Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TURKIYA RESPUBLIKASI OʻQUV YuRTLARIDA TAʼLIM OLAYOTGAN OʻZBEKISTON YoShLARIGA YORDAM KOʻRSATISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yaxshilash, doʻst mamlakatda taʼlim olayotgan yoshlarga yordam koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Turkiyada taʼlim olayotgan Oʻzbekiston yoshlariga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq butun ishlar majmuini muvofiqlashtirish va tezlikda hal etish boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq tarkibda hukumat komissiyasi tashkil etilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Ogʻishmay bajarilishi zarur boʻlgan tadbirlar majmui 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi:
Toshkent, Nukus shaharlarida, barcha viloyat markazlarida ota-onalarning Turkiyada taʼlim olayotgan farzandlari bilan imtiyozli tariflar boʻyicha telefon orqali gaplashishlarini tashkil etishni taʼminlasin; bu xizmatlarni koʻrsatish jadvali va tartibini ishlab chiqsin;
1993-yil 1-yanvardan boshlab vaqtli matbuot, badiiy, ilmiy-ommabop va publitsistik adabiyotlarning oʻzbek talabalari va oʻquvchilari Turkiyada taʼlim olayotgan joylarga muntazam yetkazib berilishini tashkil qilsin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi Turkiya Respublikasida taʼlim olayotgan yoshlarga tekin tibbiy xizmat koʻrsatishni taʼminlash masalalarini hal etsin.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Turkiyada taʼlim olayotgan yoshlarning yozgi taʼtil davrida kelishlari va qaytib ketishlari uchun kelishilgan aviaqatnovlarni tashkil etsin.
6. Moliya vazirligi hukumat komissiyasining talabnomasi boʻyicha mazkur qarorni roʻyobga chiqarish uchun zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlarning va Toshkent shahrining hokimliklari Turkiya viloyatlari, u yerdagi oʻzbekistonlik talabalar taʼlim olayotgan oliy oʻquv yurtlari bilan 3-ilovaga* muvofiq, doʻstona munosabatlar oʻrnatsinlar va bu munosabatlarni qoʻllab-quvvatlasinlar.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
8. Respublika talabalari va oʻquvchilariga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun bir oy muddat ichida Turkiya Respublikasi Milliy taʼlim vazirligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining vakolatxonasi tashkil etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M. K. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 12-dekabr,
564-son