Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi tuzish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-dekabrda qabul qilingan “Moliya-xoʻjalik departamenti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasiga koʻmaklashish Jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4053-sonli Qarorini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi (bundan buyon matnda Boshqarma deb yuritiladi) tashkil etilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosi va inshootlarini binoga tutash hududlar bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib olish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tuzilsin.
2. Komissiyaga oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliya-xoʻjalik departamenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4053-sonli Qaroriga muvofiq tovar-moddiy boyliklarni topshirish va qabul qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Boshqarma 2019-yil 1-martga qadar muddatda belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida hisob raqamlarini ochsin;
dumaloq muhri va tegishli blankalarini tayyorlashni tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining rahbariyatiga (M. Miralimov) oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni toʻgʻrisidagi Nizomga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqida takliflar ishlab chiqish va ularni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritish topshirilsin.
6. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari N. Umarov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining rahbari M. Miralimov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari B. ALIXANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-fevral,
2379-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2019-yil 21-fevraldagi № 2379-III-sonli Qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosi va inshootlarini binoga tutash hududlar bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib olish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
komissiyasi
|
Komissiya raisi | ||
|
Jabborov Sobir Vahobovich |
— |
Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining oʻrinbosari |
|
Komissiya aʼzolari | ||
|
Musayev Raxmiddin Zayniddinovich |
— |
Moddiy-texnika taʼminoti boʻlimi mudiri |
|
Saidov Aʼzamjon Azimdjanovich |
— |
Moliya, hisob va hisobot boʻlimi mudiri |
|
Mamarajapov Bohodir Xoliyorovich |
— |
Binodan foydalanish boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari |
|
Kuryazov Xakim Xushnudovich |
— |
Umumiy boʻlim mudiri |
|
Yusupov Viktor Axatovich |
— |
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimining elektron ovoz berish tizimini dasturiy-texnik taʼminlash sektori mudiri |
|
Toshpulatov Akrom Ikromovich |
— |
Yuridik boʻlimning katta referenti |
|
Sherxodjayev Sherzod Sharip oʻgʻli |
— |
Moddiy-texnika taʼminoti boʻlimining yetakchi mutaxassisi |
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2019-yil 21-fevraldagi № 2379-III-sonli Qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Devoni huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining binosidan foydalanish boshqarmasi (bundan buyon matnda Boshqarma deb yuritiladi) faoliyatining asosiy vazifalari, funksiyalari va uni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi Devoni deb yuritiladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va uning boʻysunuvida boʻladi.
3. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining hamda Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining farmoyishlari va topshiriqlariga, shuningdek ushbu Nizomga asoslanadi.
4. Boshqarma davlat mulkida boʻlgan, oʻziga tezkor boshqarishga berilgan mol-mulk negizida tashkil etilgan davlat muassasasi boʻlib, ushbu mol-mulkka nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan doirada oʻz faoliyati maqsadlariga muvofiq egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
5. Boshqarma yuridik shaxs boʻlib, ajratib olingan mol-mulkka egalik qiladi, oʻz mustaqil balansiga, bankdagi hisobvaraqlariga, shu jumladan valyuta hisobvaragʻiga, shtamplari va blankalariga, davlat tilida oʻz nomi yozilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhriga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
6. Boshqarmaning rasmiy nomi quyidagicha:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosidan foydalanish boshqarmasi” Davlat muassasasi;
qisqartirilgan nomi — “Qonunchilik palatasi binosidan foydalanish boshqarmasi” DM;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye uchrejdeniye “Upravleniye po ekspluatatsii zdaniya Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan”;
qisqartirilgan nomi — GU “Upravleniye po ekspluatatsii zdaniya Zakonodatelnoy palati”.
7. Boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomidan mulk huquqlarini olish va amalga oshirish, zimmasiga majburiyatlar olish, sudda daʼvogar va javobgar boʻlish, nizolarni hal etish chogʻida boshqa organlarda vakillik qilish huquqiga ega.
8. Boshqarmaning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh koʻchasi, 1-uy.
2-bob. Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari
9. Boshqarmaning vazifalari quyidagilardan iborat:
binodan amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq foydalanilishini, uning saqlanishini va unga texnik xizmat koʻrsatilishini, muhandislik tizimlarining, kommunikatsiyalar va uskunalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
Qonunchilik palatasi binosining binolari, xonalari va uskunalariga ekspluatatsiya-texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etish, ularni lozim darajadagi holatda saqlash, shuningdek ana shu maqsadlar uchun moʻljallangan pul mablagʻlaridan oqilona foydalanilishi ustidan nazorat qilish;
Qonunchilik palatasi binosining xonalari mebel, inventarlar, interyer buyumlari bilan jihozlanishini taʼminlash;
majlislar zallarining texnik jihozlanishini hamda yalpi majlislar, kengashlar, shu jumladan selektor va videokonferensaloqa rejimida majlislar, kengashlar oʻtkazilishi chogʻida jihozlanishini tashkil etish;
yongʻinga qarshi muhofazani, kirish-chiqish rejimini hamda binolar va obyektlarning qoʻriqlanishini, shu jumladan videokuzatuv tizimlaridan va boshqa elektron texnika vositalaridan foydalangan holda qoʻriqlanishini tashkil etish;
Qonunchilik palatasi binosi hamda boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, joriy va kapital taʼmirlanishini tashkil etish;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish.
10. Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
binoning xonalari, asbob-uskunalari va unga tutash hududni lozim darajadagi holatda saqlaydi;
maʼmuriy binolar, inshootlar hamda xonalarga doir amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq muhandislik tizimlari va asbob-uskunalarning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi;
elektr, issiqlik quvvati yetkazib berilishini taʼminlaydi;
suv taʼminoti, suv ajratish, sovutish, havoni almashtirish tizimlariga ekspluatatsiya-texnik xizmat koʻrsatilishi boʻyicha ishlarning bajarilishini taʼminlaydi;
binodagi xonalarni yigʻishtirish va toza-ozoda saqlash ishlarining bajarilishini taʼminlaydi;
qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari tomonidan markazlashtirilgan holda qoʻriqlash hamda yongʻin xavfsizligi uchun javobgar shaxslarning faoliyati ustidan nazorat qilish taʼminlanishiga, yongʻin signalizatsiyasi tizimiga texnik xizmat koʻrsatish va uni joriy taʼmirlash ishlari bajarilishiga koʻmaklashadi;
videokuzatuv tizimiga texnik xizmat koʻrsatish va uni joriy remont qilish ishlari bajarilishini taʼminlaydi;
liftlarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni rejali taʼmirlash ishlarining bajarilishini taʼminlaydi;
zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilinishini tashkil etadi;
buxgalterlik hisobi va hisobotini tashkil etadi hamda uni yuritadi, belgilangan tartibda hisobotlar va balanslarni tuzadi hamda Qonunchilik palatasi Devoniga taqdim etadi.
Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga, Qonunchilik palatasi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining hamda Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining farmoyishlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Boshqarmaning huquq va majburiyatlari
11. Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Boshqarma tasarrufiga kiritilgan masalalarni hal qilish uchun, zarurat boʻlganda, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar va oʻzga organlarni jalb etish;
Boshqarmaning faoliyati masalalari yuzasidan boshqa organlar va tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish;
Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish, uni qayta tashkil etish, shuningdek yangi tarkibiy boʻlinmalar tuzish yuzasidan Qonunchilik palatasi Devoni rahbariga takliflar kiritish;
Boshqarma tomonidan bajariladigan (koʻrsatiladigan) ishlar (xizmatlar) roʻyxatini kelishib olish;
Oliy Majlis binosining qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va uni kapital taʼmirlash boʻyicha takliflar kiritish, obyekt boʻyicha buyurtmachi funksiyasini bajarish.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Boshqarma:
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni samarali, sifatli va oʻz vaqtida bajarish;
moddiy va moliyaviy resurslardan, asosiy hamda aylanma mablagʻlardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish uchun javobgardir.
4-bob. Boshqarma tuzilmasi va uning faoliyatini tashkil etish
13. Boshqarmaning asosiy tarkibiy boʻlinmalari muayyan vazifalarni hal qilish uchun tuziladigan boʻlimlardan iborat.
14. Boshqarmaga rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri bilan kelishuvga binoan Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq amalga oshiradi.
15. Boshqarma bosh muhandisi va bosh buxgalteri Boshqarma boshligʻining taqdimnomasiga binoan Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
16. Boshqarma xodimlari Boshqarma boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
17. Boshliq boʻlmagan davrda uning vakolatlarini ijro etish Boshqarma bosh muhandisi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Boshqarmaning ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni toʻgʻrisidagi nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining, Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining farmoyishlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek Boshqarmaning ish rejalari, boʻlimlarning ish rejalari va mutaxassislarning individual ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boshqarmaning ish rejasi va Boshqarma boshligʻining individual ish rejasi Qonunchilik palatasi Devonining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
19. Boshqarma boshligʻi:
Boshqarmaga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, boʻlimlar ishini tashkil etadi hamda Boshqarma zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining, uning oʻrinbosarlarining huzuridagi kengashlarda, Qonunchilik palatasi Devoni rahbari huzurida Boshqarma tasarrufiga kiritilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan kengashlarda ishtirok etadi;
Boshqarma xodimlari oʻrtasidagi majburiyatlar taqsimoti tartibini Qonunchilik palatasi Devoni rahbarining tasdigʻiga kiritadi;
chiqib ketuvchi xatlarni imzolaydi;
Boshqarma ishini takomillashtirish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi;
Qonunchilik palatasi Devoni rahbariga Boshqarma xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida, ularning malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va ularga jazo tayinlash haqida takliflar taqdim etadi.
20. Boshqarma xodimlarining huquq va majburiyatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, mansab yoʻriqnomalariga, Boshqarmada amal qiluvchi nizomlar va yoʻriqnomalarga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, jamoaviy va mehnat shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
5-bob. Boshqarmaning mol-mulki
21. Boshqarmaning mol-mulki asosiy va aylanma mablagʻlardan, shuningdek oʻz mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa moddiy qimmatliklardan iboratdir.
22. Boshqarma faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
23. Boshqarmani tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.