O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVOIY DAVLAT KONChILIK INSTITUTI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi PF-94-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy davlat konchilik institutini tashkil etish to‘g‘risida” 1995-yil 7-iyuldagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995-yil iyul oyidan boshlab Navoiy texnika kolleji negizida Navoiy davlat konchilik instituti tashkil etilsin.
2. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni, Navoiy viloyati va Zarafshon shahri hokimliklarining takliflari e’tiborga olinib, shuningdek, ishchi yoshlarning ixtisosli korxonalarda o‘rnashib qolishi maqsadida, istisno tariqasida, Navoiy davlat konchilik instituti tuzilmasida Zarafshon umumtexnika fakulteti saqlab qolinsin.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda yangidan tashkil etilgan institut ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin;
talabalar tanlashni va 1995/96 o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayoni boshlanishini ta’minlovchi zarur chora-tadbirlarni ko‘rsin;
1995/96 o‘quv yilida Navoiy davlat konchilik institutiga qabul qilinadigan talabalar kontingentini 250 nafar etib belgilasin, ulardan 75 nafari Zarafshon umumtexnika fakultetiga, bundan tashqari, texnika kollejiga — 100 kishi;
taniqli olimlar va yuqori malakali professor-o‘qituvchilarning doimiy ishlash uchun Navoiy davlat konchilik institutiga yuborilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bir oy muddatda Navoiy shahridagi 2-hunar-texnika bilim yurti binolari va inshootlari majmuini hamda asbob-uskunalarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi balansiga o‘tkazsin.
5. Navoiy viloyati hokimligi “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni, “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasi va viloyatning boshqa korxonalari bilan birgalikda institutning o‘quv jarayonini zarur qo‘shimcha maydonlar, moddiy-texnika va laboratoriya bazasi, taklif etilgan o‘qituvchilarga uy-joy bergan holda yuqori malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlashga oid masalalarni hal etsin.
6. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni va “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasining:
tashkil etilayotgan institutni zamonaviy kompyuter va reprografik texnika, priborlar va asbob-uskunalar bilan jihozlash, o‘quv binolari va yotoqxonalarni mukammal tuzatish bilan bog‘liq xarajatlarni har yili kompensatsiya qilish;
institutning rahbar xodimlari tarkibini haq to‘lash sharoitlari bo‘yicha konsern boshqaruv tuzilmasi xodimlariga tenglashtirgan holda ular mehnatiga haq to‘lashni ta’minlash;
professor-o‘qituvchilar tarkibini moddiy rag‘batlantirish haqidagi takliflariga rozilik berilsin, respublikaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan taklif etilgan olimlar va mutaxassislarga har oyda kamida bir oylik maosh miqdorida ustama to‘lash ham shu jumlaga kiradi.
7. Moliya vazirligi Navoiy davlat konchilik instituti tashkil etilishi munosabati bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi budjeti ko‘rsatkichlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va fan bo‘limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
289-son