Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish asoslari va turlarini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish masalasini koʻrib chiqish tartibini nazarda tutuvchi Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-dekabr,
829-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 8-yanvardagi 15-son qarori talablari ushbu Nizom bilan tartibga solinadigan munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar — fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisi;
korrupsiyaga qarshi kurashishda faol ishtirok etish — tayyorgarlik koʻrilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish yoxud korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni topishda yordam koʻrsatish;
Keyingi tahrirga qarang.
korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashish — korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega boʻlgan dalillar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda bevosita koʻmaklashish;
korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar — Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 611, 1931 va 1932-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar;
Keyingi tahrirga qarang.
korrupsiyaga oid jinoyatlar — Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 167-moddasining ikkinchi qismi “g” bandi, 168-moddasining uchinchi qismi “v” bandi, 1929 va 19210, 205, 209 — 214-moddalari, 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni mansab mavqeyidan foydalangan holda sodir etish hamda 301-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlar;
korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va fosh etish bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbirlarini hamda protsessual harakatlarni amalga oshiruvchi organlar (keyingi oʻrinlarda — korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar) — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
4. Quyidagilar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirishning (keyingi oʻrinlarda — ragʻbatlantirish) asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
korrupsiyaga oid jinoyatlarning barvaqt profilaktikasini taʼminlash, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish;
aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni ushbu sohaga qoʻshayotgan hissasi uchun munosib taqdirlash.
5. Ragʻbatlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
6. Ushbu Nizom talablari quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
mansabdor shaxslar, shu jumladan, “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashuvchi shaxslar;
qonun hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ragʻbatlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shaklida belgilanadi.
2-bob. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish asoslari va turlari
8. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan oʻzlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki oʻzlariga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;
nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi oʻziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud oʻziga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita oʻz rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;
korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan shaxs toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
9. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar quyidagi miqdordagi bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
a) korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
Keyingi tahrirga qarang.
b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlsa:
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida;
ogʻir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida;
oʻta ogʻir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida;
v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan yuz baravarigacha boʻlsa:
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat uchun-bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida;
uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida;
ogʻir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida;
oʻta ogʻir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida;
g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan koʻp boʻlsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
ancha miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulk qiymatining oʻn besh foizi miqdorida;
koʻp yoki juda koʻp miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulk qiymatining oʻn foizi miqdorida.
Bunda pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulk qiymatini foizlarda hisoblashda qonun hujjatlarida belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
d) qidiruvda boʻlgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ikki yoki undan ortiq qidiruvda boʻlgan shaxslarning yashiringan joyi haqida bir vaqtda xabar berganligi uchun esa — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida.
10. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega boʻlgan dalillar haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda bevosita koʻmaklashganlik uchun shaxs tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shaklida ragʻbatlantirish tarzida taqdirlanadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
Esdalik sovgʻa qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmasligi lozim.
11. Quyidagi holatlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxs:
ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari;
har xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib ogʻirroq tasnifi boʻyicha bir marta;
bir xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun bir marta;
korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida yoxud qidiruvdagi shaxs toʻgʻrisida ikki yoki undan ortiq shaxsning bergan xabari uchun mazkur Nizomning 9 va 11-bandlarida koʻrsatilgan pul mukofoti miqdorining teng ulushlarida ragʻbatlantiriladi.
12. Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Quyidagi qarorlardan biri qabul qilingandan soʻng ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi:
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha jinoyat ishlari yuzasidan sudning ayblov hukmi yoki maʼmuriy ishlar boʻyicha sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi birinchi qismining 1 — 3-bandlari, uchinchi qismi hamda beshinchi qismining 1-bandi asosida ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror prokuror tomonidan tasdiqlanganda yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganda;
qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi toʻgʻrisida prokurorning, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi qabul qilinganda.
14. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3-bob. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish masalasini koʻrib chiqish tartibi
15. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish masalasi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bunda respublika darajasidagi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan respublika maxsus komissiyasiga, ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan esa hududiy maxsus komissiyalarga chiqadilar.
16. Maxsus komissiyalarning tarkibi, faoliyat yuritish tartibi, raisi va aʼzolarining huquq hamda majburiyatlari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar tomonidan belgilanadi.
17. Taqdimnomaga ragʻbatlantirish uchun asos boʻluvchi quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
roʻyxatdan oʻtgan ariza nusxasi yoki ogʻzaki berilgan xabarni tasdiqlovchi maʼlumotlar;
sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoki ayblov hukmi nusxasi;
qidiruvni bekor qilish haqida, shuningdek, ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim yoki qaror nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarning shaxsiy hisobvaragʻi boʻlgan bank rekvizitlari.
18. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning ragʻbatlantirish boʻyicha taqdimnomasi va unga ilova qilingan asoslovchi hujjatlar ragʻbatlantirish uchun asos yuzaga kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida maxsus komissiyalarga taqdim etiladi.
19. Maxsus komissiyalar tomonidan ragʻbatlantirishga oid hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqliligi, asosliligi hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinganligi koʻrib chiqiladi.
20. Ragʻbatlantirish uchun taqdim etilgan hujjatlar toʻliq emasligi hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinmaganligi aniqlangan taqdirda, ikki ish kuni ichida qaytariladi.
Qaytarilish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda, tegishli hujjatlar ushbu Nizom talablari asosida ragʻbatlantirish uchun qayta taqdim etilishi mumkin.
21. Ragʻbatlantirish boʻyicha maxsus komissiyalar tomonidan chiqarilgan qarorlar uch ish kuni ichida taqdimnomani kiritgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organga ijro uchun yuboriladi.
22. Maxsus komissiyalarning raislari komissiya qarori qonuniyligi, xolisligi hamda shaxslarning shaxsiga oid maʼlumotlar oshkor etilmasligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
23. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ maxsus komissiyaning qarori asosida bir ish kuni ichida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʻasi bilan taqdirlash haqida qaror chiqaradi.
Bir martalik pul mukofoti xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritilgandan soʻng oʻn ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi, esdalik sovgʻasi esa qonun hujjatlariga muvofiq sovgʻa qilinadigan buyum xarid qilingandan soʻng besh ish kuni ichida topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Tashakkurnoma shaklida ragʻbatlantirish masalasi bevosita korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ rahbari tomonidan koʻrib chiqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ragʻbatlantirilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarning hisobi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar taqdim etgan maʼlumot asosida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.
26. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida ular haqidagi maʼlumotlar qonun hujjatlarida belgilangan talablar asosida oshkor etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarini himoya qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Ushbu Nizom talablari buzilganligida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/829/1693-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/322/0481-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)