Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonun va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga binoan muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Dunyo boʻylab kechayotgan iqtisodiy pasayishning taʼsiri natijasida mamlakatda yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi joriy narxlarda 408,3 trln. soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizni tashkil etgan.
Bunga asosan qishloq xoʻjaligining 3,4 foizga, qurilish ishlarining 8,6 foizga oʻsishi hisobiga erishilgan. Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish 2,3 foizga oʻsgan boʻlsa, umumiy sanoat ishlab chiqarish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga kamaygan.
Yalpi ichki mahsulot tarkibida isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish 2,3 foizga oʻsgan holda, umumiy sanoat ishlab chiqarish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga kamaygan. Sanoat tarmogʻida hisobot davrida 2020-yilning 6 oylik koʻrsatkichlariga nisbatan ijobiy natijalarga erishilgan.
Inflatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga (11,4 foiz) nisbatan 3,6 bandga sekinlashgan.
Tashqi savdo aylanmasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga kamayib, 27,5 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining 2020-yil toʻqqiz oylik daromadlari 114,1 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 27,9 foiz, xarajatlari esa 132,3 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32,4 foizni tashkil etgan.
Pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramasdan, joriy yil toʻqqiz oylik davlat budjeti daromadlari 94,5 trln. soʻmni tashkil etgan.
Davlat budjetining 2020-yil toʻqqiz oylik xarajatlari 102,2 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan.
Davlat budjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy xarajatlar ulushi 53,7 trln. soʻm yoki jami xarajatlarning 52,5 foizni tashkil etgan.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 10 trln. soʻm koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlikni va aholi bandligini koʻllab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
Davlat budjetida yuzaga kelgan 7,7 trln. soʻm taqchillik xalqaro moliya institutlaridan budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilingan mablagʻlar (4,1 trln. soʻm) hamda Davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini joylashtirilishidan tushgan mablagʻlar (3,6 trln. soʻm) hisobiga qoplangan.
Mahalliy budjetlar daromadlari 19 973,0 mlrd. soʻmga yoki rejaga nisbatan 112,3 foizga ijro etilgan.
Natijada, mahalliy budjetlar ixtiyorida toʻqqiz oy yakunlari bilan qoʻshimcha 2 191,5 mlrd. soʻm manba shakllantirilgan.
Shuningdek, mahalliy budjetlarning hududlar boʻyicha umumiy daromadlar prognozi bajarilgan boʻlsa-da, ayrim soliq turlari boʻyicha belgilangan reja-topshiriqlari bajarilmagan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 3,3 mlrd. soʻmga, Buxoro viloyatida aylanmadan soliq 4,9 mlrd. soʻmga bajarilmagan.
Mahalliy budjetlarga soliq qarzdorligi qariyb 1,5 trln. soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 539,0 mlrd. soʻmga oshgan.
Qarzning asosiy oʻsishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi (98,0 mlrd. soʻm), Fargʻona (68 mlrd.soʻm), Toshkent (60 mlrd. soʻm) va Qashqadaryo (56 mlrd. soʻm) viloyatlariga toʻgʻri kelgan.
Budjetga ortiqcha toʻlovlar yil boshiga nisbatan 11,8 mlrd. soʻmga kamayib, 156,1 mlrd. soʻmni tashkil etgan.
Davlat moliyaviy nazorati tadbirlari natijasida joriy yilning 1-oktabr holatiga budjet mablagʻlaridan foydalanishda 129,1 mlrd. soʻmlik budjet intizomi buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Jumladan, Qashqadaryo, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qariyb 49,0 mlrd. soʻmlik noqonuniy xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan.
Hisobot davrida vazirlik va idoralar boʻyicha qonun buzilishi holatlari va boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni koʻrsatmoqda:
Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 40,7 mlrd. soʻm;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 22 mlrd. soʻm;
Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 10,7 mlrd. soʻm;
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida 6,3 mlrd. soʻmlik qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.
Shuningdek, Suv xoʻjaligi (4 mlrd. soʻm), Madaniyat (3 mlrd. soʻm), Jismoniy tarbiya va sport (2,1 mlrd. soʻm), Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi (2 mlrd. soʻm), Qishloq xoʻjaligi (1,7 mlrd. soʻm) vazirliklari va ular tizimidagi budjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Shu bilan birga, “Oʻzbekkino” milliy agentligida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 17,8 mlrd. soʻmlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, hokimliklar (1,6 mlrd. soʻm), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (4,5 mlrd. soʻm), hokimliklar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari (5,6 mlrd. soʻm)da oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Hududlar boʻyicha yirik miqdorda qonun buzilishi holatlari Qashqadaryo (14,1 mlrd. soʻm), Andijon (12,8 mlrd. soʻm), Fargʻona (11,1 mlrd. soʻm), Surxondaryo (10,6 mlrd. soʻm), Namangan (9,9 mlrd. soʻm), Jizzax (9,8 mlrd. soʻm), Samarqand (9,2 mlrd. soʻm), Toshkent (6,5 mlrd. soʻm), Xorazm (4,2 mlrd. soʻm) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (9,8 mlrd. soʻm) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (6,1 mlrd. soʻm) aniqlangan.
Misol uchun, Jalaquduq tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli umumtaʼlim maktablarida malaka toifasiga ega boʻlmagan, malaka toifasi sertifikati muddati tugagan yoki muddati sunʼiy ravishda oʻzgartirib kiritilishi natijasida 132 ta holatda 422,8 mln. soʻm toifa uchun toʻlovlarni ortiqcha toʻlanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Baliqchi tumanidagi 11-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida pudratchi tashkilot tomonidan haqiqatda bajarilmagan 685,6 mln. soʻmlik taʼmirlash ishlarini hisobotga qoʻshib yozish yoʻli bilan toʻlovga ortiqcha taqdim etilgan.
Buxoro viloyatida sogʻliqni saqlash tizimidagi 12 ta tibbiyot muassasalarida tez tibbiy yordam xodimlariga budjetdan va homiylar hisobidan berilgan bir martalik moddiy yordam pullarining toʻlanishida xodimlarning ishlayotgan oʻrin birliklariga nisbatan notoʻgʻri hisoblanishi natijasida jami 1 108,4 mln. soʻmlik mablagʻlar ortiqcha toʻlanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Davlat budjeti jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashdagi muammolar tufayli Namangan viloyatida erkin qoldiq mablagʻlarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida sarflash talabi Kosonsoy tumanidan tashqari birorta tumanda eng koʻp ovoz olgan tadbirlarga mablagʻlar yoʻnaltirilmagan va bu borada jamoatchilik fikri inobatga olinmagan.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi davrida budjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish maqsadida Hukumatning 2020-yil 16-apreldagi 232-sonli qarorida vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda barcha budjet tashkilotlarida asosiy vositalarni xarid qilish va kapital taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar 1-iyulga qadar toʻxtatilishi belgilangan.
Hukumat qarorlari bilan muhim tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirish maqsadida mablagʻlar maqbullashtirilgan hamda asosiy vositalarni xarid qilish va kapital taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar toʻxtatilgan boʻlsa-da, joriy yilning oʻtgan davrida mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan xizmat avtomashinalari sotib olish uchun jami 65,4 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻlar sarflab yuborilgan.
Shuningdek, joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, Toshkent shahar, viloyatlar va tuman (shahar) mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida sarflanishi kerakligi toʻgʻrisida “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilangan talablarni bajarilmasdan qolishi holatlariga ham yoʻl qoʻyib kelingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
iqtisodiyotning oʻsish surʼatlarini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoyalash hamda pandemiyaga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan taʼsirchan nazoratni davom ettirsin;
budjet shaffofligini taʼminlash va muammoli hududlarni aniqlash maqsadida budjet ochiqligi boʻyicha hududlar reytingini yuritib borsin;
Moliya vazirining joriy yil birinchi yarim yili hisoboti toʻgʻrisidagi Senat qarorida Vazirlar Mahkamasiga, birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari rasmiy veb-saytlarida budjet tashkilotlari kesimida mablagʻlar taqsimoti, moliyaviy hisobotlar, kapital qoʻyilma loyihalarining ijrosi hamda oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolari va amalga oshirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirib borishni tashkil etish boʻyicha belgilangan topshiriqning bajarilmasdan qolganligi koʻrsatib oʻtilsin va ushbu masalani Vazirlar Mahkamasi Rayosatda koʻrib chiqib, masʼul xodimlar javobgarligini belgilagan holda natijasi yuzasidan bir oy muddatda Oliy Majlis Senatiga batafsil maʼlumot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjeti barqarorligini taʼminlagan holda budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilarning Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarini oʻz vaqtida moliyalashtirsin;
budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha dastlabki va joriy nazorat olib borish yuzasidan taʼsirchan tizimli choralar ishlab chiqsin;
mahalliy budjetlar soliq qarzdorligini kamaytirish, budjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar budjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish boʻyicha nazoratni amalga oshirsin;
budjet jarayonining shaffofligini taʼminlash maqsadida hisobotlarni birinchi darajali budjet taqsimlovchilar boʻyicha kengaytirilgan maʼlumotlar asosida shakllantirish hamda xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash choralarini koʻrsin;
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari boʻyicha yoʻl qoʻyilgan maqsadsiz va noqonuniy sarflangan mablagʻlarni undirish hamda ularni belgilangan tartibda budjetga qaytarish boʻyicha taʼsirchan choralarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda nafaqalar va moddiy yordam tayinlash hamda toʻlashda mavjud muammolarning oldini olsin;
moliyaviy intizom va nazoratni kuchaytirish, ichki audit tizimini mustahkamlash, noqonuniy xarajatlar va kamomadlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha vakolati doirasida tegishli choralarni koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi:
2021-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslarning Davlat budjetiga boʻlgan qarzdorligini hamda mahalliy budjetlarga soliqlardan qarzdorlikni kamaytirish, shuningdek mahalliy budjetlarga aniqlangan qoʻshimcha daromadni budjetga undirsin;
soliqlarning yigʻuvchanligi darajasini oshirish, boqimonda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik ishlarini tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan moliyaviy xatolar koʻrsatib oʻtilsin hamda kelgusida shu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuman va shaharlar budjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini birinchi navbatda fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflari asosida hozirda dolzarb boʻlgan kechiktirib boʻlmaydigan muhim tadbirlarning moliyalashtirilishini qatʼiy nazoratga olsin;
“2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunining mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalarini tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida sarflanishi toʻgʻrisidagi talablarning ijosini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovar va xizmatlar, qurilish-taʼmirlash ishlari olib yuborilayotgan obyektlar roʻyxati, qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtirib, tahlil qilib natijasi boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilib borsin.Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovar va xizmatlar, qurilish-taʼmirlash ishlari olib yuborilayotgan obyektlar roʻyxati, qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtirib, tahlil qilib natijasi boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalarining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlariga binoan sarflanishi holatlarini oʻrganib, prokuratura organlarining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisida Oliy Majlis Senatiga taqdim etiladigan navbatdagi hisobotida mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar roʻyxatini, loyihaning qiymati va ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari hisobidan tashkilotlar va muassasalar tomonidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarishda:
moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan hollarda tegishli tadbirlarni amalga oshirmaslik;
bajariladigan ishlarni belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari va unga berilgan ekspertiza xulosalarisiz, shuningdek loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashni qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda parallel ravishda olib borilishiga yoʻl qoʻymaslik;
pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni belgilangan tartibda tender (konkurs) oʻtkazmasdan tanlab olinishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qaror ijrosi yuzasidan umumiy nazorat oʻrnatsin hamda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha 2021-yilning 1-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga umumlashtirilgan axborot taqdim etsin.
10. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 18-dekabr,
CQ-190-IV-son