Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OʻZBEKISTON QISHLOQ XOʻJALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH MASALALARI
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonini amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi fanining ishlab chiqarish bilan aloqasini mustahkamlash, qishloq, oʻrmon va suv xoʻjaligini ilmiy taʼminlashni boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tarkibiga kiruvchi hududiy boʻlimlar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Markazning markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq, uning xodimlarining cheklangan soni 57 (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) nafar va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining soni 70 nafardan iborat etib tasdiqlansin, ularning xarajatlari respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisida Nizom 3-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz hududiy boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Markazga bosh direktor boshchilik qiladi. Markaz bosh direktorining ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat berilsin. Bosh direktor va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
Markazda Ilmiy-texnika kengashi tashkil etiladi, uning tarkibiga lavozimiga koʻra Markaz bosh direktori (Kengash raisi), uning oʻrinbosarlari va bosh ilmiy kotib, Fan va texnika davlat qoʻmitasi raisi, Fanlar akademiyasi prezidenti, Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Davlat oʻrmon qoʻmitasi raisi, Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi boshligʻi, shuningdek yetakchi olimlar va mutaxassislar kiradilar. Ilmiy-texnika kengashi aʼzolarining shaxsiy tarkibi (kengash tarkibiga lavozimiga koʻra kiradiganlardan tashqari) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori maqomi hamda moddiy va maishiy taʼminot sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, Markaz bosh direktorining birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, Markaz bosh direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Markaz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirlar kengashi, viloyatlar hokimliklari Markazning hududiy boʻlimlarini tashkil etish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni bir oy muddatda amalga oshirsinlar.
Belgilansinki, Markazning Qoraqalpogʻiston respublika va viloyatlar boʻlimlarining rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining va viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasiga koʻra Markaz bosh direktori tomonidan tayinlanadi.
Markazning Qoraqalpogʻiston respublika boʻlimi xodimlari uchun Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash shartlari saqlab qolinsin. Markazning viloyat boʻlimlari xodimlari mehnatga haq toʻlash boʻyicha viloyatlarning qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari xodimlariga tenglashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Markaz va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki hafta muddatda Markazning hududiy boʻlimlari toʻgʻrisida Namunaviy nizomni tasdiqlasinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, budjet mablagʻlari va xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar Markaz ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi.
Ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini xoʻjalik shartnomalari boʻyicha (xoʻjalik hisobi) faoliyatdan mablagʻ bilan taʼminlash 2000-yilga borib 50 foizgacha yetkazilishi lozimligi belgilab qoʻyilsin.
Markaz, uning ilmiy tashkilotlari xodimlari uchun Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash shartlari saqlab qolinsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Fanlar akademiyasi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 5-ilovaga muvofiq ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ilmiy-tematik rejalarining agrosanoat majmuini rivojlantirish muammolariga tegishli qismi Markazning Ilmiy-texnika kengashi bilan kelishib olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Markazga Markazning (budjet mablagʻlaridan tashqari) xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan, shuningdek jalb etilgan boshqa mablagʻlar hisobiga maxsus moliya va innovatsiya (ilmiy-texnik rivojlantirish, innovatsiyalar, olimlarni ijtimoiy himoya qilish va boshqalar) jamgʻarmalari tashkil etish huquqi berilsin.
Jamgʻarmalar toʻgʻrisidagi nizom, ularning mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib olinadi.
8. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent shahar, Usmon Yusupov koʻchasidagi 1-uyga joylashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
1997-1998-yillarda Markaz buyurtmanomalariga binoan Markazni va uning hududiy boʻlimlarini zamonaviy kompyuter va axborot tizimlari bilan taʼminlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur mablagʻlar;
Markazga 3 ta yengil avtomobilni yangilash uchun mablagʻlar va hududiy boʻlimlar uchun 13 ta yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Markazni belgilangan tartibda telefon va teleks aloqasi, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Q.Gʻ. Obidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 12-mart,
136-son
Markaz tarkibiga kiruvchi hududiy boʻlimlar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar
ROʻYXATI
1. Respublika tashkilotlari:
“Paxta” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent viloyati;
“Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent viloyati;
“Plemelita” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent viloyati;
“Don” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Jizzax shahri;
“Qorakoʻl” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Samarqand shahri;
Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasi, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadkiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston sholikorlik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Samarqand shahri;
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati;
Oʻzbekiston pillachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent shahri;
Oʻzbekiston bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent shahri;
Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Chimboy shahri;
A. Chudnaya nomidagi ilgʻor tajriba maktabi, Toshkent viloyati;
Paxtachilik boʻyicha markaziy nazorat-urugʻchilik stansiyasi, Toshkent viloyati;
Kanop ekinlari tajriba stansiyasi, Toshkent viloyati;
2. Markazning Qoraqalpogʻiston Respublika boʻlimi:
Oʻzbekiston sholikorlik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali;
Oʻzbekiston oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali;
“Don” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Qoraqalpogʻiston filiali;
Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali;
Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasining Qoraqalpogʻiston filiali;
“Plemelita” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Qoraqalpogʻiston filiali;
Bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali;
Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali.
3. Markazning viloyat boʻlimlari.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi apparati
tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 6-yanvardagi Farmoni bilan tashkil etilgan.
2. Markaz qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, konstruktorlik byurolari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari hamda boshqa ilmiy va ilmiy-yordamchi tashkilotlarning birlashmasi hisoblanadi.
3. Idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, respublika ilmiy muassasalari va oliy oʻquv yurtlari tomonidan agrosanoat majmuida oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirib boruvchi organ vazifasini bajaradi.
4. Markaz oʻz ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi hamda boshqa vazirliklar va idoralar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va oliy oʻquv yurtlari bilan birgalikda olib boradi.
5. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
6. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va Markazning nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi, Markazning amaldagi qonunchilikka muvofiq banklarda joriy va valyuta hisob-kitob schyotlari boʻladi, oʻziga ajratilgan mablagʻlarni taqsimlaydi va ularni mustaqil ravishda tasarruf etadi.
II. Markazning asosiy vazifalari
7. Quyidagilar Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vatanimiz va jahon ilm-fani va amaliyotining eng yaxshi yutuqlaridan toʻlaroq foydalanishni hisobga olgan holda respublika agrosanoat majmuining eng muhim muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish. Ularning natijalarini qishloq xoʻjaligi samaradorligini yanada oshirish maqsadida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etish;
sugʻoriladigan, lalmi yerlarning va oʻrmon yerlarining, togʻli, choʻl hududlari va yaylovlarning unumdorligini hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻstirish, hosilini saqlash va qayta ishlashning, chorva mollari va parranda oʻstirishining, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishning resurslarni tejovchi texnologiyalarini joriy etish;
seleksiya va urugʻchilik sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish, seleksiyaga oid yutuqlarni sinab koʻrish va muhofaza qilish;
chorvachilikning ilmiy muammolarini, veterinariyaning nazariy asoslarini ishlab chiqish, davolash-oldini olish tadbirlarining ilmiy asoslangan tizimlarini yaratish;
oʻsimliklarni himoya qilishning biologik va uygʻunlashtirilgan usullari sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etish, kam zaharli yerbitsidlarni, pestitsidlarni, oʻstirish koʻmakchilarini hamda atrof-muhit va ekologik jihatdan toza mahsulot olish uchun xavfsiz boʻlgan boshqa yuqori sifatli birikmalarni qidirib topish;
ilmiy tadqiqotlar sohasida shartnoma munosabatlarini rivojlantirish, tugallangan, ishlanmalarni qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy qilish uchun ilmiy xodimlar va mutaxassislarning manfaatdorligini hamda masʼuliyatini ragʻbatlantiruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish muammolarini ishlab chiqish, yuqori samarali, ijtimoiy yoʻnaltirilgan koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, tovar ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, xoʻjalik ichidagi munosabatlar mexanizmini takomillashtirish, qishloqda xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni tashkil qilish;
yuqori unum bilan ishlaydigan, mustahkam va tejamkor qishloq xoʻjaligi mashinalari va mexanizmlarining yangi turlarini yaratish va joriy etish;
eskidan sugʻorib kelinayotgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va rekonstruksiya qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi yerlarni oʻzlashtirish, sugʻorishning ilgʻor usullarini va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
qishloq xoʻjaligini tashkil etish va yuritishning jahon ilgʻor tajribasini oʻrganish va ijodiy qoʻllash, xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, tasarrufidagi tashkilotlar ilmiy xodimlarining chet el ilmiy muassasalarida malaka oshirishini tashkil etish;
yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) tayyorlash;
respublikada hamda xorijda qishloq va suv xoʻjaligi rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishda qatnashish;
institutlar va olimlarning ilmiy asarlarini nashr etish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish.
III. Markazning funksiyalari
8. Ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish sohasida:
respublikada qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi;
oʻz muassasalari kuchi bilan agrosanoat majmuini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlariga doir fundamental hamda amaliy tadqiqotlar loyihalari va dasturlarini ishlab chiqadi;
belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot muassasalarini, ularning filiallarini va tasarrufidagi boshqa tashkilotlarni tashkil qiladi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
agrosanoat majmuining muhim dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar uyushtiradi;
fundamental va amaliy tadqiqotlarning muhim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar va boshqa birlashmalar tashkil qiladi;
respublika agrosanoat majmuini rivojlantirishning ilmiy texnik potensialini rivojlantirish, ilm-fanning moddiy bazasini mustahkamlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasining topshiriqlariga, vazirliklar va idoralar talablariga binoan agrosanoat majmuini rivojlantirishning yirik ilmiy, ilmiy-texnik, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalari va dasturlarini ekspertizadan oʻtkazadi, oʻz vakolatlari doirasida manfaatdor tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda ularni muhokama qiladi;
ilmiy axborotlarning amaliy bankini tashkil qiladi;
Markaz har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot topshiradi.
9. Fan va texnika yutuqlarini joriy etish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazir hamda boshqa idoralar bilan birgalikda dehqonchilik va chorvachilikning, tuproq unumdorligini, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini va chorva mollari mahsuldorligini oshirish, qishloq xoʻjaligini intensifikatsiyalash, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi serhosil navlarini mintaqalashtirish boʻyicha resurslarni va energiyani tejovchi zamonaviy texnologiyalarning ilmiy asoslangan tizimi dasturini tuzadi;
Markaz tashkilotlari tomonidan bajarilgan ilmiy va texnik ishlanmalarning dehqonchilik, chorvachilik, irrigatsiya, melioratsiya va oʻrmon xoʻjaligiga joriy etilishi ustidan mualliflik nazoratini amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligining fan yutuqlariga nisbatan taʼsirchanligini oshirish, joriy etish xizmatini yaxshilash, ilmiy muassasalar, qishloq xoʻjaligi hamda suv xoʻjaligi korxona va tashkilotlari oʻrtasidagi xoʻjalik hisobi boʻyicha, munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
respublikaning urugʻchilik xoʻjaliklarini boshoqli don ekinlarining, gʻoʻza, sholi, sabzavot, yem-xashak va boshqa ekinlarning sara va sara urugʻlari bilan taʼminlaydi;
mollarning yangi zotlarini yaratish boʻyicha naslchilik ishlari yaxshilashga doir tadbirlarni amalga oshiradi;
loyihalash va konstruktorlik tashkilotlarining qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, yer tuzish, melioratsiya va suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorligini mustahkamlaydi;
Markazda hamda joylarda fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish uchun xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalarni tashkil qiladi.
IV. Markaz faoliyatiga rahbarlik qilish
10. Markaz oʻziga qarashli boʻlinmalarning mustaqilligini har tomonlama taʼminlab oʻz ishini kollegiallik, yakkaboshchilik va markazlashtirilgan rahbarlikni birga qoʻshish asosida tashkil etadi.
11. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan bosh direktor boshchilik qiladi.
12. Markazda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan bosh direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari lavozimlari joriy etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Markazda ilmiy-texnik kengash va hayʼat tashkil etiladi.
14. Markaz hayʼatining qarorlari bosh direktorning buyruqlari bilan hayotga joriy etiladi.
15. Markazning bosh ilmiy kotibi maqomiga koʻra bosh direktorning oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
16. Markaz oʻz oldida turgan vazifalar doirasida vazirlik-idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, korxonalar tashkilotlar, muassasalar oliy oʻquv yurtlaridan Markazning faoliyati uchun zarur axborotini belgilangan tartibda soʻrash va olish huquqiga egadir. Zarurat boʻlganda Markaz boshqa vazirliklar, idoralar va muassasalar bilan birgalikda qarorlar, buyruqlar va yoʻriqnomalar qabul qiladi.
17. Markazning bosh direktori:
Markazga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, joriy masalalarni hal etadi, markazdagi ishlarning ahvoli yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida shaxsan javob beradi;
yuqori davlat organlari, ilmiy muassasalar va xorijiy tashkilotlarda Markaz nomidan vakillik qiladi, uning manfaatlarini himoya qiladi;
ilmiy-texnik kengash, Markaz hayʼati va uning apparati ishini tashkil etadi;
tadqiqotlar dasturini tasdiqlaydi, eng muhim ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ilmiy asarlar nashr etilishi rejalarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
ilmiy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlariga rahbarlik qiladi;
dolzarb ilmiy va ilmiy-texnik muammolarni hal etish, shuningdek, tashkiliy masalalar uchun olimlar va mutaxassislarning doimiy va vaqtinchalik ilmiy va maslahat jamoalarini tashkil etadi;
Markaz moliyaviy resurslarining bosh boshqaruvchisi hisoblanadi hamda ulardan toʻgʻri foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
xodimlarning belgilangan soni doirasida Markaz markaziy apparati, budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning shtat jadvalini, oʻziga qarashli muassasalar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar)ni tasdiqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasiga koʻra Markazning Qoraqalpogʻiston respublika va viloyat boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va egallab turgan lavozimdan ozod qiladi;
Markaz apparati xodimlarini, oʻziga qarashli institutlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbar xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Markaz barcha tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining va apparati xodimlarining javobgarligi darajasini belgilaydi, belgilangan tartibda ragʻbatlantirish va jazo choralarini qoʻllaydi.
koʻp yillik mehnati, oʻz vazifalariga vijdonan munosabatda boʻlganligi, alohida muhim vazifalarni bajarganligi uchun markaziy apparat xodimlarining ayrim toifalari, oʻziga qarashli institutlar va tashkilotlarning rahbarlari mansab maoshlar ustamalar belgilaydi;
Markaziy apparat, hududiy boʻlinmalar va oʻziga qarashli institutlar, korxonalarning alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini belgilangan tartibda davlat mukofotlari bilan mukofotlashga va faxriy unvonlar berishga taqdim etadi, xodimlarni Markazning faxriy yorliqlari, qimmatli sovgʻalar yoki pul mukofotlari bilan taqdirlaydi.
V. Markazning tarkibi
18. Markaz ilmiy-tarmoq va hududiy prinsip boʻyicha quriladi, Uning tarkibiga tarmoq boʻlimlari, Markazning Qoraqalpogʻiston respublika va viloyat boʻlimlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, konstruktorlik byurolari, eksperimental zavodlar, xoʻjaliklar, kutubxonalar va boshqa ilmiy hamda ilmiy-yordamchi boʻlinmalar kiradi.
19. Markazning tasarrufidagi asosiy fondlar va boshqa mol-mulk davlat mulki hisoblanadi.
20. Markaz va uning muassasalari huzurida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mulkchilikning turli shakllaridagi tashkilotlar va korxonalarni birlashtiruvchi, eng yuqori reproduksiyalarni ishlab chiqarish, naslchilik ishlari, yangi texnologiyalarni keng foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qishloqda islohotlarni chuqurlashtirishga doir tavsiyalarni tekshirish va boshqa ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi firmalar, kichik va qoʻshma korxonalar, xoʻjalik jamiyatlari, shirkatlar va uyushmalar tashkil etilishi mumkin.
21. Markaz, uning Qoraqalpogʻiston respublika va viloyatlar boʻlimlari, mustaqil ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlar davlat roʻyxatidan, oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs hisoblanadi.
22. Qoraqalpogʻiston respublika va viloyatlar boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizom Markaz hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Markazning ilmiy-texnik kengashi
23. Ilmiy-texnik kengash tarkibiga lavozimiga koʻra Markazning bosh direktori (kengash raisi), uning oʻrinbosarlari va bosh ilmiy kotib, Fan va texnika davlat qoʻmitasi raisi, Fanlar akademiyasi prezidenti, Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, davlat oʻrmon qoʻmitasi raisi, “Bosh-gidromet” boshligʻi shuningdek, yetakchi olimlar va mutaxassislar kiradi. Ilmiy-texnik kengash aʼzolarining shaxsiy tarkibi (uning tarkibiga lavozimiga koʻra kiruvchi shaxslardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Ilmiy-texnik kengash:
Oʻzbekistonda dehqonchilik fani rivojlanishining muhim masalalarini koʻrib chiqadi va uni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi. Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining dehqonchilik sanoati majmuini rivojlantirish muammolariga oid ilmiy-tematik rejalari Markazning ilmiy-texnik kengashi bilan kelishiladi;
respublika dehqonchilik sanoati majmuidagi innovatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni eshitadi hamda fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishni faollashtirishga doir tavsiyalarni ishlab chiqadi.
VII. Markazning hayʼati
25. Markazda 11 aʼzodan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi. Markazning bosh direktori, uning oʻrinbosari va bosh ilmiy kotib lavozimlariga koʻra hayʼat aʼzolari hisoblanadilar. Hayʼat aʼzolarining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.
26. Markaz hayʼati:
ilmiy tadqiqotlar rejalarini hamda fan va texnika yutuqlarini joriy etish rejalarini tasdiqlaydi;
markazning tegishli boʻlimlari orqali ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
ilmiy maʼruzalarni va fanning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha axborotlarni eshitadi;
fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi ularning ilmiy darajasini nazorat qiladi;
dehqonchilik fanining eng muhim muammolari boʻyicha ilmiy kengashlar, qoʻmitalar, komissiyalarni tasdiqlaydi va ular faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Markazga yuklangan vazifalarni bajarish uchun belgilan tartibda ilmiy-tadqiqot, ilmiy-yordamchi muassasalar va korxonalar tashkil etadi, ushbu muassasalar, korxonalar toʻgʻrisidagi nizomlarni va ularning ustavlarini tasdiqlaydi, shuningdek, tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ish yoʻnalishi ixtisoslashuvini belgilaydi;
ilmiy konferensiyalar va kengashlar chaqiradi, munozaralar oʻtkazadi, tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etadi;
fan va texnikani rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha Markazning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
Markaz tizimida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha rejalarni muhokama qiladi va ushbu ishlarga rahbarlik qiladi;
Markaz boʻlimlari va ilmiy muassasalarning fanga ajratgan mablagʻlardan samarali foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitadi;
ilmiy muassasalar va korxonalarning xalqaro aloqalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
institutlarning taqdimnomasi va Markaz boʻlimlarining tavsiyasi boʻyicha ilmiy muassasalar ilmiy kengashlari tarkibini tasdiqlaydi;
dissertatsiyalarni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar tarkibini Oliy attestatsiya komissiyasi tasdiqlashi uchun taqdim etadi hamda ixtisoslashtirilgan kengashlar raislarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlari natijalaridan amaliyotda foydalanishga koʻmaklashadi;
mazkur Nizomga Markazning barcha muassasalari va mansabdor shaxslari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kadrlar masalalarini koʻrib chiqadi.
27. Markaz hayʼati uning majlisida oʻz aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda qaror qabul qilish huquqi ega boʻladi.
28. Hayʼatning qarori ochiq koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
29. Hayʼat qarorlari Markaz bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
VIII. Markazning ilmiy-tadqiqot muassasalari (institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik byurolari)
30. Markazning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy-tadqiqot muassasalarida (institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik byurolari va boshqa muassasalarda) jamlangan.
31. Institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari oʻz faoliyatini Markaz boʻlimlarining uslubiy rahbarligida amalga oshiradilar.
32. Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, direktorlarning oʻrinbosarlari Markazning bosh direktori tomonidan yirik olimlar, odatda, fan doktorlari orasidan kontrakt asosida besh yilgacha muddatga tayinlanadilar.
33. Institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari direktorlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan ilmiy muassasalar, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati hamda fan yutuqlari ishlab chiqarishga joriy etilishi uchun shaxsan javob beradilar.
34. Institutning ilmiy kotibi, ilmiy-tadqiqot boʻlinmalari institut boʻlimi, shuʼbasi, laboratoriyasi, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi) mudirlari direktor tomonidan kontrakt asosida, odatda tanlovdan oʻtgan fan doktorlari orasidan tayinlanadilar.
35. Ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari huzurida belgilangan tartibda sanoat korxonalari, konstruktorlik, texnologik va loyiha byurolari, hisoblash markazlari, tajriba xoʻjaliklari, shuningdek, kooperativlar, kichik qoʻshma korxonalar tashkil etilishi mumkin.
36. Ilmiy-tadqiqot muassasalari (institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik byurolari) va Markazning barcha ishlab chiqarish tuzilmalari mazkur Nizom va Markaz hayʼati tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy ustavlar asosida faoliyat koʻrsatadi.
IX. Markaz faoliyatining iqtisodiy asoslari
37. Markaz faoliyatining iqtisodiy asosini ishlab chiqarish fondlari hamda egalik qilish va foydalanish uchun unga davlat tomonidan berilgan boshqa mol-mulk, institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va boshqa ilmiy muassasalarning, shuningdek, Markaz tizimiga qoʻshib olingan ishlab chiqarish korxonalarining ishlab chiqarish fondlari va mol-mulki tashkil etadi.
38. Markaz va uning muassasalari amaldagi qonun hujjatlarga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashishlari mumkin.
39. Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari xoʻjalik shartnomasi (xoʻjalik hisobi) faoliyatidan olingan daromadlar Markaz ilmiy muassasalari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi.
40. Ilmiy-tadqiqot, xoʻjalik, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan nazarda tutilgan boshqa faoliyatdan tushgan mablagʻlar Markazning mulki hisoblanadi.
41. Markazning ilmiy tadqiqot tashkilotlari joriy ishlarni va boshqa ishlarni bajarish uchun asosiy fondlardan va uning ixtiyoridagi aylanma mablagʻlardan foydalanadilar.
42. Markazning xoʻjalik hisobidagi muassasalari, birlashmalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻz xoʻjalik, tadbirkorlik ilmiy va innovatsiya faoliyatini ushbu faoliyatdan olingan daromatlar va budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiradilar.
43. Markaz oʻz mablagʻlari (budjet mablagʻlaridan tashqari oʻz muassasalarining xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadlarning bir qismi, shuningdek, boshqa jalb qilingan mablagʻlar hisobiga maxsus moliyaviy va innovatsiya jamgʻarmalari (ilmiy-texnik va ijtimoiy rivojlanish, olimlarni ijtimoiy himoya qilish, innovatsiya va boshqa jamgʻarmalar) tashkil etish mumkin. Mablagʻlarni shakllantirish va sarflash tartibi Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishuv boʻyicha ishlab chiqilgan maxsus nizomga muvofiq belgilanadi.
X. Markazning alohida huquqlari
44. Ilmiy asarlarni, shuningdek, agrosanoat majmuidagi innovatsiya masalalari boʻyicha tavsiyalar va uslubiy ishlanmalarni nashr etish.
45. Olimlarning qoʻlyozmalari va arxivlarini, oʻz muassasalarining fan uchun qimmatli hisoblangan arxiv materiallari va boshqa materiallarni saqlash.
46. Boshqa xil ilmiy muassasalar, boshqa mamlakatlarning oliy yurtlari, kutubxonalari, muzeylari, nashriyotlari va muassalari bilan bosma nashrlarni ayirboshlash.
Keyingi tahrirga qarang.
Markaz hududiy boʻlimining namunaviy
TUZILMASI
1. Boʻlim rahbari
2. Iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha bosh mutaxassis
3. Ilmiy-texnik ishlanmalarni joriy etish boʻyicha bosh mutaxassis
4. Marketing boʻyicha yetakchi mutaxassis
5. Texnologiyalar boʻyicha yetakchi mutaxassis
6. Buxgalter-kassir
|
Hududiy boʻlimlar xodimlarining soni: | |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | —10 kishi |
| Andijon viloyati | — 5 kishi |
| Buxoro viloyati | —4 kishi |
| Jizzax viloyati | —6 kishi |
| Qashqadaryo viloyati | —6 kishi |
| Navoiy viloyati | —4 kishi |
| Namangan viloyati | —4 kishi |
| Samarqand viloyati | —6 kishi |
| Sirdaryo viloyati | — 5 kishi |
| Surxondaryo viloyati | — 5 kishi |
| Toshkent viloyati | —6 kishi |
| Fargʻona viloyati | — 5 kishi |
| Xorazm viloyati | —4 kishi |
| Jami: | 70 kishi |
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻz ilmiy-tematik rejalarini (agrosanoat majmuini rivojlantirish muammolariga tegishli qismini) Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Ilmiy-texnika kengashi bilan kelishib oladigan ilmiy-tadqiqot tashkilotlari
ROʻYXATI
Suv muammolari instituti
Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti
Oʻsimliklar genetikasi va eksperimental biologiyasi instituti
“Oʻzbekiston irrigatsiya ilmiy-tadqiqot instituti” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi
Keyingi tahrirga qarang.