Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2021-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-35-sonli “2022-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2021-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida toʻliq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2021-yilda quyidagi qoʻshimcha dam olish kunlari belgilansin:
14-may — juma;
2-sentabr — payshanba;
3-sentabr — juma;
31-dekabr — juma.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-maydagi PF-6222-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2021-y., 06/21/6222/0446)
Oldingi tahrirga qarang.
2. 2021-yilda dam olish kunlari:
27-mart — shanba kunidan 22-mart — dushanba kuniga;
17-iyul — shanba kunidan 21-iyul — chorshanba kuniga;
24-iyul — shanba kunidan 22-iyul — payshanba kuniga koʻchirilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-maydagi PF-6222-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2021-y., 06/21/6222/0446)
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yil 2-yanvar — shanba, 20-mart — shanba, 22-mart — dushanba, 15-may — shanba, 21-iyul — chorshanba, 22-iyul — payshanba va 4-sentabr — shanba kunlari barcha xodimlar uchun, ish haftasining turidan qatʼi nazar, dam olish kunlari hisoblanadi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-maydagi PF-6222-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2021-y., 06/21/6222/0446)
budjet tashkilotlarida ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan qoʻshimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini ikki ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi;
har yilgi mehnat taʼtili davrida saqlanadigan oʻrtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat taʼtilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu Farmonda belgilangan qoʻshimcha dam olish kunlari qoʻshiladi;
har yillik mehnat taʼtilining davomiyligi ushbu bandning uchinchi xatboshisidagi qisqartirish hisobga olingan holda oʻn besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak;
budjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu Farmonning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha dam olish kunlari mehnat taʼtiliga qoʻshimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, jamoa shartnomalari yoki ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi.
4. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Transport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yoʻnalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar oʻtkazilishini tashkil etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tuman (shahar) hokimliklari:
aholining uzaytirilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish boʻyicha tizimli choralar koʻrsin;
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda bayram kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida aholini keng xabardor qilishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga:
mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolarining maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 3-dekabr,
PF-6122-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2020-y., 06/20/6122/1587-son; 10.05.2021-y., 06/21/6222/0446)