Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini oʻzgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 8-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning 29-moddasiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 13-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Surxondaryo viloyati:
Termiz tumanining chegarasi oʻzgartirilsin;
Termiz shahrining chegarasi kengaytirilsin.
2. Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududidagi “Manguzar”, “Chegara”, “Pattakesar”, “Tinchlik”, “Alisher Navoiy”, “Kokildor ota” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlari toʻliq, “Nurli diyor” va “Namuna” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarining bir qismi (umumiy yer maydoni 1 561 gektar) Termiz shahri tarkibiga oʻtkazilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taklif etilgan Surxondaryo viloyati Termiz tumanidan Termiz shahri hududiga oʻtkazilayotgan yer maydonlari chegaralarining tavsiflari va chizma shakllari 1 — 5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-dekabr,
2936-III-son