Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni taʼkidlaydiki, mamlakatimiz prokuratura organlari tomonidan hisobot davrida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish hamda huquqbuzarliklarning profilaktikasi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Prokuratura organlari nazorat faoliyatini amalga oshirishda asosiy eʼtiborni iqtisodiyotni erkinlashtirish, banklar tomonidan naqd pul mablagʻlari va kreditlar oʻz vaqtida berilishini taʼmin etish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, toʻlov intizomini mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashga, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirishga, qishloq xoʻjaligida hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijro etilishini, shuningdek Oliy Majlis Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti yuzasidan qabul qilgan Qaror ijrosini taʼminlashga qaratdilar. Mazkur sohalarda aniqlangan qonunbuzarlik hollari prokuror nazorati hujjatlari vositasida bartaraf qilinib, qonuniylikni taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan tegishli choralar koʻrilgan.
Qonunlarning ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish jarayonida oʻtkazilgan 30909 ta tekshiruv natijasida 23678 ta huquqiy hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan, qonunni buzish bilan bogʻliq holatlarni bartaraf etish yuzasidan 39108 ta taqdimnoma kiritilgan, 99244 nafar mansabdor shaxs qonunlarni buzishga yoʻl qoʻymaslik xususida ogohlantirilgan, 144541 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Etkazilgan moddiy zararning 7,2 milliard soʻmi aybdor shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida qoplangan, 94,9 milliard soʻmlik moddiy zararni undirish toʻgʻrisida sudlarga 57183 ta daʼvo arizasi kiritilgan. Bunda zararlarning oʻrnini qoplash yuzasidan ixtiyoriylik asosida hamda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va xoʻjalik sudlariga prokurorlar tomonidan kiritilgan daʼvo arizalari boʻyicha undirilgan, shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha undirilishi taʼmin etilgan jami summa miqdori 301,5 milliard soʻmni, 11 million AQSh dollarini, 4 million yevroni hamda 1,1 million Shveysariya frankini tashkil etgan.
Naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanishini yanada qisqartirishga taalluqli qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash yuzasidan samarali ish olib borilgan. Naqd pul mablagʻlarini ish haqi va nafaqalar hamda birinchi navbatdagi boshqa toʻlovlar uchun berishda ayrim tijorat banklarining mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari tomonidan qonunchilikni buzish hollariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirishga alohida eʼtibor berilgan. Xususan, Davlat mulki qoʻmitasi faoliyatini tekshirish asnosida xususiylashtirish va boshqa manbalardan tushgan bir milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qonunga xilof ravishda sarflanganligi va rastrata qilinganligi faktlari aniqlandi. Natijada 237 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 87 holat boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini taʼminlash prokuratura organlari faoliyatida muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib kelgan va hozir ham shunday boʻlib qolmoqda. Bu borada sobitqadamlik bilan olib borilgan ishlar tadbirkorlarning huquqlari buzilishi va ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuv bilan bogʻliq hollarni aniqlash hamda bunga yoʻl qoʻygan 2223 nafar mansabdor shaxsni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan 100 million soʻmdan ortiq miqdordagi zarar aybdor shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida qoplanishini taʼminlash imkonini berdi. Bundan tashqari tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab xoʻjalik sudlariga prokurorlar tomonidan berilgan 516 ta daʼvo arizasi boʻyicha 2,5 milliard soʻmni undiruv belgilandi, shundan amalda qariyb 1,7 milliard soʻmi qoplandi. Nazorat qiluvchi organlarning xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan suiisteʼmollik hollari boʻyicha 43 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2004-yil 11-martda chiqarilgan PF-3406-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilgan. Bunda asosiy eʼtibor eng muhim qishloq xoʻjaligi ekinlariga (paxta va gʻallaga) ajratilgan ekin maydonlarini muntazam ravishda monitoring qilib borishga, shuningdek ekin maydonlarining ishlab chiqaruvchilar — fermer hamda shirkat xoʻjaliklari tomonidan qabul qilingan va tasdiqlangan shartnomaviy majburiyatlarga muvofiqligini tanlab tekshirishga qaratildi. Natijada yerlardan qonunga xilof tarzda yoki belgilanmagan maqsadlarda foydalanish hollari aniqlandi.
Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlarga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan yaqin hamkorlikda muayyan ishlar qilindi. Bunda onalik va bolalikni muhofaza etishga, yetim bolalarni hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum, voyaga yetmagan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirishga, jismoniy kamolotida nuqsoni bor, shuningdek ijtimoiy xavfli guruhlarga kiradigan bolalarni aniqlab, ularning tarbiyasi, muayyan mashgʻulotlar bilan band boʻlishini hamda sogʻligʻi muhofaza etilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada oʻtkazilgan tadbirlar voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik darajasini oʻtgan yilga nisbatan 3,7 foiz pasaytirish imkonini berdi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari bilan bu yoʻnalishdagi hamkorlikni kuchaytirish borasidagi faoliyatini prokuratura organlari tomonidan muvofiqlashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida 2007-yilda oʻtkazilgan huquqni muhofaza qilish organlarining muvofiqlashtiruvchi kengashlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jinoyatchilik profilaktikasining yangi usullarini ishlab chiqish bilan bogʻliq sakkizta masala muhokama qilingan.
2007-yilda ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning, qasddan odam oʻldirish, oʻgʻrilik va avtotransport vositalarini olib qochish jinoyatlarining soni kamayganligi qayd etildi. Ogʻir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bezorilik, shuningdek ilgari sudlangan shaxslar tomonidan mast holatda va oʻqotar quroldan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar 2006-yilga nisbatan kamayganligi qayd qilindi. Jinoyatlarning ochilishi darajasi bir muncha yaxshilanishiga erishildi, ayni bir vaqtda ochilmay qolgan jinoyatlar umumiy sonida ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar soni kamaydi.
Davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlari, tashkilot va muassasalar mansabdor shaxslari tomonidan jinoiy qilmishlar sodir etilishining oldini olishga alohida eʼtibor berildi. 2007-yilda 5615 nafar mansabdor shaxs turli suiisteʼmolliklar, poraxoʻrlik, talon-toroj qilish va xizmatga (mansabga) sovuqqonlik bilan qaraganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Shu bilan birga ularning jinoiy qilmishlari oqibatida yetkazilgan 143 milliard soʻm miqdoridagi moddiy zararning oʻrni qoplanishi taʼmin etildi.
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish yuzasidan anchagina ish qilingan. Qonun hujjatlarini targʻib etish va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek aholining prokuratura organlari faoliyatidan xabardorligini taʼminlash maqsadida 109,5 mingdan ortiq tushuntirish tadbirlari oʻtkazilgan, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida huquqiy mavzularda eʼlon qilingan materiallar 20 mingtaga bordi. Bu esa avvalgi hisobot davri koʻrsatkichlariga nisbatan anchagina koʻpdir.
Fuqarolarning prokuratura organlariga murojaatlarini koʻrib chiqish va hal etishda qonuniylikni taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrilgan. Hisobot davrida prokuratura organlari xodimlari tomonidan 72274 nafar fuqaro qabul qilingan, ularning 37 mingga yaqin shikoyat va arizalari hal etilgan, buzilgan huquqlarini tiklash chora-tadbirlari koʻrilgan.
Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni tarbiyalash hamda malakasini oshirish masalalariga juda jiddiy eʼtibor berib kelinmoqda. Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Attestatsiya komissiyasi tomonidan prokuratura organlarining 230 nafar xodimi attestatsiyadan oʻtkazildi. Kadrlarning ish joyini oʻzgartirib va almashtirib turish asnosida 173 xodim boshqa lavozimga oʻtkazildi, shulardan 28 nafari past lavozimlarga oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlari hamda kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid beshta qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Bundan tashqari davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga kelib tushgan 150 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi. 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitalarining, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Qishloq va suv xoʻjaligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Moliya vazirliklarining, Davlat patent idorasining, shuningdek ayrim kompaniya va uyushmalarning normativ-huquqiy hujjatlarini oʻrganish natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunga zid 46 ta hujjat yuzasidan protest kiritdi. Barcha protestlar qanoatlantirilib, hujjatlar qonunga muvofiq holga keltirildi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisoboti tahlili prokuratura organlari faoliyatining ayrim yoʻnalishlarida kamchiliklar ham mavjudligidan dalolat beradi.
Ichki ishlar organlari faoliyatida jinoyatlarni yashirish hollari mavjudligi, davlat organlarida budjet mablagʻlaridan belgilangan maqsadda foydalanmaslik va ularni talon-toroj qilish hollari aniqlanayotganligi bu sohalarda prokuror nazoratini kuchaytirish zarurligidan dalolat bermoqda.
Jinoyat sodir etgan shaxslarni mansabidan chetlashtirish tariqasidagi protsessual majburlov choralari tergov organlari tomonidan yetarlicha toʻliq qoʻllanilmayapti.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazorati yetarli darajada samarali emas.
Sudlarning tadbirkorlik subyektlari foydasiga davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridan pul mablagʻlari undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorlari oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini olib borishga tegishlicha eʼtibor berilmayapti.
Kadrlarni tanlash va joy joyiga qoʻyish, ularni tarbiyalash va malakasini oshirish, prokuratura hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimlarining rezervini shakllantirish ishlarini yanada yaxshilash taqozo etiladi. Jinoyatlar haqidagi ariza va xabarlarni roʻyxatga olish, koʻrib chiqish hamda hal etishda jinoyat-protsessual qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi masalalari puxta tahlilni talab qiladi.
Huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan surishtiruv va tergov organlari, nazorat qiluvchi idoralar xodimlari gʻayriqonuniy xatti-harakatlarining oldini olishga, tadbirkorlik subyektlari huquqlari va erkinliklari buzilishining oldini olish hamda fuqarolarning ariza va shikoyatlarini hal etishga qaratilgan ishlar kuchaytirilishi zarur.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R.H. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashga, shuningdek qishloq xoʻjaligidagi hamda sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi ustidan taʼsirchan prokuror nazoratini taʼminlash prokuratura organlari faoliyatida ustuvor vazifa deb belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori:
mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlashga doir hamda qonunlarga aniq va ogʻishmay rioya qilinishi ustidan olib borilayotgan prokuror nazoratining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrsin;
“Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan qonunlar ijrosi ustidan taʼsirchan prokuror nazoratini taʼminlashga, shuningdek yosh oilalarning maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanishi taʼmin etilishiga, ularga mehnat faoliyatining boshlanishida va mustaqil hayotga qadam qoʻyishlarida zarur yordam koʻrsatilishiga, ularning barqaror daromad manbalarini shakllantirish hamda uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilashning taʼsirchan omillari hamda mexanizmlari yaratilishiga alohida eʼtibor bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar, shu jumladan “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash ishlarini kuchaytirsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasidagi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalaridagi, shuningdek viloyat prokuraturalariga tenglashtirilgan prokuraturalardagi huquqni muhofaza qilish organlari muvofiqlashtiruvchi kengashlarining jinoyatlarning oldini olish, xususan jinoyatlar sodir boʻlishiga olib kelayotgan sabablar va sharoitlarni oʻrganish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻrish bilan bogʻliq ishlardagi rolini kuchaytirsin;
sudlarning hal qiluv qarorlari oʻz vaqtida ijro etilmayotganligi hollarini aniqlash hamda bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratsin;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmatlar koʻrsatish sohasi va kasanachilik qoʻllab-quvvatlanishi hamda ragʻbatlantirilishini bu boradagi qonun hujjatlari talablarini buzish hollarini oʻz vaqtida aniqlash va qonunda nazarda tutilgan tarzda prokuror eʼtibor qilishi asosida tegishli taʼsir choralari koʻrish yoʻli bilan taʼminlashni prokuratura organlari faoliyatida eng muhim ustuvor yoʻnalishlardan biri deb belgilasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ushbu Qarorning ijro etilishi qanday borayotganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga 2008-yilning 1-dekabriga qadar axborot bersin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-mart,
475-I-son