Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XALQARO ShARTNOMALARINI EʼLON QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 331-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida” 2019-yil 6-fevraldagi OʻRQ-518-son Qonuni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini eʼlon qilish tartibi” tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 28-aprel,
214-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-apreldagi 214-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini eʼlon qilish
TARTIBI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgan davlatlararo shartnomalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan qoʻshilishilgan shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taqdimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining “Xabarnomasi”da eʼlon qilinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgan hukumatlararo shartnomalar, Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining qarorlariga asosan qoʻshilishilgan shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taqdimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari toʻplamida eʼlon qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgan xalqaro shartnomalar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga asosan qoʻshilishilgan shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taqdimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasida eʼlon qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalari, shunday shartnomalar tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining qarori boʻyicha idoraviy nashrlarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda eʼlon qilinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo va hukumatlararo xalqaro shartnomalarining har yilgi rasmiy toʻplamlarini chiqaradi.
6. Oʻzbekiston Respublikasining asl matnlari xorijiy tillarda tuzilgan xalqaro shartnomalari davlat tilida eʼlon qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinishi mumkin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini imzolash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organning taqdimi boʻyicha shu shartnoma belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari va idoralari nomidan tuzilgan xalqaro shartnomalarning amal qilishini toʻxtatish, denonsatsiya qilish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi rasmiy axborotlar ham yuqorida bayon etilgan qoidalarga muvofiq eʼlon qilinadi.