O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGINING EKSPERTIZA XIZMATINI RIVOJLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-noyabrdagi 321-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sud ekspertizasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ilmiy darajasini va asoslanganligini oshirish, mustaqil ekspertiza xizmatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. X. Sulaymonova nomidagi Toshkent sud ekspertizasi ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining X. Sulaymonova nomidagi respublika ilmiy-tadqiqot kriminalistika markaziga aylantirilsin. Markazga sud ekspertizasi masalalari bo‘yicha ilmiy-uslubiy va muvofiqlashtiruvchi organ vazifasi yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 15-dekabrdagi 299-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2010-y., 50-son, 474-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
umumiy foydalanishdagi avtoxo‘jaliklardan xizmat yengil avtomashinalari yollash uchun zarur mablag‘lar ajratsin;
1996-yil budjeti loyihasida, tuzilgan kontraktlarni hisobga olgan holda, zamonaviy darajada ekspertizalar o‘tkazish va ilmiy tadqiqotlarni bajarish maqsadida maxsus asbob-anjomlar sotib olish uchun kriminalistika markaziga valyuta mablag‘lari ajratishni nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Kriminalistika markazi xodimlari mehnatga haq to‘lash sharoitlari bo‘yicha ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimlariga tenglashtirilsin. Markazda ishlaydigan ekspertlarga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 9-iyuldagi 343-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan uzoq yil ishlaganlik uchun lavozim maoshiga qo‘shimcha haq to‘lash tatbiq etilsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-apreldagi 197-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 66-modda)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik bo‘limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 22-iyun,
234-son
Respublika kriminalistika markazi xodimlarining tarif razryadlari va stavka (oklad)lari
|
Lavozim nomi |
Tarif razryadi |
1995-yil 1-martdan tarif stavkasi |
| Markaz boshlig‘i | 21 | 1119 |
| Markaz boshlig‘ining o‘rinbosari | 20 | 1053 |
| Laboratoriya, bo‘lim, viloyatlararo filial (bo‘lim) mudiri, ilmiy kotib | 17 | 888 |
| Bosh mutaxassis | 16 | 840 |
| Etakchi mutaxassis, katta ilmiy xodim (fan doktori yoki fan nomzodi) | 15 | 798 |
| 1-toifali mutaxassis, ilmiy darajaga ega bo‘lmagan katta ilmiy xodim | 14 | 762 |
| 2-toifali mutaxassis, ilmiy xodim | 13 | 726 |
| Toifasiz mutaxassis, kichik ilmiy xodim | 12 | 696 |
| Bosh buxgalter | 14 | 762 |
| Kassir | 6 | 534 |
| Kadrlar bo‘limining katta inspektori | 8 | 582 |
| Kanselyariya mudiri | 8 | 582 |
| Kutubxona mudiri | 8 | 582 |
| Oliy ma’lumotli katta laborant, katta inspektor | 9 | 609 |
| Oliy ma’lumotsiz katta laborant, inspektor | 7 | 558 |
| Ekspeditor | 3 | 480 |
| Arxivarius | 3 | 480 |
| Injener | 6 | 534 |
| Suratga olish laboratoriyasi mudiri | 10 | 636 |
| Suratxona laboranti | 4 | 495 |
| Mashinistka (toifasiz mutaxassis) | 3 | 480 |