Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar reja”si ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rejalashtirgan tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5505-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rejalashtirgan tadbirlar (bundan buyon matnda tadbirlar rejasi deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*ilova berilmaydi.
2. Tadbirlar rejasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari, Devoni tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori zimmasiga yuklatilsin.
3. Tadbirlar ijrosi uchun masʼul etib belgilangan shaxslar rejalashtirilgan har bir tadbirning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritilishini, ularning amalga oshirilishi toʻgʻrisida batafsil axborot tayyorlab borilishini hamda umumlashtirish uchun har oyning 25 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga taqdim etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti zimmasiga tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi holati toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirish va Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha komissiyaga har oyning 25 sanasiga qadar taqdim etishni taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
5. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni rahbari M. Miralimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori R. Hakimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-avgust,
1912-III-son