Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, xalq deputatlari Kengashlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sektorlar rahbarlari tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Oʻrganishlar davomida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan viloyatda qator choralar koʻrilayotganligi maʼlum boʻldi.
Joylarda budjet tushumlari, respublika budjetidan ajratilayotgan transfertlar va boshqa mablagʻlar birinchi navbatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga, jumladan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga, shuningdek ish haqi, pensiyalar va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga, kommunal toʻlovlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlarning oʻrnini qoplashga yoʻnaltirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamda boshqa xodimlarni ijtimoiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar asosida 52 ta tadbirkorlik subyekti jami 2,2 mlrd. soʻmlik yer soligʻi, 41 ta tadbirkorlik subyekti jami 3,1 mlrd. soʻmlik mol-mulk soligʻi, 6 ta tadbirkorlik subyekti 37 mln. soʻmlik aylanmadan olinadigan soliq hamda 7 ta tadbirkorlik subyektining 65 mln. soʻmlik ijtimoiy soliqlariga olti oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imtiyozi qoʻllanilgan.
Shuningdek, viloyatda 4,1 mlrd. soʻmlik kreditlarning 918 mln. soʻmi 2020-yilning 1-oktabriga qadar 6 oy muddatga uzaytirilgan, jumladan 65 mingta jismoniy shaxsning 1,3 mlrd. soʻmlik kreditining 260 mln. soʻmining toʻlov muddatlari uzaytirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni asosida banklar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining mavjud kreditlari undirilishini kechiktirish hamda moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmi (“loyihalar fabrikasi”) boʻyicha ham viloyatda qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan 2 944 ta tadbirkorlik subyektining 658,2 mlrd. soʻm, jismoniy shaxslarning 260,3 mlrd. soʻmlik kreditlarining toʻlov muddatlari uzaytirilgan.
Oʻrganishlar davomida tadbirkorlarga koʻrsatilgan yordam va karantin talablarining yumshatilishi natijasida faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan 8 835 ta korxonadan karantin qoidalariga rioya etgan holda 7 403 tasining faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilgan.
Kambagʻallikning oldini olish boʻyicha sektor rahbarlari tomonidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ushbu ishlar natijasida 26 ming nafardan ziyod kam taʼminlangan fuqaroning bandligi taʼminlangan. 718 nafar ishsizlar kasb-hunarga oʻqitilib, bandligi taʼminlangan boʻlsa, 2 066 nafar ishsizga 300 mln. soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlab berilgan. Shuningdek, mehnat organlarining yoʻllanmasi bilan 3 ming nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirilgan boʻlib, 19 ming nafar ishsiz fuqaro jamoat ishlariga jalb etilgan va ularga ish haqi toʻlovi uchun qariyb 10 mlrd. soʻm toʻlov amalga oshirilgan.
Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4700-sonli Qaroriga asosan, viloyatning 8 ta tumanida 20 ta qishloq xoʻjaligi kooperativi tashkil etilib, 868 nafar ishsiz fuqaro kooperativ aʼzoligiga biriktirilgan hamda ularga qariyb 2 mlrd. soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar jarayonida viloyatda hali oʻz yechimini kutayotgan qator muammolar, eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan masalalar ham mavjudligi aniqlandi. Jumladan, mamlakatimiz Prezidentining koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan farmon va qarorlarida koʻzda tutilgan imtiyozlar va yengilliklar joylarda yetarli darajada tatbiq etilmagan, ishlab chiqaruvchilar duch kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Xususan, Guliston tumanidagi “Orol neʼmatlari” fermer xoʻjaligi joriy yilning oʻtgan davrida 174 ming AQSh dollari miqdorida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirgan boʻlsa-da, mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4700-sonli qarorida belgilangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga avtotransport vositalarida yuk tashish xarajatlarining 50 foizigacha Eksportga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab berilishiga doir imtiyoz qoʻllanilmagan.
Xovos tumanidagi “Fashion tekstil” MChJda tashkil etilgan tikuvchilik majmuasi ishchilariga pandemiya munosabati bilan belgilangan subsidiyalarni ajratish masalasini hal qilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar bilan muloqot qiladigan, kasallangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlar uchun belgilangan maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlarini toʻlash borasidagi ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarida ishtirok etayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oilaga parranda boqqan davri uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi masalasiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Viloyatda olib borilgan oʻrganishlar hududlarda yuzaga kelgan muammolar, aniqlangan kamchiliklar ayrim sektorlarda ishlarning aniq reja asosida, qoniqarli tashkil etilmaganligini, masalaga masʼuliyat bilan yondashilmayotganini koʻrsatmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muhokamalarda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish boʻyicha ishchi guruhining “Sirdaryo viloyatida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida”gi axboroti hamda mazkur masala yuzasidan Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati, tuman va shaharlar Kengashlariga aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasidagi masalalarni muntazam ravishda Kengashlar yigʻilishlarida keng jamoatchilik, tadbirkorlik subyektlari, OAV vakillari ishtirokida muhokama qilishni davom ettirish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrib borish, bunda deputatlar nazoratini yanada kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Sirdaryo viloyati hokimi (Gʻ. Mirzayev) va tuman (shahar) hokimlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan farmon va qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va yengilliklar joylarda qanday tatbiq etilayotganligi, jumladan, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ishlarning borishi yuzasidan brifing oʻtkazib, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish, bunda sektorlar rahbarlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
4. Sayxunobod tumanining 1-sektori rahbari B. Mirzoqulovga, Guliston tumanining 2-sektori rahbari B. Berdiyevga, Xovos tumanining 1-sektori rahbari U. Kamolovga, Boyovut tumanining 2-sektori rahbari O. Yuldashevga sektorlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish zarurligi, bunda hududda yashovchi aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi ishlar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi (R. Mamutov)ga oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining klastyerlar faoliyatini tashkil qilish, ularning huquqiy maqomini belgilash, fermyerlar bilan munosabatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishning mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotini eshitish tavsiya etilsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari B. Alixanov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-iyun,
368-IV-son