegatsiyalarining rasmiy tashriflarini tashkil etish, xalqaro forumlarda ishtirok etish.