Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1995 YILNING I ChORAGI DASTURINING BAJARILIShI VA BIRINChI YaRIM YILLIKDA ISLOHOTLARNING KUTILAYOTGAN YAKUNLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, joriy yilning I choragida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga doir chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirildi.
Buning natijasida inflatsiya darajasi pasaydi. Pul emissiyasi 27 punktga qisqardi. Davlat budjeti defitsitining belgilangan doiralarda boʻlishi taʼminlandi. Ijobiy tarkibiy siljishlar amalga oshirildi, yalpi ichki mahsulot hajmida nodavlat sektori ulushi oʻsdi. Isteʼmol bozori, aholini suv va gaz bilan taʼminlash rivojlandi. Oʻrtacha ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar oshdi, aholining muayyan qismini ijtimoiy himoya qilish tizimi mustahkamlandi.
Shu bilan birga, ayrim yoʻnalishlarda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, va ayniqsa, iqtisodiyotning samarali nodavlat sektorini shakllantirishda jiddiy kamchiliklar va nuqsonlar mavjuddir.
Korxonalar bozor sharoitlariga sekinlik bilan moslashmoqdalar. Ularning moliyaviy ahvoli oʻzaro toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmayotganligi tufayli qiyinlashib ketmoqda. Koʻpgina korxonalarning rahbarlari respublika iqtisodiyotida roʻy berayotgan chuqur jarayonlarni tushunib yetmayaptilar.
Buning asosiy sabablari quyidagilardir:
boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi tufayli vujudga kelgan, korxonalar va tashkilotlarning direktorlari va maʼmuriy-boshqarish xodimlari orasida hali ham saqlanib kelayotgan boqimandalik kayfiyati;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga har tomonlama koʻmaklashishga, ushbu jarayonlarni tezlashtirish yuzasidan olib boriladigan zarur tushuntirish va operativ ishlarni taʼminlashga daʼvat etilgan bir qator davlat muassasalari ishidagi chuqur ildiz otgan byurokratizm;
davlat mulki korxonalarini aksionerlashtirishning yetarli darajada ishlab chiqilmagan tashkiliy mexanizmlari ushbu muhim ishni amalga oshirishda suiisteʼmolchilik hollarini keltirib chiqarmoqda, qimmatli qogʻozlar bozori sekinlik bilan rivojlanmoqda, qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi bozori esa amalda tashkil etilmagan.
Natijada davlat korxonalarini aksionerlik jamiyatlariga aylantirish va qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish jarayoni qoniqarsiz amalga oshirilmoqda.
Birinchi yarim yillikda iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining komplekslari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va birlashmalar ikki oy muddatda 1996-1997-yillarda korxonalar va tashkilotlarni, ularni modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, qayta ixtisoslashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni marketing ishlanmalarni hisobga olib yangilash va sotish bozorlarini kengaytirish asosida, bozor sharoitlariga moslashtirish dasturini ishlab chiqsinlar.
2. Davlat mulki qoʻmitasi (Chjen) Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda 3 kun muddatda davlat mulkini aksionerlashtirishni tezlashtirish va qimmatli qogʻozlar bozorini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalarini tayyorlasin hamda taqdim etsin.
3. Markaziy bank (Mullajonov), Moliya vazirligi (Guskova) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligida veksellarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror loyihasini tayyorlasinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Guskova):
respublika tijorat banklari va xoʻjalik organlari bilan birgalikda korxonalar va tashkilotlarning debitor-kreditor qarzdorligini muntazam tahlil qilsin, tarmoqlar va korxonalarda oʻzaro qarzlarni toʻlashning maqbul variantlari joriy etilishini hisobga olgan holda ularni qisqartirish va tugatish chora-tadbirlarini koʻrsin. Qarzi bor korxonalarning rahbarlariga nisbatan tegishli iqtisodiy sanksiyalarni qoʻllasin;
budjet hisobidan mablagʻ bilan taʼminlangan obyektlar boʻyicha 1994-yilda bajarilgan qurilish-montaj ishlari uchun toʻlovlarni shu yilning 10-iyunigacha nihoyasiga yetkazsin.
5. Respublika tijorat banklariga:
1995-yil 5-iyundan boshlab korxonalarning muddati oʻtib ketgan mavjud qarzlarini toʻlash muddatlarini uzaytirishni toʻxtatish va 6 oy oʻtgach ularning toʻlovga qodir emasligi saqlanib qolgan taqdirda ularga nisbatan Oliy xoʻjalik sudi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda “Bankrotlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻrish;
mablagʻ bilan taʼminlashning toʻliq manbalariga ega boʻlmagan qurilishlarni mablagʻ bilan taʼminlashni toʻxtatish, davlat reyestriga kiritilgan qurilishlar va obyektlar roʻyxatiga muvofiq va kredit bilan taʼminlashga ajratilgan mablagʻlardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanish ustidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash tavsiya qilinsin. Mablagʻlar faqat loyiha-smeta hujjatlari boʻlgan, adresli roʻyxatga kiritilgan va qurilishning davom etish normalarini hisobga olgan holda barpo qilinayotgan qurilishlarga va obyektlarga sarflansin. Mablagʻ bilan taʼminlash manbalari aniqlanmay boshlangan qurilishlar roʻyxati ularni kimoshdi savdosida sotish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga berilsin.
6. Davlat soliq qoʻmitasi (Gataulin) soliqlar va majburiy toʻlovlarning budjetga tushishining sifatli va toʻliq bajarilishini taʼminlasin. Daromadlarni yashirishga yoʻl qoʻyayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tezkorlik bilan qattiq jazo choralarini qoʻllasin.
7. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi (Golishev):
Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni va eng muhim iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha vaziyatli prognoz hisob-kitoblarni yilning har choragi boʻyicha tahlil qilish tartibini ishlab chiqsin;
“Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi (Sharonov) bilan birgalikda har oyda hukumatlararo savdo-iqtisodiy bitimlarning bajarilishini tahlil qilsin va ularni amalga oshirishni taʼminlash yuzasidan oʻz vaqtida aniq chora-tadbirlar koʻrsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, respublika xoʻjalik tashkilotlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-iyuldagi 354-son va 1995-yil 14-fevraldagi 54-son qarorlariga muvofiq bir oy muddatda korxonalar xususiylashtirilgandan keyin ularni qoʻllab-quvvatlashni hisobga olgan holda davlat mulkini xususiylashtirishni davom ettirishni taʼminlashga, qimmatli qogʻozlar va koʻchmas mulk bozorini kengaytirishga, yer maydonlarini shaxsiy mulk qilib sotishga, shuningdek fuqarolarning xususiy mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi (Gʻofurov) vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 2-iyuldagi 613-XII-son qarorida nazarda tutilgan korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarishga oid cheklashlarni olib tashlash yuzasidan taklif kiritsin.
10. Markaziy bank (Mullajonov)ga aksionerlik jamiyatlari aksiyalari boʻyicha korxonalar, tashkilotlarga dividendlarni naqd pul bilan berish tavsiya qilinsin.
11. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda markazlashtirilgan eksport hajmi doirasida tovarlar nomenklaturasini oʻzgartirish va korxonalar, uyushmalar, konsernlarga ushbu nomenklaturani markazlashtirilgan eksportning belgilangan qiymat hajmlari doirasida oʻzgartirish huquqini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
12. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi (Ismoilov), “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi (Qozoqxonov) bir oy muddatda tayyor mahsulotlarning korxonalar omborlarida turib qolishi sabablarini tahlil qilsinlar, qoldiq mahsulotlar miqdorini joriy yilning 1-iyuligacha normativlargacha keltirgan holda ularni sotishni taʼminlasinlar, xaridorgir boʻlmagan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga yoʻl qoʻyayotgan mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirsinlar.
13. “Oziqovqatsanoat” uyushmasi (Qosimxoʻjayev);
joriy yilning birinchi yarim yili ish yakunlari boʻyicha xalq isteʼmol tovarlari, ayniqsa chanqov bosdi ichimliklar ishlab chiqarishda, yoz davrida Toshkent va respublikaning shahar hamda aholi yashash joylari aholisini chanqov bosdi ichimliklar bilan uzluksiz taʼminlashni nazarda tutgan holda, yoʻl qoʻyilgan qoloqlikning bartaraf etilishini taʼminlasin;
“Oziqovqatsanoatxomashyo” firmasining va korxonalarning xomashyo va yordamchi materiallar bilan mustaqil ravishda taʼminlashga doir ishini faollashtirsin.
14. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi (Fayziyev) 1995-yil 1-iyulgacha savdo korxonalari kredit berish jamgʻarmalarining umumiy hajmini 500 mln soʻmgacha yetkazish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin va ikki hafta muddatda mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar bilan hisob-kitob qilsin.
15. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzmaishiyxizmat” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 1995-yilning 1-iyuligacha mustaqil ravishda xoʻjalik yuritish istagini bildirgan savdo obyektlarini aksionerlik jamiyatlari tarkibidan chiqarishni taʼminlasinlar.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-iyun,
205-son