Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramini yuksak tashkiliy va gʻoyaviy darajada oʻtkazish, ommaviy axborot vositalarida keng yoritish va Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli va shiddatli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish hamda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda targʻibot-tashviqot tadbirlari dasturidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazishga doir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlarni tashkillashtirish boʻyicha Ishchi guruh 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-2 ilovalar berilmaydi.
3. Ishchi guruh (A. Saidov) zimmasiga:
chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan vazifalar oʻz vaqtida amalga oshirilishining borishini tizimli ravishda monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini soʻzsiz taʼminlash choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va komissiyalarning chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarishlarini muvofiqlashtirib borish;
chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosining borishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish maqsadida ishchi guruh yigʻilishlarini muntazam oʻtkazib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan doimiy ravishda maʼlumot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari:
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan saylov okruglarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-dekabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PQ-4926-sonli qarori hamda mustaqillik yillarida olib borilgan keng qamrovli islohotlar, qabul qilingan qonunlar va ularning jamiyat farovonligini taʼminlashda hamda odamlar hayotini yaxshilashda tutgan oʻrni va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini olib borilishini tashkil etish;
hududlarda amalga oshiriladigan tadbirlarga partiya faollari hamda mahalliy Kengashlar deputatlarini keng jalb etish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Devoni rahbari M. Miralimov Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayrami munosabati bilan Qonunchilik palatasi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish choralarini koʻrsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidovning zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-yanvar,
682-IV-son