Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, xalq deputatlari Kengashlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sektorlar rahbarlari tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Oʻrganishlar davomida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan viloyatda qator choralar koʻrilayotganligi maʼlum boʻldi.
Joylarda budjet tushumlari, respublika budjetidan ajratilayotgan transfyerlar va boshqa mablagʻlar birinchi navbatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga, jumladan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga, shuningdek ish haqi, pensiyalar va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga, kommunal toʻlovlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlarning oʻrnini qoplashga yoʻnaltirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamda boshqa xodimlarni ijtimoiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi PF-5978-sonli Farmoniga muvofiq tadbirkorlar, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar asosida pandemiya sababli faoliyatini toʻxtatgan jami 105 ta mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorga keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni foizsiz kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi taqdim etilgan.
Viloyatda 15 456 nafar yakka tartibdagi tadbirkor uchun 2020-yil 1-apreldan 1-oktabrgacha boʻlgan davrda ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirilib, jami 10,6 mlrd. soʻm mablagʻ tadbirkorlar ixtiyorida qoldirilgan.
Pandemiya davrida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 6 636 ta tadbirkorlik subyektining 631,3 mlrd. soʻmlik kredit muddatlari uzaytirib berilgan.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, hududdagi jami 157 ta mehmonxonaga 2020-yil 1-apreldan 2021-yil 1-yanvargagacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatilgani sababli jami 2,5 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ tadbirkorlar ixtiyorida qoldirilgan.
Viloyatdagi banklar tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 15-martidan 1-iyunga qadar boʻlgan davrda 2 561 ta xoʻjalik yurituvchi subyektning turli loyihalarini moliyalashtirish uchun 725,3 mlrd. soʻm hamda jismoniy shaxslarning isteʼmol ehtiyojlarini qondirish uchun 7 314 ta qarz oluvchiga 56,0 mlrd. soʻmlik mikroqarz va boshqa kreditlar berilgan.
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar bilan muloqot qiladigan, ular joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan 223 nafar tibbiyot xodimga har 14 kunlik davri uchun maxsus qoʻshimcha toʻlov, infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan 1 556 nafar tibbiyot va boshqa xodimning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdoridagi qoʻshimcha toʻlovlarning toʻlanishi uchun jami 12,5 mlrd. soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar davomida viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalarni hal etish borasida oʻz yechimini kutib turgan qator muammolar ham mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotlar chogʻida ularga pandemiyaga qarshi kurashish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan mamlakatimiz Prezidentining farmon va qarorlarida nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar lozim darajada yetkazilmaganligi, xususan, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining kredit ajratish yuzasidan murojaatlariga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganligi maʼlum boʻldi.
Masalan, “Hazorasp Karvonshoh” fermer xoʻjaligining chorvachilik faoliyati uchun “Agrobank” tuman filialiga kredit boʻyicha qilgan murojaatiga resurs yoʻqligi roʻkach qilinib, kredit ajratish ortga surib kelingan.
Pandemiya davrida oʻz faoliyatini toʻxtatmagan Urganch tumanidagi “Milliy bottlers” xususiy korxonasiga nisbatan 165,2 mln. soʻmlik soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash boʻyicha imtiyoz notoʻgʻri qoʻllanilgan.
Urganch va Qoʻshkoʻpir tumanlarida kambagʻal oila sifatida roʻyxatga olingan oilalarda qoʻshimcha daromad manbalarining yoʻqligi inobatga olinmagan, mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligi taʼminlanmagan. Xiva shahrida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida ehtiyojmand oilalarni 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda uzilish holatlari kuzatildi.
Respublika boʻyicha kichik sanoat zonalari tashkil etish uchun 400 mlrd. soʻm ajratilishi belgilangan boʻlib, Yangibozor tumanida 24,1 ga maydonda tashkil etish rejalashtirilgan yangi kichik sanoat zonasida loyiha-smeta hujjatlari asosida ushbu mablagʻdan tegishlicha foydalanish yuzasidan yetarli darajada choralar koʻrilmagan.
Shuningdek, oʻrganishlarda Gurlan tumanida qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy tajriba oʻtkazishga moʻljallangan 97,6 ga yerdan maqsadsiz foydalanilayotganligi, Shovot tumanida “Yusuf Hamadoniy” majmuasi misolida mavjud turizm salohiyatidan toʻla foydalanilmayotganligi, Urganch markaziy dehqon bozori hududida shaharsozlik qoidalariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.
Viloyatda kambagʻallik darajasini aniqlashning aniq mezonlari yoʻqligi sababli, bu boradagi ishlar hatto sektorlar kesimida ham turli yondashuvlar asosida olib borilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, joylarda murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda.
Viloyatda olib borilgan oʻrganishlar hududlarda yuzaga kelgan muammolar, aniqlangan kamchiliklar ayrim sektorlarda ishlarning aniq reja asosida, qoniqarli tashkil etilmaganini, masalaga masʼuliyat bilan yondashilmayotganini koʻrsatmoqda.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan, aholi va tadbirkorlarni tashvishlantirayotgan boshqa qator muammolarni deputat va parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal qilish choralarini koʻrishga kelishildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muhokamalarda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish boʻyicha ishchi guruhining “Xorazm viloyatida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida”gi axboroti hamda mazkur masala yuzasidan Xorazm viloyati hokimi F. Ermanovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Xorazm viloyati, tuman va shaharlar Kengashlariga aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasidagi masalalarni muntazam ravishda Kengashlar yigʻilishlarida keng jamoatchilik, tadbirkorlik subyektlari, OAV vakillari ishtirokida muhokama qilishni davom ettirish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrib borish, bunda deputatlar nazoratini yanada kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Xorazm viloyati hokimi (F. Ermanov) va tuman (shahar) hokimlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan farmon va qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va yengilliklar joylarda qanday tatbiq etilayotganligi, jumladan, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ishlarning borishi yuzasidan brifing oʻtkazib, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish, bunda sektorlar rahbarlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
4. Urganch shahar 1-sektor rahbari Sh. Abdullayev, Gurlan tumani 2-sektor rahbari Sh. Ismoilov, Urganch tumani 3-sektor rahbari N. Xudaybergenov, Qoʻshkoʻpir tumanining 3-sektor rahbari J. Madaminov, Hazorasp tumanining 4-sektor rahbari J. Roʻzimov, Xiva shahar 3-sektor rahbari Gʻ. Sharipovlarga sektorlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish zarurligi, bunda hududda yashovchi aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi ishlari yetarli emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Xorazm viloyati hokimi (F. Ermanov)ga:
viloyatda vaqtincha faoliyat koʻrsatmayotgan 2 104 ta korxona muammolarini hal etishga koʻmaklashish;
joriy yil investitsiya dasturi doirasida 67,2 mln. dollarlik toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni toʻliq oʻzlashtirish;
hozirgi kunda ish bilan taʼminlanmagan 17 ming nafar ishsiz hamda joriy yilda mehnat bozoriga kirib kelgan bitiruvchi yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Yangibozor tumanida tashkil etilayotgan 24,1 ga maydondagi yangi kichik sanoat zonasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun mablagʻ ajratilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutining Gurlan tumanidagi ilmiy tajriba stansiyasi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, jihozlash va ilmiy salohiyatini oshirish yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi (V. Muratkabilov)ga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga kambagʻallik darajasini aniqlash mezonlarini, ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament soʻrovini yuborish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (E. Zaxidov)ga viloyatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish maqsadida hujjat topshirgan 72 ta maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishini moliyalashtirishning kechikayotganligi sabablari hamda bunday muammo boshqa viloyatlarda ham mavjudligini inobatga olib, moliya vaziriga hamda maktabgacha taʼlim vaziriga parlament soʻrovini yuborish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Respublika “Hunarmandlar” uyushmasiga viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “2017 — 2021-yillarda Xiva shahri va Xorazm viloyatining turistik salohiyatini kompleks rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq restavratsiya qilishga kiritilgan “Yusuf Hamadoniy” majmuasida keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, “Hunarmandlar rastalari”ni tashkil etish, sayyohlar uchun barcha sharoitlarni yaratish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
9. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
10. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-iyun,
371-IV-son