Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL YOʻLLARI QURISh VA FOYDALANISh (“OʻZAVTOYOʻL”) DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNI USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlarini oʻzgartirish va oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish (“Oʻzavtoyoʻl”) davlat-aksionerlik-konsernining ilova ilinayotgan ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-aprel,
171-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 6-apreldagi
171-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 6-apreldagi
171-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish (“Oʻzavtoyoʻl”) davlat-aksionerlik konsernining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksionerlik konserni (“Oʻzavtoyoʻl”), keyingi oʻrinlarda “Oʻzavtoyoʻl” konserni deb ataladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 26-yanvardagi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-fevraldagi 58-son qaroriga asosan tashkil topgan.
2. “Oʻzavtoyoʻl” konserni, keyingi oʻrinlarda konsern ishtirokchilari deb ataluvchi, yoʻllardan foydalanish korxonalari va yoʻl-koʻprik quruvchi korxonalarning barcha yordamchi hamda xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklari bilan, loyiha-qidiruv tashkilotlari, asosiy yoʻl qurilish materiallari, yoʻl-tuzatish texnikasi va mexanizmlari ishlab chiqaruvchi va komplektlovchi korxonalarni ixtiyoriylik asosida birlashtiruvi xoʻjalik uyushmasidir.
Konsern tarkibiga mulkchilik shakllaridan va qaysi idoraga qarashliligidan qatʼi nazar, har qanday boshqa korxona va tashkilotlar, shuningdek, respublikaning avtomobil yoʻllarini va yoʻl xizmatini rivojlantirish va takomillashtirishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy yuridik shaxslar ham ixtiyoriylik asosida kirishi mumkin.
3. (“Oʻzavtoyoʻl”) konserni Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllari vazirligining huquqiy vorisi boʻlib hisoblanadi va Hukumat tomonidan avtomobil yoʻllari maxsus davlat boshqaruv organining vakolatlari bilan taʼminlanadi, davlat nazoratining amalga oshiradi va Respublikaning barcha avtomobil yoʻllari tarmoqlarini, qaysi idoraga qarashliligidan qatʼi nazar, rivojlantirish va takomillashtirishda yagona texnik siyosat yuritadi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining soz holati hisobini olib borishni va nazorat qilishni, respublika jamgʻarmasiga moliyaviy mablagʻlar yigʻishni tashkil etish va ularni sarflashning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonuniga binoan hududiy yoʻl idoralari deb hisoblangan, tuman yoʻllaridan foydalanish korxonalari balansiga kiradi.
4. “Oʻzavtoyoʻl” konserni yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil va yigʻma balanslarga, banklarda hisob va boshqa schyotlarga, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan gerbli muhrga, shtamplar va ish blankalariga ega boʻladi.
5. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining yuridik nomi;
oʻzbek tilida: Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksionerlik konserni;
rus tilida: Uzbekskiy gosudarstvenno-aksionerniy konsern po stroitelstvu i ekspluatatsii avtomobilnix dorog “Uzavtodor”.
6. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining manzilgohi: Oʻzbekiston Respublikasi, GSP, Toshkent shahar, Pushkin koʻchasi, 68a.
7. “Oʻzavtoyoʻl” konserni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Hukumat qarorlari va farmoyishlariga, amaldagi qonunchilikning boshqa hujjatlariga va mazkur Ustavga amal qiladi.
II. Konsernning maqsadi, vazifalari va huquqlari
1. “Oʻzavtoyoʻl” konserni faoliyatining maqsadi respublika aholisi va xalq xoʻjaligining kam xarajatlar bilan yukni transportda tashish ehtiyojlarini yanada toʻla qondirish uchun avtomobil yoʻllarining saqlanishini taʼminlash, butun choralar bilan rivojlantirish va takomillashtirish hisoblanadi.
2. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining asosiy vazifalari:
respublikaning barcha avtomobil yoʻllari tarmogʻini, qaysi idoraga qarashliligidan qatʼi nazar rivojlantirish va takomillashtirishda yagona texnika siyosatini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda kelgusida aholining koʻpayishini, mintaqalar boʻyicha iqtisodiy imkoniyatlarni, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilishini hisobga olgan holda yoʻl tarmogʻini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining texnikaviy holatini doimiy nazorat qilishni amalga oshirish va ulardan xohlagan vaqtda avtomobillarning oʻtishini taʼminlash;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, qayta qurish, tuzatish va saqlash masalalarini hal qilishni taʼminlash;
davlat topshiriqlari va korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan tuzilgan toʻgʻridan toʻgʻrishartnoma va bitimlar asosida samarali pudrat qurilish faoliyatini taʼminlash;
respublikaga xorijiy sheriklarni jalb qilish va respublikadan tashqarida ham konsernning muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga imkon yaratadigan oʻzaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;
konsern qatnashchilari bilan birgalikda ishlab chiqarish rentabelligini oshirish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini koʻpaytirish, mehnat jamoalarining ijtimoiy hayotini yaxshilash uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
3. Oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq “Oʻzavtoyoʻl” konserni:
respublika avtomobil yoʻllari tarmoqlarini hisobga olib borishni va ularning transport foydalanish holatini baholashni tashkil etadi;
ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishning respublika dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirishning istiqbollarini belgilaydi va ular asosida yoʻl xoʻjaligidagi investitsion siyosatning asosiy yoʻnalishlarini aniqlaydi;
umumiy foydalanishdan avtomobil yoʻllari tarmoqlari mudofaa kompleksini hisobga olish va foydalanishni tashkil etadi, yoʻl korxonalari negizida harbiylashtirilgan yoʻl-koʻprik otryadlarini tuzadi, yoʻl-qurilish materiallari va texnikasining safarbarlik zaxiralarini tuzish va saqlashni tashkil etadi;
ilmiy-texnik rivojlantirishdagi ustivor yoʻnalishlarni aniqlab beradi, qoʻshma ilmiy-texnikaviy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etadi, yangi texnika, ilgʻor texnologiyani, samarali materiallarni ishla6 chiqarishga joriy etishda yordam koʻrsatadi;
ilgʻor normalar va normativlarni ishlab chiqish va qoʻllashni tashkil etadi, eskirib qolgan davlat yoʻl standartlarini qayta qurib chiqish yuzasidan takliflar kiritadi;
jiddiy vaziyatlar yuzaga kelgan (tabiiy ofat, avariya va shunga oʻxshash) holatlarda konsern aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
avtomobil yoʻllari qurish, tuzatish va saqlash uchun moliyaviy mablagʻlar yigʻishni tashkil etadi va nazorat qiladi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, tuzatish va saqlash xarajatlarini shakllantirishda va konsern aʼzolariga oʻzaro ishlab chiqarish xizmatlari koʻrsatishda narx belgilashning umumiy prinsiplarini aniqlaydi;
respublika uchun eng muhim iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoʻl tarmogʻi obyektlarini qurish (qayta qurish) uchun davlat buyurtmalarini shakllantiradi va joylashtiradi;
davlat topshiriqlarini bajarish maqsadida moddiy-texnika resurslari uchun markazlashgan tartibda ajratiladigan kapital mablagʻlar va kvotalar limitlari fondi egasi vazifasini bajaradi;
konsernning markazlashgan mablagʻ hisobidan konsern aʼzolariga vaqtincha moddiy yordam berilishini taʼminlaydi;
konsern qatnashchilariga:
moddiy-texnik resurslar bilan taʼminlashda;
ishlab chiqarish, mehnat va boshqaruvni tashkil qilishni takomillashtirishda;
kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashda;
ijtimoiy masalalarni hal etishda yordam koʻrsatadi;
axborot noshirlik, maslahat, injiniring, vositachilik va boshqa xizmatlarni bajaradi.
4. Avtomobil yoʻllarini boshqarishga maxsus vakolati boʻlgan davlat boshqaruv organi sifatida “Oʻzavtoyoʻl” konserni quyidagi huquqlarga egadir:
respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishning aniq yoʻnalishlarini shakllantirish va belgilash;
berilgan vakolatlar doirasida konsern qatnashchilariga tegishli davlat mulkini boshqarish;
hududiy yoʻl organlari maqomiga ega boʻlgan yoʻllardan foydalanish korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish va ularga umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari tarmoqlarini biriktirib qoʻyish; koʻrsatilgan korxonalarga rahbarlar tayinlash;
berilgan vakolatlar doirasida, qaysi idoraga qarashliliklari va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha uyushma, korxona, tashkilot va muassasalar uchun bajarish majburiy boʻlgan normativ va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
manfaatdor davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda respublika Hukumatiga konsern qatnashchilarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish haqida, amaldagi qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
konsernning ijro etuvchi apparatini va hududiy yoʻl organlarini respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan saqlash.
5. Konsern korxonalarning xoʻjalik uyushmasi sifatida quyidagi huquqlarga egadir:
davlat va boshqa organlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatda konsern qatnashchilarining manfaatlarini ifodalovchi vakil boʻlish;
konsern qatnashchilarining roziligi bilan sugʻurta, zaxira jamgʻarmalarini tashkil etish uchun moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa resurslarni markazlashtirish;
konsernning markazlashgan mablagʻlari hisobidan xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalar, markazlar, firmalar, boshqa xizmat koʻrsatish korxonalarini tashkil etish, xorijiy davlatlarda filiallar, vakolatxonalar ochish, xorijiy sheriklar bilan qoʻshma korxonalar tashkil etish, ularni qayta tashkil etish va tugatish;
respublikadan tashqarida hukumatlararo kelishuvlar asosida yoki xorijiy sheriklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish;
shartnoma asosida xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻz ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish;
ish haqi shakllarini, tizimini va miqdorini mustaqil ravishda belgilash.
III. Konsern qatnashchilari, ularning huquqlari va burchlari
1. “Oʻzavtoyoʻl” konserni qatnashchilari xoʻjalik yuritishdagi mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar, oʻz faoliyatlarida amaldagi qonunchilikka, oʻz ustaviga, shuningdek, mazkur ustavga amal qiladilar.
2. Konsern qatnashchilari quyidagi huquqlarga egadirlar:
shartnoma asosida konsernning va uning tomonidan tashkil egilgan xizmat koʻrsatish korxonalarining xizmatidan foydalanish;
korxona faoliyati daromadidan konsern mulkiga oʻzi qoʻshgan hissa miqdorida ulush olish;
konsern rahbar organlarining koʻrib chiqishi uchun uning faoliyati masalalari boʻyicha takliflar kiritish va ularning muhokamasida ishtirok etish;
konsern faoliyati haqida zarur axborotlar olish;
konsern tizimidagi aksionerlik jamiyatlariga aylantiriladigan korxonalarning aksiyalarini ustuvor tartibda sotib olish.
3. “Oʻzavtoyoʻl” konserni aʼzolarining burchlari:
konsern Ustaviga rioya qilish;
ustuvor tartibda konsernning boshqa qatnashchilari bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha ishlarni bajarish va xizmat koʻrsatish;
konsernning rahbar organlari qarorlari bilan belgilab berilgan konsernning boshqa qatnashchilari bilan birgalikda faoliyat koʻrsatish shartlarini bajarish;
konsern faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan texnik-iqtisodiy, statistika axborotlari va boshqa axborotlarni taqdim etish;
belgilangan muddatlarda markazlashtirilgan jamgʻarmalar va zaxiralarga badallarni berish.
IV. Konsernning mol-mulki
1. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining mulkini asosiy jamgʻarmalar va oborot mablagʻlari, shuningdek, qiymati konsernning mustaqil balansida ifodalanadigan boshqa qimmatbaho narsalar tashkil etadi.
2. Konsernning mulki uning hamma ishtirokchilari uchun birgalikdagi mulk hisoblanadi.
3. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining mol-mulki quyidagi manbalar hisobiga tashkil topadi:
Oʻzbekiston Respublikasi sobiq Avtomobil yoʻllari vazirligining huquqiy vorisi sifatida uning mulki;
ustav jamgʻarmasini tashkil qilishdagi konsern qatnashchilarining kirish badallari;
konsern ishtirokchilarining konsernning markazlashgan jamgʻarmasiga har yil toʻlaydigan moddiy, pul, valyuta resurslari;
oʻz ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatidan keladigan daromadlar (xoʻjalik hisobdagi boʻlinmalarni tashkil etish hisobiga);
bank va boshqa kreditorlardan olingan kreditlar;
qiymatli qogʻozlar va dividendlarni sotishdan olinadigan daromadlar.
4. Konsern, konsern qatnashchilari, shuningdek, konsern tomonidan tashkil etilgan korxonalar budjet bilan mustaqil ravishda hisob-kitob qiladilar.
5. Konsern amaldagi qonunga muvofiq oʻz majburiyatlari boʻyicha jarima solinishi mumkin boʻlgan butun mulk bilan javob beradi.
Konsern oʻz qatnashchilarining majburiyatlari boʻyicha javobgar emas — qatnashchilar konsernning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi.
V. Konsernni boshqarish
1. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining yuqori boshqaruv organi Kengashdir.
2. Konsern Kengashi konsern rahbari, uning oʻrinbosarlari, konsern aʼzolari boʻlgan korxona rahbarlari tarkibida tasdiqlanadi.
3. Konsern Kengashining alohida vazifalariga quyidagi masalalar kiradi:
respublika avtomobil yoʻllari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish;
respublika yoʻl xoʻjaligini iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini aniqlash;
yoʻl jamgʻarmasini tashkil etish tartibini belgilash va uning oʻrinli sarflanganligini baholash;
keyinchalik respublika Hukumatiga takliflar kiritish uchun yoʻl xoʻjaligi boʻyicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini koʻrib chiqish;
birgalikdagi faoliyatning istiqboli va yillik dasturlarini tasdiqlash, ularning amalga oshirilishining borishi haqidagi hisobotlarni eshitish;
konsernning Ustav jamgʻarmasiga toʻlanadigan kirish badallari miqdorlarini belgilash;
konsern tarkibiga kirish yoki undan chiqish haqida qaror qabul qilish;
konsernning markazlashgan jamgʻarmasini tashkil etish va sarflash tartibini belgilash;
konsern daromadlarini markazlashgan jamgʻarmalarni toʻldirish uchun va ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash.
4. “Oʻzavtoyoʻl” konserni Kengashining majlisi zaruriyatga qarab, biroq bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
Konsern Kengashining qarorlari ochiq ovoz berish bilan va oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va qarorlar bilan rasmiylashtiriladi. Konsern Kengashining har bir aʼzosi bir ovoz berish huquqidan foydalanadi.
5. “Oʻzavtoyoʻl” konserni Kengashi besh yil muddatga, doimiy ishlovchi ishchi organ sifatida konsern boshqaruvini saylaydi.
6. “Oʻzavtoyoʻl” konserni boshqaruvi:
Kengash qarorlarning bajarilishini tashkil etadi;
Kengashda koʻrilish lozim boʻlgan barcha masalalarni oldindan ishlab chiqishni amalga oshiradi, Kengashda tasdiqlanadigan qarorlarning loyihalarini tayyorlaydi;
konsernning ilmiy-texnika kengashini tuzadi;
Kengashning alohida vazifasiga kirmaydigan konsern joriy faoliyatining barcha masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
7. Boshqaruv majlisi har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Qarorlar ochiq ovoz berish bilan, koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va konsern boʻyicha buyruqlar bilan rasmiylashtiriladi.
8. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining rahbari, uning oʻrinbosarlari kabi respublika Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan Boshqaruv raisi hisoblanadi.
Boshqaruv raisi konsern faoliyati uchun shaxsan javob beradi va quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
oʻz huquq doirasida buyruqlar va farmoyishlar chiqarish;
boshqa uyushmalar, korxonalar muassasalar bilan munosabatlarda konsern vakili boʻlish;
konsern nomidan shartnomalar shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzish;
moliyaviy, hisobot va boshqa hujjatlarni imzolash, ishonch qogʻozlari berish;
konsernning yangidan tuzilgan boʻlinma va korxonalari haqidagi nizomlar va ustavlarni tasdiqlash;
ijro etuvchi apparatning tuzilmasini, shtat jadvalini va ularni saqlash uchun xarajatlar smetasini, uning tarkibiy boʻlinmalari haqidagi nizomni va lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlash;
boshqaruvning navbatdagi majlisini chaqirish haqida qaror qabul qilish.
9. “Oʻzavtoyoʻl” konsernnining rahbar organlari ishini taʼminlash uchun boshqaruv raisi tomonidan ijro etuvchi apparat tuziladi,
10. “Oʻzavtoyoʻl” konserni Kengashi konsern ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning malakali mutaxassislaridan besh yil muddatga taftish komissiyasi saylaydi.
Taftish komissiyasi konsern, uning boshqaruvining moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, tekshirish natijalari haqida faqat konsern Kengashi oldida hisob beradi.
Konsern faoliyati bir yilda kamida bir marta taftish qilinadi.
VI. Konsernga kirish va undan chiqish tartibi
“Oʻzavtoyoʻl” konserniga kirish yoki undan chiqish haqidagi ariza, ariza berilgan kundan boshlab uch oy davomida konsern boshqaruvi tomonidan koʻrib chiqiladi va uzil-kesil qaror konsern Kengashi tomonidan qabul qilinadi.
VII. Konsern faoliyatini toʻxtatish
1. “Oʻzavtoyoʻl” konsernini tugatish haqidagi qaror konsern Kengashining tashabbusi yoxud amaldagi, qonunchilik bilan vakil qilingan organlarning tashabbusi bilan Respublika Hukumati tomonidan qabul qilinadi.
2. Konsern tugatilayotganda konsern qatnashchilarining birgalikdagi mulki hisoblangan mol-mulkni sotishdan olingan pul mablagʻlari, boshqaruv va ijro etuvchi apparat xodimlari bilan hisob-kitob qilingandan soʻng, kredit beruvchilarning talablari qondirilgach, konsern qatnashchilari oʻrtasida ular qoʻshgan hissaga qarab taqsimlanadi.