Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON FARMATSEVTIKA SANOATI (“OʻZFARMSANOAT”) DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNINI TASHKIL QILISH VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish toʻgʻrisida” 1993-yil 2-iyundagi Farmonni ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilida berilgan.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzfarmsanoat” konserni oʻz tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan avval tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha javob beradi.
2. Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini boshqarishning yuqori organi Kengash hisoblanadi, u boshqaruvni saylaydi, apparat tuzilmasi va sonini, mehnatga haq toʻlash fondini, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimi va shart-sharoitlarini belgilaydi. Konsern apparatini mablagʻ bilan taʼminlash konsern Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan bitim asosida uning tarkibiga kiruvchi birlashmalar va korxonalarning ajratmalari hisobiga amalga oshiriladi.
Muassislarning Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni boshqaruv apparati xodimlarining cheklangan sonini 35 nafardan iborat qilib (xizmat koʻrsatuvchi xodimlarsiz) belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirilsin.
Konsern boshqaruvining raisi va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar, “Oʻzfarmsanoat” konserniga raisning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqaruv raisi, uning oʻrinbosarlariga tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat qoʻmitalari raislari va rais oʻrinbosarlari uchun belgilangan moddiy-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni:
bir oy muddatda konsern Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston kimyo sanoati davlat konserni, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning asosiy fondlari va budjet mablagʻlarini oʻtkazish masalalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqsin va hal etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda 1993-yil davomida “Oʻzkimyofarm” ishlab chiqarish birlashmasi va “Vaksina” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini qatnashchilari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi timsolida davlat, “Oʻzfarmsanoat” konserni va unga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning jamoalari boʻlishi mumkin boʻlgan yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishni amalga oshirsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
konsern birlashmalari va korxonalarini aksionerlik jamiyatlariga aylantirishda ularda davlatga tegishli boʻlgan aksiyalarning ulushi kamida 51 foizni tashkil etishi kerak;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasining “Shifobaxsh” ishlab chiqarish birlashmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining oʻsimlik moddalari kimyosi instituti bilan “Base oyl kompozit LTD” qoʻshma korxonasi oʻrtasidagi xoʻjalik va ilmiy-ishlab chiqarish munosabatlari shartnoma asosida quriladi;
“Oʻzfarmsanoat” konserni “Oʻzdavkimyokonsern” mavzulari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishga buyurtmalarni xalq xoʻjaligi vazifalari muvaffaqiyatli hal etilishini taʼminlaydigan hajmlarda qabul qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi:
davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar ulushiga muvofiq konsern tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlari faoliyatiga rahbarlik qilish huquqini “Oʻzfarmsanoat” konserniga bersin;
konsernning rivojlanishi uchun davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar boʻyicha dividentlarning bir qismini shartnoma asosida unga berishni amaliyotda qoʻllanilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserniga quyidagi huquqlar berilsin:
xorijiy sheriklar bilan qoʻshma korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar tuzish, dorivor vositalar, xom ashyo, materiallar, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, priborlar, texnologiyalar va xalq isteʼmol mollarini eksport va import qilish boʻyicha operatsiyalarni belgilangan tartibda amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini hamda dorivor vositalarning yangi turlarini oʻzlashtirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni mablagʻ bilan taʼminlash uchun tovar mahsuloti tannarxining 10 foizigacha boʻlgan miqdorda budjetdan tashqari jamgʻarma tashkil etish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi dorivor vositalar, biologik moddalar va tibbiy buyumlarning bosh buyurtmachisi etib belgilansin.
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni ishlab chiqaradigan dorivor vositalarning sifatini nazorat qilish boʻyicha Davlat komissiyasining tarkibi tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-maydagi 240-son qaroriga qisman oʻzgartirish kiritilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernining tavsiyasi boʻyicha farmakologik vositalarni ishlab chiqarishni tashkil qilish boʻyicha korxonalar (tashkilotlar)ga litsenziyalar berish huquqini dorivor vositalarning sifatini nazorat qilish Davlat komissiyasiga bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi FTDQ, Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlarning hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
yangi dorivor vositalar olish va ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish boʻyicha ustivor ilmiy-tadqiqot ishlari;
dorivor oʻsimliklar yetishtirish negizini kengaytirish;
respublika farmatsevtika sanoatini rivojlantirish;
kimyo-farmatsevtika sanoati uchun kadrlar va dorivor oʻsimliklarni yetishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash masalalarini oʻrganib chiqsin va ularni oʻz ichiga oluvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi yangi dorivor vositalar, biologik moddalar va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun “Oʻzfarmsanoat” konserniga budjet mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi:
respublika aholisini dorivor vositalar bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash maqsadida tayyor dorivor vositalar, farmatsevtik substansiyalar, xom ashyo, materiallar, maxsus texnologik asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni sotib olish uchun “Oʻzfarmsanoat” konserniga valyuta mablagʻlari belgilangan tartibda ustivor ajratilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston iqtisodiyotining istiqbolini belgilashda farmatsevtika korxonalari qurilishiga tegishli moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlangan markazlashtirilgan mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
9. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “Oʻzfarmsanoat” konsernini joylashtirish uchun bino ajratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi “Oʻzfarmsanoat” konserni boshqaruvi markaziy apparatiga transport xizmati koʻrsatish uchun limitlar va bitta avtomobil ajratsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “Oʻzfarmsanoat” konserni raisi va uning oʻrinbosarlariga hukumat telefonlari oʻrnatishni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin, qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yilning iyul oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 17-iyun,
290-son