Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ixtisoslashgan bolalar koʻngilochar-maʼrifiy telekanalini tashkil etish toʻgʻrisida
Taʼlim-tarbiya jarayoniga bolalarning har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlanishini taʼminlovchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish, maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish maqsadida ularning atrofdagi dunyoni bilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini hamda xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, mavjud bolalar auditoriyasiga moʻljallangan teleuzatish infratuzilmasini jadal texnologik va texnikaviy rivojlantirishga zamonaviy yechimlarni jalb etish, budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, bolalar uchun taʼlim kontentini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish ehtiyojini hisobga olgan holda sohadagi eng ilgʻor jahon tajribalarining qoʻllanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ixtisoslashgan bolalar koʻngilochar-maʼrifiy “Aqlvoy” telekanalini (keyingi oʻrinlarda — bolalar telekanali) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar bolalar telekanalining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
maʼlumotni qiziqarli va tushunarli shaklda taqdim etish orqali bolalarning bilim olish faolligini ragʻbatlantirish, intellektual va ijodiy koʻnikmalarini rivojlantirish (edutainment);
telekoʻrsatuvlarni tashkil qilish tizimiga zamonaviy texnik yechimlarni va ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish, raqamli va multimedia texnologiyalarini rivojlantirish;
bolalar telekoʻrsatuvlari infratuzilmasini kengaytirish, milliy maʼnaviyat, madaniy-ahloqiy anʼanalar va zamonaviy innovatsiyalar uygʻunlashgan, bilim beruvchi va koʻngilochar bolalar kontenti rivojlanishini ragʻbatlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasida tasdiqlangan talablar, standartlar va oʻquv-taʼlim dasturlariga muvofiq bolalarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqqan holda taʼlim beruvchi, rivojlantiruvchi va oʻyin elementlarini oʻzida mujassam etgan telekoʻrsatuvlar va multimedia kontentini yaratish;
bolalarda Vatanga muhabbat tuygʻusini shakllantirish, ularni jonajon oʻlka madaniyati va tarixi, qadriyatlari, anʼana va urf-odatlari bilan tanishtirish;
bolalarda kreativ-ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda ularda badiiy va estetik didni tarbiyalash;
bolalarda sogʻlom turmush tarziga oid bilimlarni shakllantirish, sport bilan shugʻullanishga qiziqishni oshirish, zarur sanitar-gigiyenik koʻnikmalarni shakllantirish, ularni xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etishga oʻrgatish;
bolalarda tabiatga boʻlgan qiziqish va mehrni, atrof-muhitga gʻamxoʻrlik bilan munosabatda boʻlishni shakllantirish, ularni ekologik ruhda tarbiyalash;
ijtimoiy-hissiy koʻnikmalarni rivojlantirish, tashabbuskorlik va mustaqil fikrlashni ragʻbatlantirish hamda maʼnaviy jihatdan tarbiyalash;
jahon madaniyatidan bahramand boʻlishlarini taʼminlash va jahon madaniy merosi bilan tanishtirish;
barcha bolalar uchun turar joyidan va oilasining daromadlari darajasidan qatʼiy nazar oʻquv-taʼlim va rivojlantiruvchi kontentdan foydalanish imkoniyatini yaratish;
turli platformalar orqali joriy etish uchun taʼlimga oid milliy kontent, shu jumladan mobil dasturlar, videodarslar, interfaol oʻqituvchi dasturlar va boshqa turdagi, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan rivojlantiruvchi mahsulotlarni yaratish;
Keyingi tahrirga qarang.
bolalar kontentini shakllantirishga yuqori malakali mutaxassislar, pedagoglar va psixologlarni keng jalb qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi qoshida “Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda — Innovatsion markaz) ulushi ishtirokida “Edumedia Corporation” MChJ taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki, bolalar telekanali:
“Edumedia Corporation” MChJ qoshida yuridik shaxs tashkil etmasdan taʼsis etiladi;
respublikaning barcha hududlarida yetkaziladigan umumfoydalanishdagi ijtimoiy raqamli teleeshittirishlar paketi tarkibiga kiritiladi;
budjetga tushadigan yukni kamaytirish va raqobat muhitini shakllantirish maqsadida oʻzini-oʻzi moliyalash prinsiplari asosida, shu jumladan homiylik tushumlari hisobiga va efirda voyaga yetmaganlar tomonidan sotib olinishi yoki isteʼmol qilinishi taqiqlanmagan tovar va xizmatlarning pullik reklamasini joylashtirish orqali faoliyat yuritadi;
mehnatga haq toʻlash miqdorini, koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflarni, ishlab chiqariladigan mahsulot uchun narxlarni mustaqil belgilaydi;
oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish huquqiga ega.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi:
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Yangi Zamon 3-chi tor koʻchasi, 1-uy manzili boʻyicha joylashgan Innovatsion markazning xonalari yoki binolarining bolalar telekanalini joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi asosida 2021-yil 1-mayga qadar berilishini taʼminlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
bolalar telekanalini joylashtirish uchun berilayotgan xonalar va binolarning Innovatsion markaz mablagʻlari hisobidan taʼmirlanishini tashkil qilsin hamda keyinchalik Innovatsion markazning “Edumedia Corporation” MChJ ustav fondidagi ulushini qilingan xarajatlar summasi miqdorida oshirsin;
bolalar telekanalini yuqori malakali, ijodiy fikrlovchi va tashabbuskor mutaxassislar, shu jumladan bolalar pedagogikasi va psixologiyasi sohalarida amaliy tajribaga ega, xorijiy tillarni mukammal egallagan mutaxassislar bilan butlashda koʻmaklashsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda barcha mahalliy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan kontentda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid keladigan holatlarni aniqlash va oldini olish boʻyicha muntazam monitoring qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi 2020-yil 1-sentabrgacha ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda bolalar auditoriyasiga moʻljallangan koʻrsatuvlarda reklama joylashtirishga oid cheklovlarni tizimli oʻrganish asosida ularni yumshatish, bolalar telekoʻrsatuvlarida voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sotib olish yoki isteʼmol qilish taqiqlanmagan tovar va xizmatlar reklamasini joylashtirishga ruxsat berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Edumedia Corporation” MChJga belgilangan tartibda teledasturlarni tarqatish (translatsiya qilish) tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga litsenziya berish boʻyicha zarur choralarni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bolalar telekanaliga berilgan Innovatsion markazning bino va xonalarida qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan davrda bolalar telekanali vaqtincha faoliyatini boshlab, televizion dasturlarni uzatishi va translatsiya qilishi uchun markazni zarur texnik jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-avgust,
518-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/518/1617-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 25.06.2024-y., 09/24/350/0441-son)