Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“BANKROTLIK TOʻGʻRISIDA” OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 5-dekabrdagi 431-sonli “Budjetga toʻlovlar mexanizmini takomillashtirish va toʻlov intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Bankrotlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublikadagi zarar koʻrib ishlayotgan barcha korxonalarning xoʻjalik va moliyaviy faoliyatini oʻrganish maqsadida ilovaga* muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklansin:
1995-yilning 1-yarim yili yakunlari boʻyicha zarar koʻrib ishlatgan har bir korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyatini puxta tahlil qilish, bunda muntazam zarar koʻrib kelayotgan korxonalarga alohida eʼtibor berish;
zarar koʻrib ishlayotgan har bir korxona boʻyicha, keyinchalik ularni bankrot boʻlgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun, “Bankrotlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibga toʻliq muvofiq ravishda Oliy xoʻjalik sudiga tegishli takliflar kiritish. Bunda ishlovchilar soniga, korxonalarning asosiy ishlab chiqarish fondlariga va texnika bilan taʼminlanganligiga, ular ishlab chiqarayotgan mahsulot turlariga, uning ishlab chiqarish-texnologiya jarayonidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor berish;
ishlovchilarni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ijtimoiy himoyalashni taʼminlagan holda, qabul qilingan qarorlarni mehnat jamoalariga maʼlum qilish;
koʻrsatib oʻtilgan korxonalarning rahbarlariga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq maʼmuriy va boshqa javobgarlik choralarini qoʻllash. Zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar va tashkilotlar ayrim rahbarlarining barqaror ishlab chiqarish faoliyatini taʼminlashga oʻzining toʻliq qodir emasligini turli sabablar hamda davlat organlariga va oʻzga tashkilotlarga agʻdarish bilan yashirishi hollariga yoʻl qoʻymaslik;
zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar boʻyicha ishlarning ahvolini oʻrganish yakunlarini va qabul qilingan qarorlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish, bunda ushbu korxonalarni bankrotlikka olib kelgan omillar va sabablarning tushunarli ochib berilishini taʼminlash.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisi B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan ishlar natijalari respublika Hukumatining 1995-yilning oktyabridagi majlisida maʼlum qilinsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 17-iyul,
273-son